MUSADDASLAR
 
 
1

Jonim o`rtarga ul o`tluq chehra gulzori Halil,
Ani ravshan aylagan ko`kurd o`ti yonida nil,
Yo rab, ul husnu jamol avjida yuz ming oyu yil
Ne jamolingg`a zavol o`lsun, ne husningga badil
Ey jamoling loyazolu bebadal husnung jamil,
Oy yuzungdur ahsani taqvim uchun ravshan dalil.

Turfadurkim, yuz uza ikki labing go`yo bo`lur,
Bir quyosh ikki Masihog`a qachon ma`vo bo`lur,
Ko`nglum ichra qoshlaringdin hayratim paydo bo`lur.
Kim, qachon bu nav` bir qurbonda ikki yo bo`lur,
Zulfungiz hayronimenkim, yilda bir yaldo bo`lur,
Oyda kim ko`rdi iki yaldo tuni mundoq tavil?

Ul og`iz paydo emastur nuktae aytilmayin,
Bil dog`i zohir emas borikbinliq qilmayin.
Ul ayon ermas adam sari nazar ochilmayin,
Bu yaqin bo`lmas, vujud asbobidin ayrilmayin,
Og`zingu belingning asrorin kamohi bilmayin,
Mushkofu xurdabinlar ichra tushti qolu qil.

Ko`zlaring bodomi hajridin bo`lub jismim saqim,
Chiqti jonim, ey qora ko`z, baski hajring berdi bim,
Bu vasiyyat qilmishamkim, mushfiqu yoru nadim
Na`shima ul ko`y tufrog`ini qilg`aylar harim,
Chun qora bodom tobut uzra rasmidur qadim,
Ko`z janozam sari solkim, sensizin bo`ldum qatil.

Borakalloh, ey sabo, ahlan va sahlan marhabo
Kim, xabar ko`p berding ul gulchehradin qilmay ibo,
Vaslig`a chun yettimu ochti jamol ul dilrabo,
Uzlukum bordi fano yeliga andoqkim habo,
Ishq mahv etti meni, sen chiq arodin, ey sabo,
Lima Ollohning maqomida ne hojat Jabrail.

Nechakim sursun Masih anfosi jonparvar kalom,
Yoki jannat vasfida Idris qilsun ehtimom,
Charx bog`i birla jannat gulshanin qilman maqom
Kim, manga holo banaqd, ey zodi sarvi xushxirom,
Sunbulungdur uqtai ra`su yuzung mohi tamom,
Orazing firdavsu, qad to`biyu la`ling salsabil.

Ul pariyning chun erur qon to`kkali mohir ko`zi,
Ul sababdin har nafas yuz qatl etar zohir ko`zi,
Ey Navoiy, sehr birla chun bo`lur nozir ko`zi,
Har nazarda o`lturur men xastani sohir ko`zi,
Jon berur Lutfiyu qilmas bir nazar kofir ko`zi,
Tole`img`a, ohkim, usruk ekach bo`ldi baxil.

2

Ishq zor etti xaloyiq ibtilosidin meni,
Har zamon bir ta`nagir muhlik adosidin meni,
Hajr xud kuydurdi dardi bedavosidin meni,
Ham o`lum qilg`ay xalos aning jafosidin meni,
Ey ajal, ozod qil hijron balosidin meni,
Bir yo`li qutqar ulusning mojarosidin meni.

Ishq bog`i holatin so`r oshiqi ogohdin
Kim, qazosinda tafovut yo`q gadog`a shohdin,
Ham suyi paykon yuraklar ichra qozg`on chohdin,
Ham havosi o`tluq ohi nolai jonkohdin,
Za`fim oshti hajr bog`ida sirishku ohdin,
Qutqar, ey vasl, ul chaman obu havosidin meni.

Necha hijron o`tig`a onsiz meni kuydurgasen,
Jonima har lahza furqat shu`lasin yetkurgasen,
Notavon ko`nglumga har dam yuz balo kelturgasen,
Zor jismimni ajal vodiysi sari surgasen,
Ey ajal, qo`rqutma o`lturgum debon, o`lturgasen,
Gar tirik topsang firoqining jafosidin meni.

Kofiri ishq o`lmisham, ishqingg`a imonim fido,
Bo`lsa yuz imon sanga, ey nomusulmonim, fido,
Ishq aro rashk ayladi bu jismi vayronim fido,
Hajr xud qildi nekim bedodu pinhonim fido,
Ishqu rashku hajri muhlik, vah, anga jonim fido
Kim, chiqarg`ay bu balolarning arosidin meni.

Muddaiy kim har zamon aylar jafo bunyodu zulm,
Sabru hushumni berur andoq jafo barbodu zulm,
Jon bila ko`nglumni aylar ul jafo noshodu zulm,
Garchi tab`ig`a aning bo`lmish jafo mu`todu zulm,
Har necha o`tkarsa haddin muddai bedodu zulm,
O`tkara olmas visoling muddaosidin meni.

Dardi hijron qasdi jonim ayladi bil, soqiyo,
Hajrdin jonimg`adur har lahza yuz yil, soqiyo,
Uyla dard ichra erur xud sabr mushkil, soqiyo,
Ushbu dardimg`a davo jome karam qil, soqiyo,
Derki, sabr etkil hakimi aql, qilg`il, soqiyo,
Bir qadah birla xalos aning davosidin meni.

Chun Navoiy jonini may orzusi kuydurur,
Yo`q gadoliqqa ajab mayxonalarda gar yurur,
Jur`ai dayr ahli berguncha zamone telmurur,
Shoh agar mundoq gadoni saltanatqa yetkurur,
Ey Husayniy, saltanatdin oncha faxrim yo`qturur
Kim, degaylar ko`yining xayli gadosidin meni.
Powered by OrdaSoft!