Men o‘zim andijonlikman. Yoshim o‘n yettiga yetganda otam: «Yoshing yetib, beling qotdi, o‘g‘lim, ovqatingni o‘zing o‘tkazishga qodirsan», deb meni shu shahardagi bir boyga xizmatga berdi. Taqdirga tan berib boyning eshigida ertadan-kechgacha tinmay xizmat qila boshladim. Bir kun kechasi uyg‘onib qarasam, men yotgan boloxona tutunga to‘lib ketibdi. «Yopiray, nima bo‘ldi», deb tanchaga qarasam, atlas ko‘rpaning bir uchi tanchaga tushib sasib yotibdi. Tura solib yonib yotgan ko‘rpadagi olovni o‘chirdim. «Obbo, endi boyga nima javob beraman», deb o‘ylab qoldim. Ertalab turib boyga bo‘lgan voqeani aytgan edim, boy: «Hech nima qilmaydi, uch oylik xizmat haqingdan kechasan», deb qo‘ydi. Men ham tupurgimni qult etib yutib qo‘ydim.
O’rtadan bir qancha oylar o‘tdi. Bir kun saharlab meni uyg‘otdi. «Nima kerak boy aka!» deb cho‘chib uyg‘onib o‘rnimdan turgan edim, boy:
— O’g‘lim, bu kun men tulki oviga chiqmoqchiman. Sen ham men bilan borasan, — dedi. «Xo‘p bo‘ladi», dedim. Choydan keyin otlarga mindik. Men ham qo‘limga bir burgut oldim. Ikki tozi itni oldimizga solib, dala tomonga qarab, otlarni yeldirib ketdik. Tush vaqtida bir dashtga borib yetgan edik, boy akamning iti bir tulkini quvlab ketdi. Boy ham itning ketidan quvlab ketdi. Dashtda yakka o‘zim qoldim. Bir soatlardan keyin mening itim ham bir tulkining ketidan quvib ketdi. Men ham otga bir kamchi urib, itimning ketidan ketdim. Bir qancha vaqtdan keyin itim tulkini yo‘qotib, qaytib keldi. Otni to‘xtatib, qo‘limga qarasam, qo‘limdagi burgut o‘lib yotibdi. Nima balo bo‘ldi, deb o‘ylab qarasam, burgutni qamchi deb, ikki oyog‘idan ushlab otga ura beribman, ov kishini mast qilib qo‘yadi-da! Shu mahalda xo‘jayinim ko‘rinib qoldi. Bo‘lgan voqeani aytgan edim: «Hech nima qilmaydi, keyin hisoblashamiz», deb qo‘ydi.
Yarim soatchadan keyin mening itim bir tulkini quvib ketdi. Otim nihoyat darajada tez chopib kelayotganda, bir ariqqa qoqilib yiqilib qoldi. «Xayt-xayt» qilib chiqargunimcha ot o‘lib qoldi. Otdan egar-to‘qimini olib, egarni itga urdim. O’zim charchaganim uchun egarlarni ko‘tara olmas edim. Bir mahalda itim bir quyonni ko‘rib quvlab ketdi. O’n besh qadam bosmasdan itning bo‘yniga uzangi o‘ralib qoldi. Men borgunimcha it o‘lib qoldi.
Xafa bo‘lib, sovuq terga tushib ketdim. O’zimni mahkam tutib, egar bilan to‘qimni o‘z orqamga ortib, bir tayoqni hassa qilib, «xayt, deb» yo‘lga tushdim. Oz yurib, ko‘p yurib bir sadaiing soyasiga borib yetdim. Charchaganligimdan bir oz ko‘zim ilingan ekan. Bir odam meni turtadi. Cho‘chib uyg‘onib qarasam, qarshimda boy turibdi.
— Ishing qalay, ot qani, nima uchun egarlarni olib yuribsan, nima bo‘ldi, padaringga la’nat? — deb baqira boshladi. Bo‘lgan voqealarni aytib berdim. Boyning rangi o‘chib, qoni qochib, keyin qizardi: «O’zing umr bo‘yi ishlasang ham qilgan ziyoningni to‘lay olmaysan», deb ming‘illab qo‘ydi. Bir umr bo‘yi boyga bog‘lanib qolishdan qo‘rqib, qochmoqchi bo‘ldim. Boy dam olishga yotdi, bir oz ko‘zi ilingan edi, men tiraqaylab qochdim. Ikki yuz qadamcha chopib borganimdan keyin boy uyg‘onib, orqamdan quvlay boshladi. Men qochdim, u quvladi, men qochdim, u quvladi. Kechga yaqinlashib qolganda meni ushlay olmasligiga ko‘zi yetib, orqasiga qaytdi. Men to‘xtamasdan keta berdim, keta berdim. Dasht demasdan, cho‘l demasdan keta berdim. Yurib-yurib, bir qishloqqa borib yetdim. Bir eshikni sekin taqillata boshladim. Ichkaridan:
— Eshikni kim taqillatyapti? —  degan bir xotinning tovushi eshitildi.
— Yanga, eshikni oching, — dedim.
Xotin eshikni ochdi.
— Mening hech kimim yo‘q, yanga, kechasi yotib qolishga joy bering, — deb yalindim. Xotin uyiga olib kirdi. Ovqatlandim. Keyin yotishga joy solib berdi. Ertalab turib ketmoqchi bo‘ldim.
— Shu uyda qola qol, bizning hunarga yordam ber, — deb kampir bilan qizi yalinib meni olib qolishdi. Men ham shu uyning o‘g‘li bo‘lib qolmoqchi bo‘ldim. Keyin ularning hunarini surishtirib qarasam, hunarlari kafanchilik ekan. Kechasi mozorga borib yangi ko‘milgan go‘rlarni ochib, kafanlarini olib sotishar ekan.
Ertagi kuni kechasi kampir meni uyg‘otdi. Qo‘limga fonus berib:
— Yur men bilan birga, — dedi.
Mozorga borib yetgandan so‘ng, kampir menga yangi bir go‘rni qazishni buyurdi. Men «qazimayman», deb tixirlik qilsam ham bo‘lmadi, bir balodan qutulib, ikkinchi baloga yo‘liqqanligimni angladim, kampir go‘rga tushganda, men qochdim. U orqamdan quvladi, men qochdim. Mozorma-mozor, tomma-tom qochmoqqa boshladim. Chopib ketayotganimda tap etib o‘raga tushib ketdim. O’raning ichi keng va qorong‘i ekan. Juda qo‘rqib ketdim. Bir qo‘rqinchli tovush shivirlab: «Sen kimsan?» deb so‘radi. Men ham titragan holim-da: «Sen kimsan?» deb so‘radim U javob bermadi. Bir soatcha o‘raning bir chetiga bekinib o‘tirdim. Keyin qorong‘iga ko‘zim o‘rganib, bir odamni ko‘rdim: o‘zimning kim ekanligimni, qanday qilib bu yerga tushib qolganligimni noma’lum kishiga hikoya qildim. U ham gapira boshladi:
— Bu yer o‘ra emas, tegirmon. Men ham tuynukdan tushib ketdim. Bu yerdan chiqib ketish qkyin emas, mana bu qopdagi unlarni taxlab zinapoya qilamiz, keyin chiqa-miz, — dedi.
Qoplardan tuynukka zinapoya qildik. Zinapoya bitgandan so‘ng: «Men oldin chiqaman», deb u aytdi, «mei oldin chiqaman», deb men aytdim. Yarim soatcha janjallashgandan so‘ng, uning oldin chiqishiga rozi bo‘ldim U zinapoyadan chiqib ketishi bilan, zinapoya buzilib ketdi, tegirmonda yolg‘iz o‘zim qoldim. Tegirmonning bir chetiga biqinib o‘tirdim, shu mahalda tegirmonning eshigi «g‘iyt» etib ochildi. Eshikdan ikki ayiq kirib keldi. Men juda qo‘rqib ketib devorda turgan childirmani olib «dapir-dupur» qilib chala boshladim. Ayiqlar qo‘rqib, u yoqdan bu yoqqa yugura boshladilar. Men azongacha childirma chalib, ayiqlarni o‘ynatib chiqdim. Bir mahalda eshik yana «g‘iyt» etib ochilishi bilan ayiqlar eshikdan chiqib, qochib ketishdi. Men «uh» deb bir nafas oldim. Eshikni ochgan kishi bir boy ekan. O’n arava bug‘doy olib kelib, tegirmonda tortmoqchi ekan.
Men boyni bir qiziq holga solay, deb yugurib borib boyning yoqasidan ushladim-da, baqira boshladim:
— Men ayiqlarni o‘rgatayotgan edim, nima uchun mening ayiqlarimni qochirib yubording. Menga qancha ziyon qilding. Men xonga arz qilaman, — dedim. Boy qo‘rqib ketdi:
— Bir arava bug‘doy beraman, — dedi. Ko‘nmadim. Ikki arava bug‘doy bermoqchi bo‘ldi, ko‘nmadim. O’n arava bug‘doy bermoqchi bo‘ldi, xo‘p dedim. Yer oldim, uylandim, bug‘doylarni yerga sepdim, yaxshi dehqon bo‘ldim.

http://www.ziyouz.com

Powered by OrdaSoft!