XX asr jahon adabiyotining yirik vakillaridan biri Ch.Aytmatov qirg’iz adabiyotining shuhratini olamga yoydi. Uning ijodi jahon adabiyotining eng yaxshi an’analari bilan qirg’iz milliy adabiyoti an’analarining qo’shiluvidan iborat bo’ldi. U yaratgan asarlar jahonning qariyb barcha tillariga tarjima qilingan. 1988 yildagi ma’lumotga qaraganda uning asarlari 40 million nusxada chop etilgan.
     Ana shunday buyuk yozuvchi 1928 yili Qirg’izistonning Talas vodiysida tug’ildi. Uning otasi To’raqul Aytmatov o’z zamonasining ilg’or kishilaridan bo’lib, katta davlat arbobi va olim kishi edi. 1937 yil unga “xalq dushmani” degan ayb qo’yilib, repressiya qurboni bo’ldi. Ch.Aytmatov rus maktabida o’qidi. Keyin Jambuldagi zooveterinariya texnikumini bitirib, institutga kirdi. Qishloq xo’jalik institutining zootexnika fakultetini bitirib, ancha yillar shu mutaxassislik bo’yicha ishlagan. Lekin badiiy adabiyotga bo’lgan qiziqishi tufayli u Moskvadagi ikki yillik adabiyot institutida ham o’qidi. Ch.Aytmatov bir necha yillar “Pravda” gazetasining Qirg’izistondagi muxbiri va “Literaturniy Kirgizistan” jurnalining redaktori bo’lib ishladi. Yozuvchi ijod bilan birgalikda, jamoat ishlarini ham bajarib kelmoqda. Qirg’iziston yozuvchilar uyushmasining raisi, “Inostrannaya literatura” jurnalining muharriri, Rossiyaning Lyuksemburg davlatidagi elchisi, “Issiqko’l forumi”ning boshlig’i vazifalarida ishladi. Hozirgi kunlarda “Turkiston umumiy uyimiz” deb nomlangan Markaziy Osiyo ijodkorlari tashkilotining boshlig’i sifatida faoliyat ko’satmoqda.
     Ch.Aytmatovning badiiy adabiyotga bo’lgan havasi dastlab oilaviy muhitda bo’lgan. O’zining yozishicha, katta buvisi juda ko’p xalq ertaklarini bilgan ayol bo’lgan. Keyin yozuvchi bolaligida rus yozuvchilarining asarlarini ko’p o’qigan. Ch.Aytmatov ikki tilda rus va qirg’iz tillarida ijod qiluvchi yozuvchidir. Uning ijodi kichik-kichik hikoyalar yozish bilan boshlangan. Institutda o’qib yurgan kezlarida birinchi hikoyalari e’lon qilingan. Lekin yozuvchiga shuhrat keltirgan asar, uning “Jamila” nomli qissasi bo’lgan. U tez orada shuhrat qozondi. Uni mashhur yozuvchi Lui Aragon fransuz tiliga tarjima qildi. Tarjimaga o’zi so’z boshi yozib, uni “Muhabbat haqida yozilgan jahondagi eng ajoyib qissa” deb baholadi. Ikki yil ichida bu asar 30 ta chet tillariga tarjima qilindi. Bunday hodisa jahon adabiyoti tarixida birinchi marta sodir bo’lishi edi. Asar voqyealari ikkinchi jahon urushi davrida bo’lib o’tadi. Urushdan yarador bo’lib qaytib kelgan Doniyor bilan eri urushga ketgan kelinchak Jamila o’rtasidagi muhabbat katta mahorat bilan berilgan. Otashin muhabbatga erishish uchun, juda kuchli iroda ham kerak ekanligi bu asarda o’ta ta’sirli qilib berilgan. Ishq yo’lida har qanday urf-odatlar, rasm-rusmlar ham bir pulga arzimasligi Jamila va Doniyorlar muhabbati vositasida ko’rsatib berilgan.
     Ch.Aytmatov asarlarining har biri o’ziga xos original asar bo’lib dunyoga keldi. Uning kitobdan-kitobga qarab mahorati o’sib bordi. Yozuvchining “Momo Yer”, “Yuzma-yuz”, “Birinchi muallim”, “Sohil bo’ylab chopayotgan olapar”, “Oq kema”, “Alvido, Gulsari” kabi asarlarining har biri buyuk talantning, yuksak mahoratning mahsulidir. Yozuvchi “Momo Yer”, (“Somon yo’li”) povestida To’lg’onoy ismli ayolning boshiga tushgan dahshatli voqyealarni tasvirlaydi. Insonning boshi toshdan qattiq ekanligini, u har qanday musibatlarga chidashi uchun katta irodaga ega bo’lish kerakligi tasvirlangan. Urush tufayli eri va uch o’g’lidan ayrilgan To’lg’onoy birdan-bir suyanchig’i, farzandi o’rniga farzand bo’lib qolgan kelinidan ham ayriladi. Falak yana nimalarga qodirsan, deb nola qiladi. Lekin ko’ngli cho’kmaydi, yana hayot sari intiladi. Endi yosh go’dak nabirasini ulg’aytirish, uning yagona umidi To’lg’onoy Ona yerga savol beradi, yer ham tirik insonday javob beradi. Ana shu savol-javob orqali juda ulkan falsafiy muammolar haqida fikr yuritiladi. Asar oxirida To’lg’onoy quyoshga, bulutlarga, yerga murojaat qilib, ulardan o’z dardini boshqalarga ham yetkazinglar, deb iltijo qiladi. Shunda ular: “Yo’q, To’lg’onoy, sen aytgin, sen-insonsan, sen hammamizdan buyuk, sen hammamizdan ulug’ bo’lib yaratilgan jonsan, sen aytgin, sen insonsan”, deb javob beradi. Bu bilan yozuvchi insonning yengilmas ruhiga, kurashchan hayotiga ishora qiladi. Bu so’zlar mashhur yozuvchi Gorkiyning “Inson mag’rur jaranglaydi” yoki Amerika yozuvchisi Xemingueyning “Chol va dengiz” asaridagi “Insonni yengib bo’lmaydi” degan fikrlariga hamohangdir.
     Yozuvchining “Alvido, Gulsari” nomli qissasi ham juda mashhur bo’ldi. Qissaning bosh qahramoni Tanaboy jon taslim qilayotgan oti Gulsarining boshida turib, butun o’tgan umrini yodga oladi. Bunda bir tomondan odamlardagi mehr-oqibat yo’qolib borayotgani, ikkinchi tomondan, inson va tabiat o’rtasidagi muvozanatning buzilib borayotganligi hikoya qilinadi. Ch. Aytmatovning bu qissasida ham ekologiya masalasi, tabiatni, hayvonot dunyosini asrash, avlod-avlodlarga sog’lom va asl holida yetkazish masalasi izchillik bilan qalamga olinadi. Bu ayniqsa, yozuvchining “Oq kema” (“Ertakdan so’ng”) qissasida yanada yorqinroq namoyon bo’ladi. Qissadagi yosh bola, Mo’min chol obrazlari juda muvaffaqiyatli chiqqan. Qissa ham ana shu bobo va nabiralarning qismatiga bag’ishlangan. Asarda asosan ikkita ertak atrofida fikr yuritiladi. Biri bolaning o’zi to’qigan “Oq kema” haqida ertak bo’lsa, ikkinchisi bobosi Mo’min chol aytib bergan “Shoxdor ona bug’u” haqidagi ertakdir. Sontosh darasidagi o’rmon qarovullari hayoti bir qarashda katta dunyodan ajralib qolgan kishilarning turmushi tasvirlangandek tuyuladi. Lekin masalaga chuqurroq e’tibor berilsa, ana shu uzoq tog’dagi uch oila qismati hozirgi dunyo qismati bilan chambarchas bog’liqdir. Bu davrdagi yutuqlaru, fojialar shu insonlar obrazi orqali mahorat bilan berilgan. Bolaning ichki dunyosi, o’y-fikrlari yozuvchi tomonidan o’ta ustakorlik bilan tasvirlangan. U “Oq kema”da hamma narsa bor, uning tashlab ketgan otasi ham, onasi ham o’sha yerda yashaydi deb o’ylaydi. Lekin shu kema deb bola halok bo’ladi. Mo’minchol esa afandi fe’l kishi edi. Uning Mo’min chaqqon deyishardi. U qayerga bormasin doim xizmatda bo’lardi. Yozuvchi Mo’min xarakterini quyidagicha tasvirlaydi: “...Mo’min chaqqon bo’lib tug’ilgan. Ehtimol, uning yolg’iz ustunligi shunda ediki, u qanday o’tirdim, bilib gapirdimmi, qanday javob qildim, qanday kulimsiradim deb tashvishlanmas, birovlarning oldida obro’si to’kilishidan cho’chimasdi. Mo’min mana shu ma’noda, o’zi sezmagan holda kamdan kam uchraydigan baxtli odam edi. Ko’p odamlarni kasallik emas, o’z nazdida o’zini o’zligidan kattaroq qo’yishdek xudbinlik, alamzadalik balosi kemirib ado qiladi.(Dono, baobro’, xushro’y, buning ustiga qattiq qo’l, adolatli va jasur degan nom ham chiqarishni kim istamaydi) Mo’min esa bunday emasdi.” Qissadagi O’rozqul obrazi ham o’ziga xos. U salbiy obraz sifatida tasvirlangan bo’lsa-da, ba’zan o’quvchi uning qismatiga ham achinadi. O’rozqul farzand dog’ida kuyib o’rtanadi. Unga tabiat bir tirnoqni ham ravo ko’rmadi. U yolg’iz qolganida, ayniqsa ichib mast bo’lganida bu kemtik qismatidan nola qiladi, hyech kimga bildirmay yig’laydi. U shum taqdirga achchiq qilib xotinini uradi, bolani yomon ko’radi, Mo’min cholga azob beradi.
     “Sohil bo’ylab chopayotgan olapar” qissasida esa qayiqdagi hayot tasvirlanadi. Bunda “Oq kema” qissasi bilan mantiqiy bog’lanish bordek tuyuladi. “Sarv qomat dilbarim” nomli qissa haqida yozuvchining o’zi shunday deydi: “Sarv qomat dilbarim”da hayotni chondon murakkabligicha tasvirlashga intildim. Ayrim yoshlar bir-birlarini sevishadi, turmush qurishadi. Bir kun qarabsizki, oilalari buziladi, ajrashadi. Hozir hayotda shu toifadaga yoshlar ko’p uchraydi. Ular bir-birlarini yaxshi bilmasdan turib turmush qurishga shoshiladi-yu, sal o’tmay fe’llari to’g’ri kelmay qoladi. “Sarv qomat dilbarim”da shu o’ylarimni ifoda qilishga intildim”.
     Bu qissa qahramoni Ilyos o’z muhabbati uchun kurashadi, sevganiga erishadi. Keyin tabiatan o’jar, qo’rs, orqa-oldini o’ylamay ish qiladigan Ilyos og’ir xatolarga yo’l qo’yadi. Bu xatolar tuzatib bo’lmas xatolar edi. Natijada o’z
baxtidan ayriladi. Buning aybdori uning o’zi edi. U xatolariga tushunadi, afsus chekadi, lekin endi kech edi. Asardagi asosiy dramatik holatlar shundan iborat edi. Ch.Aytmatovning qissalarida bayon qilish uslubi ham o’ziga xos tarzda kechadi. Yozuvchining ko’plab qissalarida voqyealar bosh qahramonlar tilidan hikoya qilinadi. Bu uslub Ch.Aytmatovning sevgan uslublaridan bo’lib, yozuvchi uni mahorat bilan qo’llaydi.
     Ma’lumki, Ch.Aytmatov qissalari bilan dunyoga mashhur bo’ldi. Adabiyot sohasidagi katta halqaro mukofotlarga sazovor bo’ldi. Yozuvchi keyinroq hajman kattaroq bo’lgan roman janrida ham qalamini sinab ko’rdi. Bu janrda yaratilgan asarlar ham yozuvchiga katta shuhrat keltirdi. Demak, yozuvchiga badiiy janrlar bir vosita xolos. Eng asosiy gap uning ifoda qilish uslubi bilan bog’liqdir. Ch.Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” nomli romani 80-yillarning boshlarida yozildi. Bu davrda ijtimoiy hayotimizda turg’unlik davri hukm surmoqda edi. Adib shu tuzumga o’z e’tirozlarini mazkur romanida ifoda etgan. Roman ko’p planli asar bo’lib, bir nechta syujet yo’nalishlariga ega. Bu syujet liniyalaridan asosan uchtasi asarning g’oyaviy mazmunini tashkil etadi. Asar qahramonlari oddiy mehnatkash kishilarning vakillari. Ular poyezd yo’lidagi bir bekatning xizmatchilari. Poyezdlar G’arbdan Sharqqa, Sharqdan G’arbga o’tib turadigan “Bo’ronli” degan bekatdagi to’rt-besh xizmatchilarning qismati orqali adib, juda katta hayotiy muammolarni ko’tarib chiqadi. Keksa xizmatchi Qozongapni dafn qilish marosimi bilan bog’liq voqyealar tasviri asarning asosiy syujet liniyasidir. Marhumning do’sti Edigey Qozongapni ajdodlar qabristoni bo’lgan “Ona Bayit”ga dafn etish uchun xarakat qiladi. U sovxozdan traktor so’rab oladi. Lekin bu qabriston kosmodrom chegarasida bo’lib tikonli simlar bilan o’rab olingan edi. Har xil rasmiy doiralar va harbiylar marhumni ajdodlar qabristoniga dafn etishga ruxsat bermaydi. Edigey ularni manqurtlar deb ataydi. Oxiri Qozongapni boshqa joyga dafn qilishga majbur bo’ladi. Edigey ana shu dafn marosimida boshidan o’tgan barcha voqyealarni eslaydi. Bu qariyb bir asrlik tarix edi. Shuning uchun asar nomi “Asrga tatigulik kun” deb atalgan. Bunda qozoq xalqining juda ko’p asrlik tarixiga ham e’tibor qaratiladi. Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda ijtimoiy hayotda bo’lib o’tgan turli voqyealar asarda o’z badiiy in’ikosini topgan. Qozongapning o’g’li Sobitjon hozirgi zamon manqurtlaridan, u otasini ko’mishga ham yuzaki qaraydi. Bekat atrofidagi to’g’ri kelgan joyga ko’mish kerak, deydi. Kosmodromda xizmat qilgan qozoq leytenanti ham manqurt. U marhumni qabristonga ko’mishga ruxsat bermaydi. Ana shunda Edegeyninng ko’nglida yashirinib yotgan haqiqiy odamiylik, oliyjanoblik butun ulug’vorligi bilan namoyon bo’ladi. Shu voqyealar davomida ona xalqi tarixidan, uning yaxshi an’analaridan ayrilish chin insoniylikni yo’qotish bilan barobar ekanligi yaqqol ochiladi. Adib manqurt haqidagi rivoyat tasviri orqali xalq tarixidan, urf- odatlaridan uzilishning dahshatini butun fojeasi bilan ko’rsatishga muvaffaq bo’ladi.
     Asarda insoniyatning kelajagi ham fantastik syujet yo’nalishida beriladi. “Paretet” kosmos kemalarining boshqa olam bilan aloqasi, o’sha planetadagi hayot haqidagi fikrlar Yer planetasining kelajagiga to’g’ri keladi. Hamma bir tilda gaplashadi. Kishilarning bo’ylari 230-250 sm, rangi qora mag’iz.
     Ko’pgina hayvon turlari yo’qolib borayotganligi asarda Qoranor obrazi orqali berilgan. Stalin davri repressiyasi
     Abutolib singari vatanparvar kishilarni yo’q qilib yuborgani ham ta’sirli qilib berilgan. Bu roman ham unga katta muvaffaqqiyat keltirdi.
     Adibning ikkinchi romani “Qiyomat” (“Kunda”) deb nomlanadi. Bu asarning ham shuhrati keng yoyildi. Asarda butun insoniyatni bezovta qilib turgan katta global masalalar ko’tarib chiqilgan. Bu asarda ham talaygina syujet liniyalari mavjud. Insonlardagi mehr-oqibatning tugab borayotganligi haqidagi tashvishli fikrlar Bo’ston va Bozorboy obrazlari o’rtasidagi konfliktda ko’rsatiladi.
     Avdiy Kallistratov bilan Kandalov o’rtasidagi kurashlar tasvirida esa hozirgi davrda juda muhim masalalardan biri bo’lgan giyohvandlik haqida fikr yuritiladi. Avdiy xuddi Iso payg’ambar singari odamlarni yomon yo’ldan qaytarmoqchi, insofga chaqirmoqchi bo’ladi va shu yo’lda o’zi ham halok bo’ladi. Asarda “Bibliya” kitobidan olingan syujetlar ham bugungi dunyomiz uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Bu mashhur yozuvchi M.Bulgakovning “Master va Margarita” kitobida ham berilgan edi. Ch.Aytmatov ham shu an’anani o’ziga xos ravishda davom ettirdi.
     Akbara va Toshchaynar nomli bo’rilar obrazi orqali esa ekologiya masalalari ko’tarib chiqiladi. Tabiat va inson o’rtasidagi munosabatlarning bugungi davrimizda o’ta qaltis holga kelib qolganligi hikoya qilinadi.
     Bo’ston va Bozorboy o’rtasidagi ziddiyatlar ayniqsa asarda juda qiziqarli berilgan. Bo’ston halol inson, u cho’ponlik qilib shuhrat topadi, obro’ orttiradi. Oliy Sovet deputati bo’ladi. U shu shon-shuhratlar orqasidan farovon hayot kechirishi mumkin edi. Lekin u boshqa yo’lni tanlaydi. Bo’ston majburiyatbozlik, shiorbozlik, xo’jako’rsinlikka qarshi boradi, bu yo’ldagi soxtaliklarni qoralaydi. Qog’ozdagi, matbuotdagi “yolg’on to’kin-sochinlik va farovonlik”lardan iztirob chekadi. U tabiatning o’zgarib borayotganidan qattiq tashvishga tushadi. Bozorboy obrazi esa Bo’ston obrazining aksi, u o’z manfaati yo’lida har qanday qabihlikdan qaytmaydi. Uning uchun kayfu safo bo’lsa bas. U tabiatni, insoniy mehr-muhabbatni ham mensimaydi. U o’ta baxil shaxs. Bo’stonning yutuqlarini ko’ra olmaydi. Shuninig uchun bo’ri bolalarini ataylab Bo’stonning uyi orqali olib keladi. Chunki bolalarining hidini bilgan bo’rilar kelib Bo’stonning qo’ylarini qiradi. Oxirida uning uch yashar o’g’lini olib qochadi. Bo’rini otaman degan Bo’ston o’z o’g’lini otib qo’yadi. Keyin u Bozorboyni ham otadi. Asarda tabiatga teginsang, bir kuni u seni jazolaydi, degan fikr bor. Vertolyot orqali Muyunqumda ovga chiqqanlar, kiyiklarni ayovsiz qiradi. Bunda bo’rilar ham, kiyiklar ham qo’shilib birga halokatdan qochishadi. Tabiat o’z qonun-qoidalari bilan yashaydi. Unga odamning aralashuvi, uni zo’rlab o’zgartirishlar fojia bilan tugashi asarda misollar bilan isbotlangan.
     Asarning “Kunda”(“Qiyomat”) deb nomlanishi ham shundan olingan. O’zbekchaga asarni I.G’afurov mahorat bilan tarjima qilgan. Ch.Aytmatov bu asarida ham qadimiy mif va afsonalardan ko’p foydalandi. Ayniqsa, diniy rivoyatlarning ko’plab keltirilishi, asar syujetining juda qiziqarli bo’lishiga xizmat qilgan.
     Qirg’iz xalqining faqat qirg’iz xalqiningina emas, balki hozirgi duyomizning mutafakkir yozuvchisi Ch. Aytmatov  keyingi yillarda  ham ajoyib asarlar yaratmoqda.  Uning «Oxir  zamon  nishonalari», «Chingizxonning oq  buluti» nomli  asarlari  yuksak darajadagi katta mahoratning mevasi sifatida vujudga kelgan.  Yozuvchining har bir asari hozirgi dunyo adabiy jarayonida  katta voqia  sifatida tan olinadi. Ch. Aytmatov «Oxir  zamon  nishonalari» nomli asarida  insoniyat hozirgi  davrda muhim  muammolar oldida chorasiz qolayotganligi,  kelajakda uni nimalar kutayotganligi haqida yozilgan.  Adib dahshatli  fojialardan ogohlantiradi.  Har bir ayol dunyoga kelajak farzandlarining baxtli bo’lishini xohlaydi. Lekin  insoniyat kelajagiga nimalar taxdid  solayotganini  ular aniq bilishmaydi.  Kitobda tasvirlanishicha esa Ona  qornidagi  embrion buni sezib,  dunyoga kelmaslik  uchun harakat qiladi. Ikki-uch oylik  homila onaning  peshonasiga dog’ bo’lib chiqib, o’z  noroziligini bildiradi.  Buni kosmosdan yuborilgan zondaj nurlar orqali aniqlash mumkin.  Rus olimi Nikolay Krilsov ana   shunday olamshumul  kashfiyot qiladi. Kitobning bosh qahramonlaridan  biri bu  olim  insoniyatni qanday  dahshatlar kutayotganligini oldindan  ogohlantirmoqchi bo’ladi.  Lekin bu ko’r olomon, uning  kashfiyotlarini tan olmay, o’zini-o’zini halok  qilishga majbur etadi.  Asardan olingan  mana bu parchaga e’tibor beraylik:

     «Bo’lajak ona quyidagi musibatlar haqida o’ylamasligi mumkin emas:
- ocharchilik;
- xaroba kulbalar;
- kasalliklar, jumladan SPID;
- urushlar;
- iqtisodiy buxronlar;
- ijtimoiy qasirg’alar;
- jinoyatchilik;
- fohishabozlik;
- giyoxvandlik va narkomafiya;
- elatlararo qirg’inlar;
- irqchilik;
- ekologik, energetik halokatlar;
- yadro sinovlari;
- qora tuynuklar va hakazo va hakazo».

     Bularning hammasi  qo’lbola hodisa- voqialar oqibati,  bularning hammasi  odamlar dastidan. Odamzodning boshiga  tushayotgan  musibatlar avloddan-avlodga ortib bormoqda. Va bularning hammasida barchamiz ishtirokchimiz. Mana, nihoyat, Iloh  bizni jahannam labida  to’xtatib, Kasandra     tamg’asi orqali o’zi haqida nishon bermoqda.» Xaqiqatdan ham, dunyoda bo’layotgan ko’pgina  falokatlarga insoniyatning o’zi sababchi  bo’lmoqda.  Uning nafs balosi tufayli yer yuzida katta-katta fojialar sodir bo’lmoqda:  Iqlim o’zgarmoqda, ekologik katastrofalar,  qirg’in-barot urushlari  avj olmoqda.  Kitobda ana    shunday umuminsoniy masalalar haqida  fikr yuritiladi.  Haqiqatdan ham,  Ch. Aytmatov mutafakkir yozuvchi sifatida  butun insoniyat  manfaatlari  nuqtai nazaridan  masalaga yondashadi. Uning asarlarining qahramonlari yer yuzidagi  turli millat  kishilaridir.  Bu kitobda ham  ruslar, inglizlar,  nemislar, ispanlar kabi turli millat vakillari ishtirok etadi.
     Amerikalik olim  Robert Bork,  yosh siyosatchi Entoni Yunger va Amerika  prezidentligiga  o’z nomzodini qo’ygan  shuxratparast, o’z manfaati yo’lida hyech narsadan  toymaydigan Oliver Ordoklar bu asarning asosiy  ishtirokchilaridan  sanaladi.  Yozuvchi ana shu qahramonlar tilidan  juda ko’plab global masalalarga e’tiborni  tortadi.  Masalan, e’tiqod  qiladigan dinlar turlicha. Har bir din o’zini haqiqiy mukammal din deb hisoblaydi va  boshqalardan ustun  ekanligini  ro’kach qiladi.  Kitobda ana shu masalaga quyidagicha munosabat bildiriladi:
     «Dinlar uyushmalarga birlashishsa mavjud  dinlarning birontasida ham  Xudo g’oyasi zaiflashmagan  bo’lur edi.  Aksincha, dinlar ko’pqirrali, oshkor va ustivor xususiyatga ega bo’lar, eng muhimi- ajoyib nazariyalardagina emas,  balki hatti-harakatlarda ham dinlarning tub mohiyati insonparvarlik negizida  qurilgan bo’lur edi.
     Aslida Tangri bitta, unga e’tiqod qilish turli yo’llar bilan amalga  oshiriladi, deydi asar qahramoni Bork.  O’tmish avlodlardan farqli o’laroq yigirmanchi asr oxirlarida yashayotgan odam- barcha dinlar meniki va men barcha dinlarning muxlisiman,  men barcha dinlarning barcha ibodatxonalariga kirib turaman va barcha ibodatxonalarda aziz ziyoratchiman deya olsin».
     Kitobda ana shunday  dinlarni birlashtirish g’oyasi haqida ham ba’zi fikrlar keltiriladi.  Albattda  bunday fiklarga tarafdorlardan ko’ra,  qarshilar ko’proq bo’lsa kerak. Lekin  bag’rikenglik barcha  dinlarga xos bo’lish kerak degan g’oya keyingi  vaqtlarda butun dunyo bo’ylab asta-sekin kengayib bormoqda.
     Xullas, Ch.Aytmatov davrimizning zabardast yozuvchisi sifatida o’zbek kitobxonlarining ham sevimli adibiga aylangan. Keyingi yillarda ham adibning bir qancha asarlari e’lon qilindi. Bu asarlari ham g’oyaviy-badiiy jihatdan yetuk asarlar deb baholanmoqda. Bundan tashqari yozuvchining hozirgi dunyomizning aktual problemalariga bag’ishlangan ko’plab publisistik maqolalari ham e’lon qilinmoqda.

 


Adabiyotlar

1.  Ch.Aytmatov, M. Shaxonov. Qoyada qolgan ovchining oxi-zori. T., 2000.
2.  Ch.Aytmatov va o’zbek adabiyoti. Samarqand. 1989
3.  Ch.Aytmatov. “Qiyomat”, “Asrga tatigulik kun”. Romanlar. So’z boshi ,M. Qo’shjonov.T.,1989.
4.  Ch.Aytmatov. Tanlangan asar. 2 tomlik. T., 1978.
5.  Ch.Aytmatov. Oxir zamon nishonalari. Toshkent, «Sharq», 2001.


http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!