BISMILLOHIR-RAHMONIR-RAHIM

 

Hamd angakim, kalomi xayrmaol
Qildi elga rasulidin irsol.
Ul rasuleki, ham kalomi fasih
Elga tegurdi, ham hadisi sahih,
To ulus jahldin xalos bo`lub,
Ilm xilvatgahiga xos bo`lub,
Chun tamuqdin najot topqaylar,
Ujmoh ichra hayot topqaylar.
Jalla zikruh zihe ilohi rafi`,
Azza kadruh zihe rasuli shafi`.

 

SABABI TA`LIFI MANZUMA

 

Ul safo ahli pok farjomi,
Pokfarjomu pokfar Jomiy.
Ul yaqin sori dastgir manga,
Qiblavu ustodu pir manga
Ki tutubdur jahonni tasnifi,
Nazm devoni, nasr ta`lifi.
Chunki hijratdin el arosida so`z
Seksan olti edi-yu sekkiz yuz,
Kim yana tuhfae ayon qildi,
Tuhfa yo`q, turfae bayon qildi.
O`qug`onda buxoriu muslim
Qirq so`z borcha shubhadin solim.
Nasr ila nazmni murakkab etib,
Forsiy lafz ila murattab etib,
«Arba`in»e chiqardikim, jonlar
Balki qirq arba`in chiqorg`onlar.
Toptilar anda nash`ai maqsud,
«Arba`in»din nechukki, ahli shuhud,
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy erdi bu naf`din atrok.
Istadimki, bu xalq ham bori
Bo`lmag`aylar bu naf`din oriy.
Men demakni chu muddao aylab,
Ul ijozat berib duo aylab.
Muddao chun bori savob erdi,
Har duo qilsa, mustajob erdi.
Bir-iki kunki ehtimom ettim,
Ko`z tutardin burun tamom ettim.
Bor umidimki, shohi shar`oyin
Kim, nabiy shar`ig`a berur tazyin,
Ulki avroq aroki solg`ay ko`z,
Aylagay ko`ngliga asar bori so`z.
Nasridin dag`i bahravar bo`lg`ay,
Nazmdin dag`i boxabar bo`lg`ay.
Bu kun o`lsa hadislarga muti`,
Tongla bo`lg`ay muhaddis anga shafi`.


1. Lo yu`minu ahadukum hatta yahibbu la ahihi ma yuhibbu li nafsihi.1

Mo``min ermastur, ulki iymondin
Ro`zgorida yuz safo ko`rgay,
Toki qardoshig`a ravo ko`rmas –
Har nekim o`ziga ravo ko`rgay.


2. Man a`ta lillahi va mana`a lillahi va ahabba lillahi va abg`aza lillahi faqad-is`takmala iymanahu.

Kimgakim hubbu bug`zu man`u ato
Haq uchun bo`ldi jazm bil oni,
Kim erur Tengri lutfidin komil
Ahli iymon qoshida iymoni.


3. Al-muslimu man salim al-muslimuna min yadihi va lisonihi.

Kim musulmonlig` aylasa da`vo
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.


4. Xislat a`ni lo yajtami`ani fi mo``minin al-buxlu va su` ul-xulqi.

Mo``min ersang qilib durringni nisor,
El bila ravshan o`l nechukkim sham`.
Negakim, Tengri hech mo``minda,
Buxlu badxo`yluqni qilmadi jam`.


5. Yashibu ibnu adama va tashubbu fihi xislatoni al-hirsu va tul ul-amali.

Odamig`a agarchi voqe` erur
Qarig`an sori barcha ishda xalal.
Ikki fe`li vale yigitrak o`lur:
Biri hirsu birisi tuli amal.


6. Man lam yashkurinnasa lam yashkurillaha.

Ulki xoliqg`a shukr der, avval
Shokir o`lmoq kerak xaloyiqdin.
Kimki, maxluq shukrini demagay,
Demagay dag`i shukr xoliqdin.


7. Man lam yarhaminasa la yarhamhullohu.

Tengridin rahm agar tama` qilsang,
Avval o`lmoq keraksen elga rahim.
Xar kishikim ulusqa rahm etmas,
Anga rahm aylamas rahimi karim.


8. Ad-dunyo mal`unatun va mal`unun ma fiyha illa zikrallohi taolo.

Dunyovu har ne andadur mavjud
Bo`ldi haq la`nati giriftori.
G`ayri haq zikrikim, erur zokir
Tengrining rahmati sazovori.


9. Lu`ina abd ud-dinari va lu`ina abd ul-dirhami.

Rahmat ozodag`aki ul olmos,
Dahr dinoru dirhamin g`amg`a.
Lek la`nat angaki qul bo`lg`ay:
Xoh dinoru xoh dirhamg`a.


10. Dum ala-t-tahorati yuvsa`u alayka-r-rizqu

Gar hamisha tahorating bo`lsa,
Orig`ay foqa chirki ul suvdin.
Tohir o`l istasang fuzun ro`ziy,
Xosir ulkim yiturdi bul suvdin.


11. La yuldag` ul-mo``minu min juhrin vohidil marratayni.

Eyki, bir nesh yetti muzyidin
Ko`nglunga necha uzaysa, yotla.
Chunki mo``minni tishlamas hargiz,
Bir to`shukdin yilon iki qatla.


12. Al-va`datu daynun.

Kimki har kimga va`dae qildi,
Shart erur va`dag`a vafo qilmoq.
Va`dakim qilding uyladurkim dayn,
Farzdur qarzni ado qilmoq.


13. Al-majolisu bil-amonati.

Qaysi majlisdakim eshitsang so`z,
Bilgil ul so`z sanga amonatdur.
Gar ani o`zga yerda naql etsang,
Ul amonatg`a bu xiyonatdur.


14. Al-mustashoru mu`taminun.

Har kishikim birovni mahram etib,
Mashvaratda amini roz etti,
Gar yashurdi bilib saloh so`zin,
O`zini qalbu hiylasoz etti.


15. As-samohu rabahun.

Mol bazl ila sud agar tilasang,
Oqibat chun o`lum erur mavjud.
Asrag`on qolur, ulki bazl etting
Sanga hamroh borurdin etting sud.


16. Ad-daynu shayn ud-dini.

Ahli din ul dururki qilg`ay ado,
Bot agar zimmasinda dayn o`lg`ay.
Dayn adosi chu din alomatidur,
Beadoliq ding`a shayn o`lg`ay.


17. Al-qano`atu molun la yafna.

Hirsdin kechgil ul g`amedurkim,
Haddu g`oyat emas anga paydo.
Tut qanoatki, ul erur mole
Ki, nihoyat emas anga paydo.


18. Navm us-subayhati yamna` ur-rizqa.

Subh uyqusin ulki aylar tark
Rizqu ro`zin o`ziga to`sh ko`rgay.
Ulki g`aflatdin etti navmi sabuh,
Bu sharafni magarki tush ko`rgay.


19. Ofat us-samohati al-mannu.

Har kishiga rioyate qilsang,
Minnat o`tkarmagil gumoningg`a.
Negakim ul kishiga ofat erur,
Yukla minnat va lek joningg`a.


20. As-sa`idu man vu`iza big`ayrihi.

Elga ne kelsa aylamas pand,
Ulki ko`nglini qildi g`aflat band.
Kimki pand oldi elga tushgandin,
Oni bilkim, erur saodatmand.


21. Kafa bilmar`i isman an yuhaddisa bikulli ma yasma`u.

Bu yozuq bas kishigakim, eldin
Har na so`zkim eshitti fosh etti.
Tog` eshitganni der, gunohidin
Go`iyo Tengri oni tosh etti.


22. Kafa bilmavti va`izan.

Voizing bas ato-ano o`lumi,
Kim alarcha erur sanga nosih.
Voize ul kim ayturu qilmas,
Erur ul voizing munga rojih.


23. Xayr un-nasi man yanfa`uli-n-nasi.

Xalq aro yaxshiroq, deding, kimdur?
Eshitib, ayla shubha raf` andin,
Yaxshiroq bil ani ulus arokim,
Etsa ko`prak ulusqa naf` andin.


24. Innalloha yuhib us-sahl at-talqa.

Haq seni sevgay el bila bo`lsang,
Tilu ko`nglungni qilib yakro`y,
Nukta sursang shukuftau xandon,
Zist qilsang kushodau xushro`y.


25. Tahadu tahabbu.

Do`stlashinglar hadiyalar berishib,
Bahra topqon xirad atiyasidin.
Xud jahonda atiyae bormu,
Yaxshiroq do`stliq hadiyasidin.


26. Utlub ul-xayri inda hisonil-vujuhi.

Eyki, bir ishda hojating bo`lsa,
Yaxshi yuzluqdin ista baxshoyish.
Toki baxshoyishidin avvalroq
Ko`rmagidin yetushgay osoyish.


27. Zur g`abban tazdad hubban.

Bir-birin do`stlar agar gah-gah,
Ko`rsalar, do`stluq o`lur g`olib.
Shavqdin ixtilot o`lur matlub,
Vasl uchun orzu o`lur tolib.


28. Tuba liman shag`alahu aybuhu an uyub-un-nasi.

Ey xusho ulki, ayb ko`rmamak ila
Yuz hunarvar marotibin topqay.
Ya`ni o`z aybi pardasi ko`ziga
O`zga el aybi chehrasin yopqay.


29. Al-g`inal-ya`su mimma fi aydin-nasi.

Boylig` istar esang el ilgidin
Har na ko`rsang boridin o`l navmid,
Bul g`ino, baski, xalqdin kechibon
Tutsang ummid haqdin-o`q jovid.


30. Min husnil islom il-mar`i tarkuhu ma la yuiybuhi.

Kimki islom ko`zgusida tilar
Har zamon o`zga bir safo mavjud,
Kechsun ul nav` borcha ishdinkim,
Tengri rozi emas, ulus-xushnud.


31. Laysa ash-shadidu bisir`ati innama ash-shadid ul-laziyna yamliku nafsahu ind al g`azabi.

Emas ul pahlavonki o`z qadrin
Bosh uza eltibon nigun qilg`ay.
Pahlavon oni bilki yetsa g`azab
Nafsi ammorani zabun qilg`ay.


32. Lays al-g`aniyu an kasrat il arzi innamal-g`a-niyu nafsi.

Boy emas ulki, mol kasratidin
Ko`rmagay foqau talab ranjin.
Oni bilkim, xudoy bermish anga
Nafsi ammora tarkini ganjin.


33. Al-hazmu su` uz-zanni.

Hazm bois durur angaki, mudom
Ishi el sori badgumon o`lg`ay.
Doimo ehtiyot etar angakim,
Kaydlardin hama amon o`lg`an.


34. Al-ilmu la yahillu man`hu.

Ey xiradmand olimeki, sanga
Ilmdin ro`ziy ayladi sone`.
Kishi o`rgansa qilmag`il mahrum,
Yoki naf` olsa bo`lmag`il mone`.


35. Al-kalimat ut-tayyibatu sadaqatun.

Yaxshi so`z birla hojat ahlin so`r,
Bermasang yaxshi to``madin nafaqa.
Ne uchunkim rasul qavli bilan-
Yaxshi so`z bordur uylakim sadaqa.


36. Kasrat uz-zihki yumiyt ul-qalba.

Asru ko`p kulmakim, o`lar ermish,
Zinda dil ko`ngli kulgu kasratidin.
Muni har kimki bildi ko`ngli bila,
Kulmagay o`lsa ko`ngli hasratidin.


37. Al-jannatu tahta aqdomi ummahati.

Onalarning oyog`i ostidadur
Ravzai jannatu jinon bog`i.
Ravza bog`i visolin istar esang,
Bo`l onaning oyog`i tufrog`i.


38. Al-balou muakkalun bin-nutqi.

Dedi ko`p so`zlagan xato ko`p etar,
Ulki derlar ani valiyulloh.
Har balokim yetar-erur so`zdin,
Buyla hukm ayladi nabiyulloh.


39. An-nazaru ilal mar`atil-ajnabiyati sahmun min sihami iblisa.

Solma ko`z kimsa bo`lsa nomahram,
Garchi nafsing topar nazorada sud,
Ki nazarkim harom-shaytonning
Novakidur va lek zahrolud.


40. Lo yashba` ul-mo``minu duna jorihi.

Kimki mo``min durur qachon chidag`ay,
Kim o`zi to`qu qo`shni bo`lg`ay och.
Anga dog`i kerak yetursa nasib,
Xonida gar qulochu xohi umoch.

 

*    *
Eyki, shaxsingni xoliqi fattoh
Dedi: «Xammartu arba`ina saboh»,

Erur ul arba`ining avvali hol,
Ayla bu «Arba`in» bila a`mol,

Ki bu nav` ikki «Arba`in» mavjud
Bo`lsa, shoyadki topqasen maqsud.

Etsa maqsud muddao birla
Meni yod etgasen duo birla

Ki, Navoiyg`a ul duo yetgay,
Bulbuli ruhig`a navo yetgay.


Val-hamdu lillahi ala tavfiqi haazl-arba`ink vas-salotu vas-salom at-tayyibin at-tohirina va sal-lama tasliman kasiyran.

Powered by OrdaSoft!