Sibirda yashovchi turkiy xalqlardan biri bo’lgan Hakaslar boy adabiy merosga ega. Bu meros asosan og’zaki ijod shaklida yetib kelgan. Yozma adabiyot esa XX asarning 30-yillaridan shakllana boshladi. Hakas adabiyotining tarixini folklor asarlari tashkil etadi.Xalq o’z orzu-umidlarini og’zaki ijod asarlarida ifodalagan. Bu xalqning ko’pgina folklor asarlari katta hajmli she’riy asarlardan iborat bo’lib, muzika bilan ijro etilgan. Qahramonlik, ishq-muhabbat, sarguzasht mavzularidagi bu asarlar xalq jirovlari tomonidan quylangan. Har bir doston besh ming misradan to o’n besh ming misragacha bo’lgan. Ana shunday asarlardan qa’rib ikki yuztasini hakas baxshilari yoddan aytib bera olgan. Xalq qo’shiqlarining aksariyati ovchilik va chorvachilik mavzusida aytilgan. Chunki hakas xalqi tarixda asosan shu kasblar bilan shug’ullangan. Hakas baxshilarining aytishuvlarida turli mavzular olingan. Bular to’ylarda, bayramlarda va turli xalq marosimlarida ijro etilib, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan. Hakas xalq folklarining «Altin ariz», «Albinti», «Pora Ninji» kabi dostonlari juda mashhurdir.
     1930 yil Hakasiya avtonam oblasti tashkil etildi. Shundan keyin xakaslarning milliy tilida gazeta va jurnallar chiqa boshladi. Tipografiya, muzeylar, teatrlar tashkil etildi. Milliy maktablar ochildi va ularga ona tilida darsliklar yaratildi. Bu esa hakas yozma adabiyotining paydo bo’lishiga sabab bo’ldi. Natijada dastlabki yozma adabiyot asarlari paydo bo’la boshladi.
     Birinchi hakas yozuvchilaridan biri V.Kobyakov, «Hakasiya qo’shiqlari» she’riy to’plamini 1934 yilda nashr ettirdi. Keyinchalik uning «Aydo» nomli hikoyalar to’plami, «Partizanlik kunlari» nomli ocherklar turkumi e’lon qilindi. A.Toponovning «Ayollar yutug’i», I.Spirinning «Baxs» kabi dramalari Xakas adabiyoti tarixidagi birinchi dramatik asarlar edi. Bu asarlar zamonaviy mavzuda yozilgan bo’lib, yangilikka intilayotgan hakas yoshlarining murakkab hayoti aks ettirilgan edi. M.Kokovning «Anun» nomli pyesasida keksa shamanning o'ziga yarashmagan qiliqlari zaharxanda kulgi bilan fosh qilinadi.
 U ikki xotin ustiga yana yosh qizni olmoqchi bo’ladi. Qizning otasi ham shamandan ancha qarzdorligi uchun bunga majburan rozi bo’ladi. Lekin adolatli kuchlarning aralashuvi sababli bu ish ijobiy hal bo’ladi, ya’ni qiz o’z sevgan yigitiga turmushga chiqadi. Shaman esa xalq o’rtasida sharmanda bo’ladi. M.Kilchigakov «Ayiq uyasi», S.Chorkovning «Tasxil etaklarida» singari dramatik asarlarida ham eskilik va yangilik o’rtasidagi kurash aks ettirilgan.     Hakas adabiyotida prozaik asarlar ham 30-yillardan boshlab shakllandi. A.A.Topamovning cho’ponlar, batraklar va hakas ayollari haqida yozgan hikoyalari alohida to’plam holida nashr etildi. Keyinroq V.Kobyakovning «Aydo», M.Kokovning «Uchrashuv» nomli avtobiografik povestlari paydo bo’ldi.
     1960 yili nashr etilgan N.Domojakovning «Uzoqdagi ovulda» nomli asari birinchi hakas romanidir. Bu asarda hakas xalqining qoloq turmushi asta-sekinlik bilan tuzatilib borayotganligi tasvirlanadi. Roman voqyealari 20 –yillarda bo’lib o’tadi. Bu davrda hakasiyada grajdanlar urushining borishi, oq gvardiyachilar va qizillar o’rtasidagi janglarning oddiy xalqqa musibatlar keltirgani haqida yozilgan. Pichon degan boy bilan Sabis nomli kambag’al yigit o’rtasidagi qarama-qarshiliklar asarning asosiy syujet liniyasini tashkil etadi. Arina Petrovna nomli rus ayolining Hakas ovulida madaniyat tarqatuvchi rolida berilishi ham o’ziga xos tarzda tasvirlangan. Kitobda hakaslar o’ta johil, qaloq xalq, ularning turmushi ba’zan tosh davrini eslatadi degan fikrlar ham aytilgan. Albatta bunday fikrlar biroz e’tirozga loyiq, chunki hakas xalqining ham qadimgi, o’ziga xos madaniyati bo’lgan.
     Romandagi Alarchon obrazi orqali shamanlikka munosabat ko’rsatilgan. Asrlar davomida oddiy, savodsiz xalq shamanlarga e’tiqod qilib keldi. Yangi maktablar ochilishi va jamiyatdagi rivojlanishlar tufayli shamanlikka bo’lgan e’tiqodning yo’qola borishi kitobda ishonarli qilib tasvirlangan.         Ma’lumki, Hakasiyada keyingi yillarda katta-katta yer osti boyliklari kashf etildi. Sanoatning rivojlanishi, bu yerga turli millat vakillarining ko’chib kelishi hakas xalqining turmushida, ma’naviy hayotida katta o’zgarishlar yasadi. A.Shemetovning «Temir tog’» ocherklar turkumi ana shu masalaga bag’ishlangan. Bunda kechagi cho’pon va ovchi hakasning bugungi kunga kelib, zamonaviy sanoatning ilg’or xodimi bo’lib yetishgani aks ettirilgan.         Ma’lumki, hakaslar ko’p yillar jung’arlarning qo’l ostida ezilib keldi. XVIII asr boshlarida ular Rossiya imperiyasiga qo’shib olindi. Ana shu tarixiy voqyealarga bag’ishlangan N.Domojakovning «Oq-Tigey», M.Bainovning «Cho’llar haqida o’ylar» poemalari e’lon qilingan. M.Chebodayevning «Yaxshi tilaklar» nomli poemasida ham tarixiy mavzu qalamga olingan. Bu asarda birinchi ovchilar shirkati va kollektiv xo’jaliklarning tashkil etilishi haqida fikrlar bayon etiladi.
     I.Kostyakovning «Ipak belbog’» nomli romanida Ikkinchi jahon urushi davrida hakas xalqi vakillarining vatan ozodligi uchun ko’rsatgan qahramonliklari tasvirlangan.   
Keyingi yillar hakas adabiyotida realistik tasvirning takomillashib borayotganligi sezilmoqda. Adabiyotga yangi-yangi yosh talantlar kirib kelmoqda, ular hakas adabiyotini yana-da yuqori darajaga ko’taradi va umum turkiy adabiyotning rivojlanishiga katta hissa qo’shadi degan umiddamiz.
     Oltoy o’lkasida yashagan turkiy xalqlar juda murakkab tarixiy shariotda hayot kechirdi. Ko’p yillar bu xalq jungarlar va mug’ullarga qaram bo’lib keldi, keyinchalik Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi. Shu boisdan oltoy xalq og’zaki ijodidagi asarlarning ko’pchiligida ozodlik va erk uchun kurashgan qahramonlar obrazi beriladi. «Alpomish» dostonining Oltoy turkiy xalqlari og’zaki ijodidagi variantida ham asar qahramoni Alpomish qalmoq bosqinchilariga qarshi kurash olib boradi. Ularning «Erlikxon», «Talayxon», «Oltoyxon» singari folklor asarlari ham mavjud. Bu xalqning adabiyoti tarixi asosan folklor asarlaridan iborat. Faqat XX asrga kelib oltoy turklari yozuvga ega bo’ldi. Dastlab lotin, keyinchalik rus alfavitini qabul qildi. 1925 yildan boshlab oltoy turkiy xalqlarining ona tilida «Qizil Oyrot» nomli birinchi gazeta chiqa boshladi. Ana shu gazetada ko’pgina ijodkorlar ishlardi va o’zlarining dastlabki asarlarini ham shu gazetada e’lon qilar edi. Oltoy turkiy xalqi adabiyotining asoschilari sifatida P.V.Kuchiyakov va baxshi N.O’lagashovni ko’rsatishimiz mumkin.
     30-yillarning boshida tipografiya tashkil qilindi. Ana shu davrdan boshlab oltoy turklari yozuvchilarining asarlari chop etila boshladi. N.Chevalkovning «Qonga bo’yalgan xanjar» nomli dramatik asari oltoy yozma adabiyoti tarixida birinchi nashr etilgan badiiy asar hisoblanadi.
 Keyinchalik L.Sari-Sepaning «Temdash» hikoyalar to’plami, P.Chagat-Stroyevning «Qora-qurum» nomli poemalari nashr etildi. 30 – yillarda Oltoy adabiyotining yetakchi ijodkorlaridan biri Pavel Kuchiyakov edi. Uning «Oyrotiya mehmonlari» ocherki, «Temir tulpor» hikoyasi va «Kurash», «Sirtmoq», «Oqlarning kirdikorlari», «Tuzoqqa tushgan dushman» singari pyessalari e’lon qilindi. Shu davrda rus adabiyoti klassiklarining ko’plab asarlari Oltoy turklari tiliga tarjima qilindi. 1932 yili Oltoyda teatr ochilishi xalqning ma’naviy xayotida juda katta voqyea bo’ldi. Bu davrda oltoy adabiyotida birinchi roman «Odi yo’q» («Nomsiz») nashr etildi. Lekin bu asarning muallifi Pavel Kuchiyakov uni tugatolmasdan vafot etdi.
     Pavel Kuchiyakov 30-yillarda ko’pgina lirik asarlar ijod qildi. Ma’lumki, lirika bu xalq adabiyotida avval uchramas edi. Adibning ko’plab dramatik asarlarida ham tarixiy va zamonaviy mavzu qalamga olingan edi. Xullas, 30-yillar oltoy yozma adabiyoti shakllandi. Bu adabiyot vakillari o’z xalqining tarixiy taqdirini va kelajagini aks ettiruvchi ko’plab asarlar yaratdi. Zamonaviy mavzuda yozilgan asarlarda o’sha davrdagi yuz bergan ijtimoiy – siyosiy voqyealar aks ettirildi.
     Ikkinchi jahon urushi yillarida Oltoy adabiyotida qahramonlik mavzusidagi asarlar ko’proq yozildi. Chunki o’sha tarixiy muhit Vatan taqdiri uchun olib borilayotgan janglarda jasorat va qahramonlikni tasvirlashni taqoza etardi. P.Kuchiyakovning «Ikki gvardiyachi» pyessasida front va front orqasidagi xalq hayoti ko’rsatilgan.
Ch. Yenchinovning «Ona», «Do’st o’limi» singari asarlarida ham urush mavzusi yoritilgan. Urushdan keyingi oltoy adabiyoti S.Surazakov, L.Kokishev, E.Palkin, A.Adarov, I.Shodoyev singari ijodkorlar bilan boyidi. Adabiyotda frontdan keyingi xalq xayoti, xalq xo’jaligini tiklash kabi mavzular yetakchilik qildi. Bu mavzular asosan she’riy yo’l bilan yoritila boshladi. Ye.Chapiyevning «Tinchlik shamoli», A.Adarovning «Ursul GES i» singari asarlari bunga misol bo’ladi. A.Saruyevaning «Kolxozchi Diyorgal» poemasida yoshlar hayoti qalamga olingan. Kichik prozaik janrlarda ham bir qancha asarlar yozildi.
     60-70 yillar Oltoy adabiyotida rivojlanish har tomonlama ko’zga tashlanadi. Zamondoshlar obrazlari tasvirlangan asarlar ko’paya boshladi. L.Kokishevning «Arina» romani, Ch.Chunjikovning «Munduzak» qissasi, A.Adarovning «Yorqin yillar» kabi hikoyalar to’plami katta mahorat bilan yozildi. Bu asarlar bir qancha chet tillariga ham tarjima qilingan. E.Palkinning «Natasha», «Amir», «Qora olov» singari dostonlari ham g’oyaviy-badiiy tomondan yetuk asarlar deb sanaladi.
     A.Adarovning «Oltoy», «Arg’umoq» nomli ertak-dostonlari ham kitobxonlarga manzur bo’ldi. Bu asarlar xalq og’zaki ijodi an’analaridan foydalanib yozilgan.
     Umuman olganda, keyingi yillar Oltoy adabiyotida ham janriy rang-baranglik, ham mahoratning o’sayotganligi ko’zga tashlanadi.
     Tuva xalqi turkiy guruhga mansub bo’lib, Janubiy Sibirda yashaydi. Ular budda dinining bir tarmog’i bo’lgan Lamaizmga e’tiqod qiladilar. Aholisi taxminan 300 mingga yaqin. Tuva tarixiga nazar tashlar ekansiz, ularni miloddan oldingi davrlarda xunlar bosib olgani, ko’p asrlar moboynida Xitoy va Mo’g’ul bosqinchilari hukmronligi ostida yashaganligining guvohi bo’lasiz. 1207 yili Tuvani Chingizxon qo’shinlari ishg’ol etdi. XSh-X1U asrlar Xitoy davlati tarkibiga kiritildi. Keyin tarixiy taraqqiyot tufayli Tuva uzoq davrlar Manjurlarga qaram bo’lib qoldi. 1921 yili Tuva xalq respublikasi e’lon qilindi va poytaxti Qizil shahri qilib belgilandi. Keyinchalik Tuva avtonom oblast sifatida (1944 y.) Ittifoq tarkibiga kiritildi.
     Tuva xalqi adabiyoti tarixi asosan folklor asarlaridan iborat. Bunda juda ko’plab ertaklar, rivoyatlar va dostonlar mavjud bo’lib, ularning ko’pchiligida xalq ozodligi uchun kurashgan qahramonlarning obrazi aks ettiriladi.
     Tuva yozma adabiyoti esa XX asrning 30 – yillaridan shakllana boshladi. 1930 yilda Tuva yozuvga ega bo’ldi. Shundan boshlab tuva tilida gazeta va jurnallar nashr etildi, tipografiyalar tashkil qilindi. Tuva milliy teatrning ochilishi ham shu yillarda sodir bo’ldi. Milliy tilda o’qitiladigan maktablarning barpo etilishi ham juda katta tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi. Bu davrni tuva shoiri B.Xovenmey «Buyuk bahor» nomli she’rida Ulug’-Xem (Yenisey) daryosining okeanga borib qo’yilishiga o’xshatadi. Chunki Tuva xalqi ana shu davrlardan boshlab jahon sivilizasiyasiga yaqinlasha boshladi. Tuva yozma adabiyotining dastlabki vakillari sifatida S.Syuryun-ool, S.Sarig-ool S.Toka, S.Pyurbyu, B.Xovenmey, S.Tamba, Yu.Kyunzegesh, O.Suvakpita singari ijodkorlarni ko’rsatishimiz mumkin.
     1946 yildan Tuvada qishloq xo’jaligini kollektivlashtirish, sanoatni rivojlantirish, madaniy inqilob kabi tadbirlar o’tkazildi. Albatta tuva xalqi xayotidagi bu o’zgarishlarning o’ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari ham  bor edi. Xususiy mulkka, feodalizmga hujum kompaniyasi shiori ostida tuva xalqining ko’pgina tarixiy merosi, milliy qadriyatlari qoralandi. Asrlar davomida shakllanib kelgan xalqning urf-odatlari, rasm-rusumlari bu xalq uchun mutloqo begona bo’lgan tartib qoidalar, ma’naviyat sohasidagi sosialistik mezonlar bilan almashtirildi. Lekin, shunga qaramasdan, bu davrda tuva xalqi tarixida katta ijobiy o’zgarishlar ham bo’lganini aytib o’tish kerak. Chunki milliy maktablarning ochilishi, yozuvga ega bo’lishi, kitoblar, gazeta va jurnallar nashr etilishi tuva xalqi xayotida katta burilish yasadi.
     Xalq hayotidagi ana shunday ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar adabiyotda o’z aksini topdi. Tuva yozma adabiyoti ham poeziyadan boshlandi. Chunki poeziyada davr voqyealariga emosional munosabat bildirish hamma xalqlar adabiyotiga xos. Vatan haqida, do’stlik va qardoshlik to’g’risida she’riy asarlar paydo bo’ldi. Sarig-oolning «Oltin qiz» nomli poemasida tuvalik yosh qizning o’z xalqi xayotida yuz berayotgan katta o’zgarishlarga hissa qo’shgani, kolxozlar tashkil qilishda faol ishtirok etgani va uning jaholatga qarshi kurashga otlangani tasvirlab berilgan. Shoir Kenin-Lopsanning balladasida esa Mongush nomli tuva yigitining Sank-Peterburgga borib o’qishi, u yerda Xosa nomli ispan yigiti bilan do’st bo’lishi, shunday qilib, tuvaliklarning ham asta-sekin dunyoga chiqayotganligi tasvirlangan. Bu mavzu O.Suvakpitaning «Do’stlik» nomli dostonida yanada rivojlantirildi.
     Bu davr Tuva poeziyasida mehnat temasi, oddiy kishilarning xayoti, orzu umidlarini tasvirlash yetakchi mavzuga aylandi. Daraxt kesuvchilar, quruvchilar, kolxozchilarning mehnati madh etildi. Albatta, tabiat va muhabbat lirikasi ham ancha taraqqiy etdi. 50-yillarda Tuva poeziyasida satirik she’rlar yozish ancha jonlandi. Turli mansabparastlar, ikki yuzlamachilar, ig’vogaru poraxo’rlar hajviy she’rlarning tasvirlash obyektiga aylandi. Bularga B.Xevonmeyning «Ijroqo’m papkasida», «Eskirgan qog’oz», Kenin-Lopsanning «Telefon orqali rahbarlik», «Eski ko’prik», O.Suvakpitaning «To’rg’ay qo’shig’i» kabi hajviy asarlarini ko’rsatishimiz mumkin.
     Bu davrda ma’rifatparvar shoir A.Chadamba bolalarga atab ko’pgina asarlar yaratdi. U tuva tilidagi birinchi maktab darsliklarining ham muallifi sanaladi.
     Tuva adabiyotida dramaturgiya janrining shakllanishi asosan urushdan keyingi o’n yilliklarga borib taqaladi. S.Sarig-oolning «Kolxoz dalasida» dramatik asari 1947 yilda yozilib sahnaga qo’yildi. Bu asar tuva adabiyotidagi birinchi sahna asarlaridan biri bo’lib, unda tuva dehqonlarining kollektiv xo’jaliklarga birlashishi aks ettirilgan. Keyinchalik bu avtorning «Qishloq o’qituvchisi» nomli dramasi e’lon qilindi. Bu asarda ikki yoshning sevgisi, yangi urf-odatlar, eskilik sarqitlariga qarshi kurashlar tasvirlangan. Yana bir mashhur tuva yozuvchisi O.Sagan-oolning «Intilish», «Bir qishloq sovetida» pyessalari ham zamonaviy mavzuda yozilgan dastlabki dramatik asarlar edi.  
     S.Tokaning «Orzularning ushalishi» nomli dramasida ijtimoiy-siyosiy va tarixiy voqyealar asosiy mavzu qilib olingan. Bunda Tuva xalqining Rossiyaga qo’shilishiga qarshi bo’lgan feodal guruhlar tanqid qilindi. Muallif bu asarida Tuva xalqining Rossiyaga qo’shilishini yoqlab chiqqan. Folklor materiallari asosida S.Sarik-oolning «Chechan va Belakmaa» nomli sahna asari ham tuva dramaturgiyasining rivojlanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi. 1946 yilda S.Sagan-oolning «Do’stlik» nomli hikoyasi e’lon qilindi. Buni tuva yozma adabiyotidagi birinchi prozaik asar desa bo’ladi. Bunda tuvalik yigit Adar-ool bilan rus qizi Marusya o’rtasidagi muhabbat tasvirlangan. Qor bo’roni paytida yigit Marusyani o’limdan qutqarib qoladi. Marusya esa vrach bo’lib, ko’pgina tuvaliklarni davolaydi. Hikoyada internasional do’stlik, rus madaniyatining mahalliy aholi turmushiga ta’siri kabilar madh etilgan.
     Shu avtorning «To’g’ri qaror» nomli hikoyasida esa ko’chmanchi Tuva xalqining o’troqlashishi, bu sohadagi qiyinchiliklar tasvirlangan. S.Sagan-oolning «Qishloqlik yigit», «Bu yo’ldan qayt» nomli hikoyalarida ham zamondoshlar obrazi chizib berildi. Umuman, bu asarlar tuva adabiyotida badiiy prozaning shakllanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi.
     Taniqli adib S.Sarig – oolning «Ertenlig kolxozi» povesti tuva adabiyotidagi birinchi yirik prozaik asarlardir. Bu asar ham zamonaviy mavzuda yozilgan bo’lib, Suvonma nomli tuvalik ayolning boshidan kechirganlari hikoya qilingan. Yozuvchi Salgak Toka ham tuva adabiyotining yirik vakili hisoblanadi. Uning ko’plab asarlari boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Adibning «Kambag’alning sho’ri», «Ayollar», «Ayrat so’zi» kabi asarlari o’quvchilar orasida juda mashhur bo’lgan S.Tokaning «Kishanlar parchalandi» nomli povestida tuva xalqining ozodlik uchun olib borgan kurashlari tasvirlangan. Bu ma’lum darajada avtobiografik asar sanaladi. Chunki yozuvchining o’zi xalq ozodligi uchun bo’lgan kurashlarda bevosita ishtirok etgan. Uning «Ayrat so’zi» nomli trilogiyasi 50-yillardayoq rus tiliga tarjima qilingan edi.
     Keyingi yillar tuva adabiyotida poeziya yetakchi janr bo’lib qoldi. Ko’plab she’riy to’plamlar va dostonlar ijod qilindi. Kenin-Lapsaning «Ottuk» nomli dostonida oddiy tuva dehqonining taqdiri jamiyatdagi o’zgarishlar bilan birga qo’shib tasvirlangan. Shu avtorning «Kichkina muallim» nomli poemasida esa tuva xalqining yangi alfavitni qabul qilishi, hamma joyda joriy qilingan maktablar haqida hikoya qilinadi. Yu.Kyunzegeshning «To’y», «Muhabbat va nafrat», S.Sarig-oolning «Mening Ulug’-xemim», «O’ttiz yoshli» kabi poemalari ham yuksak mahorat bilan yozilgan. Tuva adabiyotining keyingi avlodi bo’lgan K.Ekir-ool va shoira Ye.Tonovaning she’rlari ko’proq muhabbat va tabiat manzaralari tasviriga bag’ishlangan. Bular ijodida ballada va sonet kabi she’riy janrlarda yozilgan asarlar ham ko’plab uchraydi. Keyingi yillar tuva prozasida oddiy kishilar xayotini tasvirlovchi psixologik hikoyalar ko’p yozilayapti. Bularda jaholatga, olg’a ketishga to’siq bo’luvchi yaramas urf-odatlarga, byurokratizmga qarshi kurashuvchi qahramonlar obrazi tasvirlangan.
     A.Darjaaning «Shamanning o’limi», T.Qizil-oolning «Xuran-Xelining sog’ayishi» asarlari bunga misol bo’la oladi. S.Sarig-oolning «Katta ov», «Ajoyib qo’shiq», «Cho’pon» singari hikoyalarida esa tabiat muhofazasi, ovchilar hayoti tasvirlangan.
     Katta proza janrlarida ham ko’plab asarlar yaratilmoqda. Jumladan, S.Sarig-oolning «Angir-ool haqida hikoyat» nomli ikki kitobdan iborat avtobiografik romani e’lon qilindi. Keyingi yillarda K.Kudajining «Tinch go’sha», S.Syurin-oolning «Bu muhabbat», D.Begzining «Do’stlar suhbati», O.Sagan-oolning «Tutqich bermas tulporlar» nomli qissa va romanlari nashr etildi. Bu asarlar tuva xalqining hayoti haqida xabar beribgina qolmasdan, balki ularning ichki kechinmalari, orzu-umidlari haqida ham kitobxonni yaqindan tanishtiradi. Taniqli ijodkor S.Pyurbyuning «Sevgini avaylash kerak» nomli dramasi keingi yillar Tuva adabiyotining katta yutug’i bo’ldi.
     Xullas, Tuva adabiyoti ham umum turkiy xalqlar adabiyotining bir bo’lagi sifatida rivojlanish va taraqqiyot yo’lidan bormoqda. Bu adabiyotga keyingi yillarda bir qator yosh talantlarning kelib qo’shilishi, uning kelajagi yanada porloq bo’lishdan dalolat beradi. 
     Yokutlar juda qadimgi va boy madaniy merosga ega bo’lgan turkiy xalqlardan biri bo’lib hisoblanadi. Ular o’zlarini «sahalar» deb atashadi. Hozir Yokutiston Respublikasi nomi o’zgartirilib Saxa Respublikasi deb qo’yilgan. Yokut xalq tarixi, ularning kelib chiqishi bilan bog’liq bo’lgan ko’plab rivoyatlar bor. Bu rivoyatlarning ko’pchiligida juda qadim zamonlarda yokutlar Oltoy o’lkasida yashaganligi, keyinchalik qandaydir sabab bilan shimolga, ya’ni hozirgi Yokutiston xududiga ko’chib borganligi hikoya qilinadi. Yokut xalq folklori dunyodagi eng boy folklorlardan biridir. Ayniqsa unda afsonaviy xalq qahramoni Olonxo haqidagi rivoyatlarning, dostonalarning ko’pligi diqqatni o’ziga jalb qiladi. Bu qirg’izlarning «Manas» eposiga o’xshab ketadi. Ayrim tadqiqotlarda Olonxoni turkiy xalqlarning kelib chiqishi bilan bog’liq bo’lgan «Alan quva» haqidagi rivoyatlar bilan aloqasi borligi tahmin qilinadi.
     Qadimgi buyuk ko’chish davrida turkiy xalqlarning kattagina qismi g’arbga siljigan bo’lsa, bir qismi shimolga siljigan. Yokutlar shimolda yashayotgan kamsonli maxalliy xalqlarga madaniylashtiruvchi rolini o’ynagan. Juda qadim zamondan buyon yokutlar temirchilik, konchilik ishlari bilan shug’ullangan va shu kasblarning mohir ustasi sifatida tanilgan. Shimolda yashovchi kamsonli xalqlarga temirdan yasalgan mehnat qurollarini yoqutlar yetkazib bergan. Buning evaziga ulardan qimmatbaho mo’ynalar va turli ov maxsulotlarini olgan. Yokutlar maxalliy xalqlardan evenklar va yukagirlar bilan, ma’lum darajada aralashib ketgan. Bular XUP asrda Rossiyaga qo’shib olindi va xristian dinini qabul qildi. 1919 yilda Yokut Avtonom Respublikasi tashkil etildi.
     Yokut adabiyotining tarixi folklor asarlardan iborat. «Olonxo» turkumiga kiruvchi ko’plab dostonlar mavjud. Yozma adabiyot esa XX asarda paydo bo’ldi. Bu adabiyotning ilk vakili A.Ye.Kulakovskiy hisoblanadi. U realist shoir va ma’rifatparvar sifatida tanilgan kishi bo’lib, 1924-25 yillarda uning ikki tomlik asarlari chop etilgan. Shoirning «Yokut ayollari», «El sevgan ayol», «Yuz yoshli Onaxon» nomli poemalari asr boshlaridayoq ancha mashhur bo’lgan. A.Ye. Kulakovskiy Pushkin va Lermentov asarlarini yokut tiliga birinchi bo’lib tarjima qilgan ijodkor edi. Yokut adiblaridan A.I.Safranov dastlab rus tilida ijod qildi Ko’pgina rus yozuvchilarining asarlarini tarjima qildi. A.Safronovni yokut dramaturgiyasi va teatrining asoschisi deb biladi. Negaki, u1914 yilda «Kambag’al Yakov» nomli pyessasi bilan yokut adabiyotida drama janrini boshlab berdi. Uning keyinchalik yozgan «Shaytanat va farishta», «Sevgi», «Vasiyatnomasiz kimsa», «Xayot mazmuni» singari dramalari ham yokut adabiyotining rivojiga katta hissa bo’lib qo’shildi. Yozuvchining bu asarlari turli mavzularda yozilgan bo’lib, ularda asosan yokut xalqi hayotining rang-barang tomonlarini ko’ramiz. Ozodlik uchun jonini qurbon qilgan yokut o’g’lonlarining o’z xalqini qullikda saqlashga intilgan, yokut ayollarini olib sotayotgan kimsalarga qarshi kurashi, bu asarlarning asosiy tasvirlash obyekti bo’lib xizmat qilgan. Yozuvchi Safronov feodal – patriaxal urf-odatlarni, yangilikka to’siq bo’luvchi jaxolatni-turli illatlarni fosh qildi. N.D.Neustroyevning «Qasosqor arvoh», «Kukshaning boshi» singari komediyalari yokut adabiyotidagi baquvvat asarlardan hisoblanadi.
     P.A.Oyunskiy yokut adabiyotining asoschilaridan biridir. Uning «Ishchilar qo’shig’i», «Qizil Shaman» kabi asarlari o’z davrida juda mashhur bo’lgan edi. 20 – yillar yokut adabiyotida yaratilgan asarlarning ko’pchiligi «Cholban» nomli jurnalda bosilib chiqar edi. Yokutlarning «Saxa omuk» jamiyati katta madaniy ishlarni amalga oshirdi. Sho’ro davrida millatchi, burjuaziya yozuvchilari deb qoralangan, aslida esa ma’rifatparvar yozuvchilar bo’lgan Oltin Sarin va P.Orasinlarning 20-yillardagi ijodi yokut adabiyotining taraqqiyotiga katta hissa bo’lib qo’shildi. «Proletkult» tashkiloti a’zolari Kulikovskiy va Safronov singari talantli yozuvchilarni ham burjua yozuvchilari deb e’lon qildi. Oyunskiyga esa o’z asarlarida yokut xalqini birinchi planga qo’yib tasvirladi, voholanki, yokut proletarlarini tasvirlash kerak edi, degan aybni qo’ydi. Proletkultchilar folklor asarlari xalq ongini o’tmaslashtiradi deb hisoblab, yokut xalq «olonxo»larini o’rganishni ham man etdi. Oyunskiy «Temir ot», «Burgut vasiyati» kabi asarlarida yokut xalqi madaniy merosini, folklarini xayotdagi yangiliklarni yoqlab chiqdi.
     Yokut xalqining iste’dodli yozuvchisi Elyay adabiyotga o’zining otashin she’rlari bilan kirib keldi. Uning «Yoshligimizning gullagan chog’larida» nomli she’riy to’plami 1929 yilda nashr etildi. Bu to’plamda shoirning «Saflarimiz kengaymoqda», «Xamnachitov qo’shig’i», «Baxtiyorlik qo’shig’i», «Bo’g’i» singari ajoyib she’rlari kiritilgan edi.
     Kyun Djiribine yokut adabiyotida o’zining hajviy asarlari bilan mashhur bo’ldi. Uning «Karg’aning qaqillashi, pashshaning g’ingillashi» nomli satirik hikoyalar to’plami yokut adabiyotida baquvvat asarlardan biri sanaladi. Neusutrayevning «Baliqchi» hikoyasida esa qarib qolgan chol hayotdan bezib, taygaga bosh olib ketadi. Ko’lning yoqasida o’tirib, butun o’tgan umrini eslaydi. Shu yerga dafn etishini vasiyat qilib vafot etadi. 20-yillarning oxirida yokut adabiyotiga talantli adib N.Mordvinov kirib keldi. Uning «O’tovda»,            «O’roqchilar», «Baliq ovida» singari ajoyib hikoyalari shu davrda yozildi. Oyunskiyning «Zulmatdan qutulish», «O’tgan vaqtlar» qissalari ham talant bilan yozilgan asarlardan hisoblanadi. 30-yillar yokut adabiyotida ishlab chiqarish mavzusi yetakchi o’ringa ko’tarildi. S.Vasilyevning «Artel» nomli romanida taygada jamoa xo’jaliklari tashkil qilinishining borishi haqida yozilgan. Mordvinovning «O’qish» nomli romanida Gavril nomli yetim bolaning boshiga tushgan g’am-kulfatlar yoritilgan. Bu yigit qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan yengib, oxiri o’z baxtini topadi. Erkin Eristin «Ivan Dusha», «Vasiyatning bajarilishi», «Marikchan yoshlari» kabi roman va qissalari bilan yokut adabiyotidagi roman janrining rivojiga o’z hissasini qo’shdi.
     Urush davrida Oyunskiyning ko’plab asarlari folklor syujeti asosida yozildi. Uning «Nyurgun Bootur» asari xalq orasidagi syujetlarning qayta ishlangan variantidir. «Oq ko’ngil yigit Dragunov», «Aleksandr Makedonskiy» singari asarlarida ham ularga munosabat bildirilgan.
     Bu davrda Mordvinovning «Maydondagi o’ylar», Elyayning «O’limni yenggan yigit», Abaginskiyning «Men xalq o’g’loni» singari asarlarida xalqning bosqinchilarga bo’lgan nafrati, janglardagi qahramonliklari kuylanadi. T.Terishkin «Yokutlar urushda» va «Yokutlar front orqasida» kabi turkum asarlar yaratdi. Bu davrda N.Mordvinov «Bahor chog’lari» nomli ajoyib roman yozdi. Bunda yokut xalqining o’tmishi katta mahorat bilan yoritilgan. S.Omollonning «Saysari» asari folklor mavzusida yozilgan bo’lib, bunda qadimgi davrda o’tgan qahramonlar, mashhur kishilar obrazi keltirilgan. Dramatik janrda V.Protodyakonovning «Partizan Morozov», S.Yefremevning «Burch va oila», K.Urastirovning «Go’zal Yedyuyan» asarlari yozildi. Bu asarlarda ham asosiy mavzu front va front orqasidagi yokutlarni tasvirlash birinchi planga qo’yilgan.
     Urushdan keyingi o’n yilliklarda yokut adabiyotida 150 ga yaqin nomda badiiy asarlar chop etildi. Poeziya yetakchi janr sifatida qoldi. Unda mehnat mavzui, do’stlik va gumanistik g’oyalar ko’proq qalamga olindi. Elyayning «Mixal Yegorov», «Makarning baxti», «Shimoldagi shahar» kabi asarlarida sanoati rivojlanayotgan, Sibir o’lkasining ishchilari obrazi yoritilgan. Ertyukov esa «Yokutning so’zi» nomli asarida fransuzlarning «Mond» gazetasida e’lon qilingan Andre Pyerning maqolasiga javob yozdi. Bu maqolasida «Pushkinning she’rlari buryat, mongol, chuvash, yokut kabi xalqlarning qo’pol tiliga tarjima qilinganda, u o’zining go’zalligini, nafosatini yo’qotadi», deb yozilgan edi. Ertyukov yokutlarning ham qadimgi madaniy xalqlardan ekanligini yozib, ularning sivilizasiyadan orqada qolganiga kolonizatorlar sababchi ekanligini ko’rsatdi. Bu davr yokut adabiyotida dostonchilik ham rivojlandi. Elyayning «Yokutning baxti» Urastirayevning «Shimol yog’dusi», S.Vasilyevning «Kariya Tokono» singari asarlari eng yaxshi poemalar sifatida qayd qilingan. Urushdan keyingi davr yokut adabiyotida prozaik asarlarning salmog’i kuchaydi. A.Fyoderovning, «Do’stlar», «Soldat sovg’asi», «Tinchlik uchun», «Dasha» singari hikoyalari o’zining xalqchiligi, real hayotni aks ettirganligi bilan ajralib turadi.
     S.Danilovning birinchi hikoyalar to’plami urushning so’nggi yilida e’lon qilingan edi. Keyinchalik u «Osayishta shahar», «Mening Vatanim», «Quyosh partavlari» kabi asarlarini e’lon qildi. «Burgutning baxti» nomli dostoni ko’p tillarga tarjima qilingan. Unda Yokutiston tabiati, go’zal manzaralari, ayniqsa yokut xalqining mehnatkash farzandlari alohida sevinch bilan ifodalangan. Keyingi yillar yokut adabiyotida tarixiy mavzuga murojaat qilish ko’proq ko’zga tashlanmoqda. V.Protoyakonovning «Oltin don», «Mancharlar» kabi asarlari o’tmish mavzusida yozilgan. Oyunskiyning 7 tomlik asarlari chop etildi. 30 – yillarda qatog’onga uchragan yozuvchilarning asarlari (Kulakovskiy, Safronov, Neustrayev) ham chop etilmoqda.
     Yokut prozasining yetakchi vakili N.Yakunskiy «Olmos izlovchilar» povesti va «Taqdir» nomli trilogiyasi bilan kitobxonlar o’rtasida mashxur bo’ldi.
     So’nggi yillarda V.Golderev, P.To’lasinov, S.Fedotov, I.Bochkarov singari talantli yoshlar adabiyotga kirib keldi.
     Xullas, yokut adabiyoti Sibirda yashovchi xalqlar adabiyotlari ichida eng rivojlangani hisoblanadi. Bu adabiyot shu regionda yashovchi aholisi oz sonli xalqlar adabiyotiga, ularning rivojlanishiga ham ijodiy ta’sir ko’rsatmoqda.
 
 
 
Adabiyotlar
1.Poemi Gornogo Altaya. Sbornik. Novosibirsk . 1972.
2.Kokishev A. Arina. Roman. – Toshkent , 1985.
3.Pisateli Tuvi. Bibliograficheskiy spravochnik. Kizil. 1970.
4.Puxov I.V. Geroicheskiy epos. Olonxo. – Moskva. 1962.
5.Pisateli Yakutii. Bibliograficheskiy spravochnik. Yakutsk . 1981.
6.Troyakov P.A. Ocherki razvitiya xakasskoy literaturi. Xakknigizdat, Abakan. 1963.
7.Adarov A. Quyoshga qadar ko’tarilgan yer. – T., 1978 y.
8.Kuchiyakov P. Oltoy tog’larida. – T., 1980 y.
9.Ukachin B. Tog’ hidlari. – T., 1984 y.

http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!