Biz mazkur qo’llanmada turkiy xalqlar adabiyotining ayrimlariga to’xtalib o’tdik. Usmonli turk adabiyoti, uyg’ur adabiyoti, Oltoy va Sibirda yashovchi turkiy xalqlar adabiyotiga ko’proq e’tibor berdik. Negaki, o’zbek adabiyotshunosligida bu xalqlar adabiyoti hali keng o’rganilgan emas, ularni biz uchun ochilmagan qo’riq desa bo’ladi.
     Qo’llanmada bu xalqlar adabiyoti tarixiy-xronologik tarzda o’rganildi. Dastlab xalq og’zaki ijodi asarlari haqida qisqacha ma’lumot, keyin esa yozma adabiyoti namunalari haqida ma’lumot berildi. Har bir davrda yashagan taniqli adiblar, ularning asarlari va adabiy oqimlar qisqacha tahlil qilindi.
     Sibirda yashovchi turkiy xalqlar adabiyoti haqida manbalar o’zbek tilida juda kam bo’lganligi sababli biz rus tilida yaratilgan manbalardan foydalanishga harakat qildik.
     Talabalar uchun mavzularni o’zlashtirish oson bo’lsin degan maqsadda har bir mavzu oxirida asosiy ilmiy va badiiy adabiyotlarning ro’yxati ham berildi. Mazkur kitoblar viloyat va universitet kutubxonalarida mavjud. Bulardan tashqari talabalarga turkiy xalqlar adabiyotini internet tizimi orqali ham o’rganish tavsiya etiladi. Chunki keyingi yillarda yozilgan asarlar haqida faqat internet orqali ma’lumot olishimiz mumkin. Bulardan tashqari Toshkentda chiqayotgan «Jahon adabiyoti» jurnalida ham turkiy xalqlar adabiyotining ba’zi namunalari tarjima qilinib bosilmoqda. Shuning uchun ushbu jurnal bilan aloqani yanada mustahkamlash ko’zda tutilmoqda. Kichik-kichik hajmdagi hikoya va she’riy asarlarni originalda o’qib, ularni o’zbek tiliga tarjima qilish ham talabalarga tavsiya etilayotir. Bu ham kelajakda yaxshi natijalar beradi degan umiddamiz. Ma’lumki, hozir jahon bo’ylab globallashuv, madaniy millatlarning birlashish jarayoni kechmoqda. Bu ayniqsa Yevropa qit’asida shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Slavyan tillar guruhiga mansub millatlarda ham shunday hol sezilayapti. Turkiy xalqlar adabiyoti o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirish ham biz uchun bu sohada yaxshi natijalar olib kelishi mumkin.
     Bizning ushbu ishimiz o’zbek adabiyotshunosligida turkiy xalqlar adabiyotini yaxlit holda o’rganish maqsadida qilingan dastlabki urinishlardan biridir. Hali bu fan bo’yicha yirik-yirik ilmiy ishlar amalga oshiriladi degan umiddamiz. Kavkaz va O’rta Osiyoda yashovchi turkiy xalqlar adabiyoti katta bir ummon hisoblanadi. Bu xalqlar adabiyoti haqida o’zbek adabiyotshunosligida uncha muncha ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, ko’plab badiiy asarlar o’zbek tiliga tarjima qilingan. Ayrim qardosh yozuvchilar haqida biografik ocherklar yaratilgan. Kelajakda bu xalqlar adabiyoti haqida ham talabalarga foydasi tegadigan ilmiy-metodik ishlar qilish niyatimiz bor.
     Xullas, turkiy xalqlar adabiyoti tarixiga oid ushbu qo’llanma talabalarga va shu soha bilan qiziquvchilarga mo’ljallangan ilk urinishlardan biridir.


http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!