Qadim zamonda bir kambag‘al er-xotin bor ekan, ularning yolg‘iz o‘g‘illari bor ekan.
Kunlardan kun o‘tib bola katta bo‘lgach, uni maktabga o‘qishga berishibdi. Bola o‘qib yurganida otasi o‘lib qolibdi. Bola onasining tarbiyasida yura beribdi. Ona o‘g‘lining domlasiga turli-tuman mazali taomlar pishirib yuborib turibdi. Bundan xursand bo‘lgan domla ko‘nglida shumlikni o‘ylab, "Bu bolaning onasi yaxshi pazanda ekan, o‘zi ham nihoyatda suluv bo‘lsa kerak", deb o‘ylab bolani yoniga chaqirtirib:
— Bolam, men uchun oyingni so‘rab qo‘y, — deb tayinlabdi.
Asta-sekin domla bu gapni har kuni takrorlaydigan bo‘lib qolibdi.
O‘zining oilasi bo‘lishiga qaramay, bolaning onasiga g‘oyibona oshiq bo‘lib qolibdi. U bolaga:
— Men uylaringga mehmon bo‘lib boraman, oyingdan so‘ra-chi, nima deydi, — debdi.
Bola domlasining gapini onasiga aytibdi. Onasi ham rozi bo‘libdi. Bu gapni eshitgan domla oyog‘ining cho‘loq bo‘lishiga qaramasdan, tezda bolaning uyiga yetib kelibdi.
Bolaning onasi domlani izzat-hurmat qilib, choy quyib o‘tiribdi. Uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, domla xotinning qo‘lidan ushlab o‘ziga tomon tortibdi. Xotinning qo‘lidagi issiq choy to‘kilib, domlaning qo‘li kuyibdi.
Shunda bolaning tog‘alari kelib qolishibdi. Domlaning qilmishini eshitib, uni urib-urib yog‘ chiqaradigan juvozga bog‘lashibdi, undan olib un tortadigan kashkashga bog‘lashibdi. Domla qochib zo‘rg‘a qutulibdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, xotin o‘g‘liga:
— Bolam, domlangni mehmondorchilikka olib kel,— deb tayinlabdi.
Bu gapni eshitgan domla:
— Ket, yo‘qol, oyingning yog‘i bilan uni tamom bo‘lgan bo‘lsa kerak, onang ham qursin, o‘zing ham quri, bor, ko‘zimga ko‘rinma, — deb domla bolani haydab yuborgan ekan.

Powered by OrdaSoft!