TUYUQLAR
 
1

Yo rab, ul shahdu shakar, yo labdurur,
Yo magar shahdu shakar yolabdurur.
Jonima payvasta novak otqali
G`amza o`qin qoshig`a yolabdurur.

2

Javr o`qin jonimg`a soqiy yozmadi,
Vasl jomidin xumorim yozmadi.
Kilki qudrat sabz xatlar ishqidin
O`zga ish ollimg`a go`yo yozmadi.

3

Yo qoshingdin necha bir o`q ko`z tutay,
Otki, o`trusig`a aning ko`z tutay.
Necha ko`rgach o`zga mahvashlar qoshin,
Yangi oy ko`rgan kishidek ko`z tutay.

4

La`lidin jonimg`a o`tlar yoqilur,
Qoshi qaddimni jafodin «yo» qilur.
Men vafosi va`dasidin shodmen,
Ul vafo, bilmonki, qilmas yo qilur.

5

Bovujud ul yuz erur gulgunasiz
Kim, ko`runur ollida gulgunasiz.
Yuz qizilliq yo`qturur, ey ahli zuhd,
Toki munkirsiz mayi gulguna siz.

6

Charx tortib xanjari hijron bu tun,
Qo`ymadi bir zarra bag`rimni butun.
Tunga borib bizni behol aylading,
Ne balolig` yer emish, yo rab, bu tun.

7

O`tkali ul sarvi gulruxsoridin,
Yo`q xabar ul sarvi gul ruxsoridin.
Hajridin bog` ichra berur yodima
Qomatidin sarvu gul ruxsoridin.

8

Tig`i ishqing yorasidur butmagan,
Dardini har kimga aytib butmagan.
Hajr sahrosidur ohim o`tidin,
Anda gul yoxud giyohe butmagan.

9

Vah, qachong`a tegru ishqing kojidin
Ko`zuma har lahza o`t choqilg`usi.
Basdurur ko`nglumda ishqing, yoqma o`t
Kim, harorat ul ham o`tcha qilg`usi.

10

Ul pariy ishqida bu devonani
Eyki istarsen, kelib gulxanda ko`r.
Bir qadah ul gulni xandon ayladi,
Ey ko`ngul, nazzora qil, gulxanda ko`r.

11

Yog`di javrung o`qi hajring toshidek,
Qildi qon ko`nglum ichin ham toshidek.
Sochqali mohim ayog`ig`a sipehr,
Ko`z yoshimning la`lu durrin toshidek.

12

Naqsh tushmish ko`zda ul yoshim mening,
Uylakim, bormas buyon yoshim mening.
Komim o`lmoqdur habibimdin yiroq,
Gar xud o`lsun Xizrcha yoshim mening.

13

Necha dedim ul sanamg`a bormag`in,
Qilmadi ul tark oxir bormag`in.
Munchakim xudroyliq ko`rguzdi ul,
Aql hayrat qildi, tishlab bormag`in.
Powered by OrdaSoft!