Qirg’iz xalqi nomi tarixiy manbalarda ko’p uchraydi. Hatto eramizdan oldingi davrga mansub yodgorliklarda ham “qirg’iz xalqi” degan nomga duch kelamiz. Ular asosan chorvachilik bilan shug’ullanib, ko’chmanchilik hayotini uzoq asrlar boshidan kechirdi. Qirg’iz halqi ko’p asrlar davomida chet el bosqinchilarining zulmi ostida bo’ldi. Markaziy Osiyo hududiga bostirib kelgan arablar, mo’g’ullar, qoraxitoylar, qirg’iz xalqini ko’p yillar ekspluatasiya qildi. Keyinchalik qirg’izlar Qo’qon xonlarining zulmini boshidan kechirdi. XIX asrda esa qirg’izlar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olindi.
     Qirg’iz xalqi yozuvga ancha kech, ya’ni 1924 yili ega bo’ldi. Tarixiy taraqqiyot tufayli XX asrda qirg’izlar o’z davlatiga ega bo’ldi.
     Qirg’iz adabiyotining tarixi asosan xalq og’zaki ijodi asarlaridan iborat. Turli mavzulardagi ertaklar, qo’shiqlar va dostonlarda qirg’iz xalqining xayoti ularning orzu umidlari aks ettirilgan. Hajviy va yumoristik mazmundagi latifalar Ko’sa va Kal obrazlari orqali berilgan. Aldar Ko’sa haqidagi ertaklarda g’oyaviy o’tkir problemalar ko’tarib chiqilgan. “Ko’rman yek”, “Ertobildi”, “Ertushtik”, “Jonil Mirzo” kabi xalq qahramonlik dostonlari juda mashhurdir. Qirg’iz xalqining butun dunyoga mashhur bo’lgan dostonlaridan biri, shubhasiz, “Manas” eposidir. Bu asarda xalqning ko’p asrlik tarixi, ularning chet el bosqinchilar zulmiga qarshi erk va ozodlik uchun olib borgan kurashi aks ettirilgan. Bu she’riy asarning hajmi nihoyatda katta bo’lib, 500 ming baytni tashkil etadi. U uch katta qismdan iborat. Birinchi qismda Manasning qahramonliklari hikoya qilinadi. Ikkinchi qismda esa Manasning o’g’li Semetey, uchinchi qismda uning nabirasi Seytekning hayoti, sarguzashtlari hikoya qilinadi. “Manas” eposi o’z ichiga ko’pgina dostonlarning qamrab oladi. Bunda Manasning el-yurt ozodligi uchun ko’rsatgan qahramonliklari mahorat bilan tasvirlangan. U qirg’iz elini Afg’on va Qalmoq bosqinchilaridan saqlab qoldi. U Farg’onaga kelib bobodehqondan dehqonchilikni o’rganadi. U turli o’lkalardan kelgan polvonlarning ko’pchiligi bilan do’stlashadi. Umuman, Manas xalqining porloq kelajagi uchun, baxt-saodati uchun kurashgan qahramon sifatida tasvirlangan. Eposning Semetey va Seytek hayotiga bag’ishlangan qismlarida ko’proq ishq-muhabbat va hayotiy-maishiy mavzularga e’tibor berilgan.
     Qirg’iz baxshilarining ko’pchiligi manaschi-baxshilar bo’lib, ular faqat shu dostonni kuylaydilar. Manasning qalmoq xoni yuborgan Alvasti Kojart Alp, Kuchku, Joloy kabi pahlavonlar ustidan erishgan g’alabalari ayniqsa ko’tarinki ruhda kuylangan.
     Ma’lumki, yaqinda Qirg’izistonda “Manas” eposining 1000 yilligi nishonlandi. Eposning ko’pgina variantlari yozib olindi. Albatta, har bir manaschi-baxshi bu eposning aytishda o’zidan ham biron-bir yangilik qo’shib, unga ijobiy yondashadi. Shuning uchun dostonning ayrim variantlarida Manas boshqa yurtlarni bosib oluvchi, ularga qirg’in keltiruvchi zolim sarkarda sifatida ham tasvirlanadi. Ayrim variantlarida esa Manas xalqparvar, adolatli inson sifatida tasvirlangan.
     Yozuvchi Ch.Aytmatovning yozishicha Sayoqboy Qoralayev degan baxshi “Manas” eposidan bir million misrani yoddan bilgan. Xullas, “Manas” eposi xajm jihatidan dunyodagi eng katta eposdir. Unda qirg’iz xalqining tarixi, geografik o’rni, madaniyati, urf-odatlari haqida keng ma’lumotlar bor. Bunday katta xajmdagi eposni butun xalq yaratgan. Dastlab irmoq sifatida paydo bo’lgan bu epos, bizning bugungi kunimizga kelib katta dengizga aylandi. (Ch. Aytmatov) Bu asarda realistik, romantik, fantastik, simvolistik badiiy tasvirlash usullaridan keng foydalanilgan.
     XIX asr o’rtalarida Qirg’iziston Rossiyaga qo’shib olingach, uning adabiyotida ham ayrim o’zgarishlar bo’ldi. Arab yozuvini egallagan ba’zi qirg’iz oqinlarining yozma shakldagi asarlari paydo bo’ldi. Shulardan biri To’g’aloq Mo’ldo (asli nomi Boyimbet Abdurahmonov) xalq ertaklari va qo’shiqlarini qayta ishlab “Jonbaxti”, “Kemchintoy”, “Eshak va bulbul” singari original xajviy dostonlar yozdi.
     O’rta hol dehqon oilasida tug’ilib  voyaga yetgan To’g’aloq Mo’lda (Baimbet Abduraxmanov) yoshligida eski maktabda o’qib savodini chiqardi. Lekin u xalq oqinlaridan ko’p o’rgandi. Qirg’iz xalqining boy folklori an’analari ruxida tarbiyalandi. Ayniqsa Musaka degan oqin yosh shoirga juda ko’p xalq og’zaki ijodidagi qo’shiqlarni va qo’biz chalishni  o’rgatgan edi. U  «Bo’z yigit», «Qiz Jibek» «Bayan suluv» singari dostonlarni yodlab, bularni qo’biz jo’rligida xalq o’rtasida kuylab yuradi. Shuningdek, shoir ko’plab xalq qo’shiqlarini, termalarini va o’zi to’qigan she’rlarni ham kuyga solib, tez orada mashhur oqin darajasiga ko’tarildi.
     U rus tili va alfavitini mustaqil o’rganib olib, bu tilda yaratilgan asarlarni o’qiy boshladi. To’g’aloq Mo’lda qirg’iz adabiyoti tarixida birinchi bo’lib masallar ijod qilgan. Uning «Turna bilan Tulki», «Bo’ri va tulki», «Bedana va tulki» kabi masallari rus yozuvchisi Krilov ta’sirida yozilib, ularning tarbiyaviy tomondan ahamiyati buyuk edi.
     To’g’aloq Mo’ldoning xotin-qizlar ozodligi mavzusida yozgan asarlari ham anchaginadir. Mustabid tuzumda inson erkining, huquqining paymol qilingani shoirning «Sotilgan qiz armoni», «Cholga tekkan qiz armoni» kabi bir qancha she’rlarida afsus va nadomat bilan ifodalanadi. U ma’rifatparvarlik haqida ham bir talay asarlar yaratgan ijodkordir.
     Shoirning «Olatov» nomli dostonida Ona-yurtning tabiati o’zgacha mehr bilan kuylanadi. Tiniq suvlari, qorli cho’qqilari, yashil vodiylari shoir qalamida yanada boshqacha ko’rk bilan jilvalanadi. Shoirning «Yer va uning bolalari» nomli dostoni ham juda mashhur bo’lgan. Bu dostonda Yerni butun mavjudotni o’z bag’riga oluvchi ona deb ataydi. Shunday ekan Unga xuddi onaga bo’lgan munosabatda o’ta mehribonlik bilan yondashmoq lozim deydi. To’g’aloq Mo’ldo «Otgantong va Suyganboy», «Nasixat» kabi poemalarida inson erki, uning ozodligini, hurriyatni ko’tarib chiqdi. Xotin – qizlarning erkaklar bilan teng huquqligi haqidagi masalani, u qirg’iz adabiyotida birinchilardan bo’lib o’rtaga tashladi. Uning 200 bosma taboqqa yaqin qo’l yozma asarlari to’plangan. Bular qirg’iz adabiyotining yuksalishiga, taraqqiyotiga katta hissa bo’lib qo’shilmoqda.
     Xalq baxshilaridan biri To’xtagul Sotilg’anov xam qirg’iz yozma adabiyotining shakllanishiga katta hissa qo’shdi. U yoshligini qattiq qiyinchiliklarda o’tkazdi. Andijonda Dukchi eshon boshchiligida ko’tarilgan xalq qo’zg’olonida ishtirok etgani uchun sakkiz yil Sibirda surgunda bo’ldi. T.Sotilg’onov ana shu og’ir xayotiga asosiy sababchilar rus imperiyasi va mahalliy amaldorlar deb bildi. U “Eshon xalfa”, “Besh qobon” singari she’rlarida mahalliy amaldorlarning, nafsi o’pqon ruxoniylarning yaramas kirdikorlarini fosh qildi.

          Yetim-yesir xolsizni
          Savalading, besh to’ng’iz
          Odam o’rnida yo’qsilni
          Sanamading, besh to’ng’iz
          Yeb-ichishdan boshqani
          Tan olmading, besh to’ng’iz

     Shoirning surgunda va undan keyingi davrlarda yozgan “Alvido, xalqim”, “Surgunda”, “Tog’ burguti”, “Sog’inish”, “Uch xo’ja” singari she’rlari ham katta g’oyaviy badiiy qimmatga ega.
     20 – yillar qirg’iz adabiyotida turli janrlarda dastlabki badiiy asarlar yozildi. Chunki 1925 yilda Qirg’iziston  respublikasi tashkil etildi. Shu yili «Erkin tov» nomli birinchi qirg’iz tilida gazeta chiqa boshladi. Shu gazeta tevaragida qirg’iz adabiyotining vakillari to’planishib, yangi adabiy muhit tashkil etdi.
     To’xtagul Sotilganov, To’g’aloq Mo’lda, Ali To’qimboyev singari shoirlarning she’rlari shu gazetada bosilib chiqar edi. 20 – yillar qirg’iz adabiyoti vakillarining ko’pchiligi xalq oqinlari edi. Ular ijodi og’zaki adabiyot bilan yozma adabiyot o’rtasida ko’prik vazifasini o’tadi.
     Qirg’iz adabiyotida ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qilgan Mo’lda Qilich, Arstonbek, K.Tinishtoyev kabi jadid yozuvchilarining ham o’rni juda katta bo’ldi. Bular ijodida qirg’iz xalqining milliy urf-odatlari, o’zligini anglash masalalari ko’tarib chiqildi. Lekin bu ijodkorlar sobiq ittifoq davrida «millatchilar» deb qoralangan, faqat Qirg’iston o’z mustaqilligini qo’lga olgach, bular ijodi yana o’rganila boshladi.
     20 – yillar qirg’iz  dramaturgiyasining shakllanish davri bo’ldi.       1924 yil Bishkek pedagogika texnikumida dramatik to’garak tashkil etildi, 1926 yilda esa teatr studiyasi tashkil etildi. N. Yeleninning «Mulla Nasriddin» pyesasi birinchi qirg’iz dramasidir. Bu folklor asosida   yozilgan drama edi. M. Tokoboyev  keyinchalik «Qayg’uli Kakey» nomli  dramasini  tarixiy mavzuda yozdi.  Bunda nochor qolgan   kambag’al qirg’iz dehqonining boshiga tushgan turli og’ir kulfatlar tasvirlanadi. Asarda  Moldiboy ismli kambag’al kishi Choyubek  degan qari boyga qarzini to’lash  uchun qizi Kakeyni berishga majbur bo’ladi. Asar oxirida qizning sevgan yigiti Umrqul do’sti Qosim bilan boyni o’ldirib, qizni  olib qochib ketadi.
     Qosimali Jontashev «Cho’ponlar»,  «Qorasoch» kabi dramalarni yozdi.  Bu asarlar ham zamonaviy mavzuda bo’lib,  ularda xotin-qizlar ozodligi, inson erki  kabi masalalar ko’tarilib chiqilgan edi. Shu yillar  Qirg’iz prozasining ilk namunalari e’lon qilina boshlaydi. 1927 yilda Qosimali  Boyaminov «Ajdar» qissasi e’lon qilindi, gazeta va jurnallarda ko’plab  felyeton,  ocherk,   hikoyalari chiqib turdi. Bular  realistik qirg’iz prozasining shakllanishiga  ma’lum darajada xizmat qildi.  Birinchi  qirg’iz romanlari «Kanibek» (K. Jontoshev), «Ken Su» (T. Siddiqbekov) 30-yillarda yozilgan.
     XX asr boshlarida qirg’iz ziyolilaridan Mo’lda Qilich “Zilzila” va “Qirg’izlarning qisqacha tarixi” nomli asarlarida qirg’iz xalqining tarixiga oid ko’p voqyealarni aks ettirdi. Lekin bu asarlar sovet davrida “zararli asar” deb e’lon qilinib, ularni o’qish man etildi. XX asr qirg’iz yozma adabiyotining shakllanish davri bo’ldi. Asrimizning 20-30 yillaridan boshlab prozaik va dramatik asarlar paydo bo’la boshladi. K. Boyaminovning qirg’iz xotin-qizlar o’tmishiga bag’ishlangan “Hojar” povesti, M.Tokaboyevning “Kakey”, K. Jontoshevning “Qora soch”, “Olim va Mariya” pyesalari qirg’iz realistik adabiyotining dastlabki namunalaridan edi. 30 yillarda qirg’iz adabiyotiga T.Siddiqbekov, A.Osmonov, T.Umedaliyev, A.To’xtamishov kabi yosh ijodkorlar kirib keldi. T. Umedaliyevning “Oysuluv”, A.Usmonovning “Toluboy” dostonlari o’sha davrdagi voqyealar tasviriga bag’ishlangan edi. Dastlabki qirg’iz dramatik asarlarining ko’pchiligi tarixiy mavzularga bag’ishlangan edi. 1916 yilgi mardikorlikka olishga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon aks etgan A.To’qimboyevning “Qonli yillar”, M.Eliboyevning “Uzoq yo’l”, J.Turusbekovning “Momot emas, xayot” asarlari yozildi. Tug’ilboy Siddiqbekovning “Manas va Almambet”, A.To’qimboyevning “Manas”,Q.Jontoshevning “Qurmonbek”, J.Boqonboyevning “Oltin qiz” asarlari ham o’tmish mavzusida yozilgan edi.
     30-yillar qirg’iz adabiyotida eng sermahsul yillar bo’ldi. Chunki bu davrda avval qirg’iz adabiyotida bo’lmagan prozaik va dramatik asarlar paydo bo’ldi. Tug’ilboy Siddiqbekov “Ken suv” va “Temir” romanlari bilan qirg’iz adabiyotida romanchilikka asos soldi. Bu asarlarda sosialistik mafkurani targ’ib qilish kuchli bo’lsa-da, 20-30 yillar Qirg’izistondagi ijtimoiy-siyosiy voqyealarni yoritib bergan.
     Urush va undan keyingi yillar qirg’iz adabiyoti sobiq SSSRdagi barcha xalqlar adabiyoti singari rivojlanish bosqichini o’tadi. “Vulgar sosialogizm”, “Konfliktsizlik nazariyasi” singari zararli oqimlarning qirg’iz adabiyoti rivojiga ham salbiy ta’siri borligini sezamiz.
     Urushdan keyingi yillar qirg’iz adabiyotida tinchilik, do’stlik, mehnat temasida ko’plab she’rlar yaratildi. A.To’qimboyevning “Jangchi-paxtakor”, “O’z ko’zim bilan ko’rganim”, T.Umetaliyevning “Oq oltin qo’shig’i”, “Cho’pon haqida qissa”, Q.Malikboyevning “Qodir aka” kabi dostonlari bu davr qirg’iz poeziyasining go’zal namunalaridan edi.
     A.To’qimboyev qirg’iz yozma adabiyotining  beshigini tebratgan  ijodkorlardan biridir.  Uning   biriinchi she’ri “Erkin tog’” nomli gazetada  1924 yili  e’lon qilingan.   Birinchi she’rlar to’plami 1927 yilda Toshkentda nashr etilgan.   Keyinchalik uning “Tutqin  Marat”, “Yetim” nomli dostonlari nashr etilgan. Bu asarlarida shoir o’z boshidan o’tkazgan qiyin turmushning badiiy kartinasini ishonarli qilib chizib bergan.  “Akay Mergan”, “Yo’l ertaklari” nomli hikoyalar to’plamlari  ham qirg’iz adabiyotida kichik prozaning  rivojlanishida  katta ahamiyatga ega bo’lgan. Uning “Yarador yurak” povesti ham o’z zamondoshlarining murakkab hayotini aks ettirgan. 50 – yillarda uning “Xitoydagi uchrashuv”,  “O’z ko’zim bilan” poemalari e’lon qilindi.
     Yozuvchi “o’z ko’zim bilan” nomli dostonida Nurboy nomli qirg’iz cho’ponining ongidagi o’zgarishlarning ilm, fan taraqqiyot tufayli qanday yuz berganini tasvirlagan. “Bolalik davrimizda” nomli asar avtobiografik povest bo’lib, unda adibning Toshkentda o’qigan davrlaridagi voqyealar tasvirlangan. A.To’kimboyev “O’rmon hokimi”, “Qasos” kabi dramatik asarlar ham yozgan.
     Urushdan keyingi yillar qirg’iz she’riyatiga R.Shukurbekov, S.Eraliyev, S. Jusuyev, M.Jong’oziyev kabi yoshlar kirib keldi. Proza sahasida esa Ch.Aytmatov, N.Boytemirovlarning ijodi juda mashhur bo’ldi.
     1945 yilda yozilgan T.Siddiqbekovning “Zamonamiz kishilari” romani Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. Issiq ko’l  vodiysida tug’ilgan.  To’g’ilbeyning yozuvchi bo’lib  yetishishida  onasining roli katta  bo’lgan.  Uning  birinchi she’rlar to’plami «Kurash» 1933 yilda e’lon qilindi.  Keyinchalik  uning  «Botirlar», «Oqin bulbul» singari she’riy to’plamlari nashr etildi.  U  bir qancha  hikoyalar,  qissalar ham ijod qilgan.  Ayniqsa  bolalarga atab yozilgan «Tog’ bolalari» qissasi ko’pgina tillarga tarjima  bo’lgan.
     Yozuvchi bir qancha  romanlarning  ham muallifidir. Uning  «Ken suv»  romani 30- yillarda  yozilgan bo’lib,  qirg’iz qishloqlarida yuz bergan o’garishlarni  o’zida aks ettirgan.  Keyinchalik bu asar qayta ishlanib «Tog’lar orasida» nomi bilan nashr etildi.  Asar qahramonlari Saparbay, Soke, Iymanboy,  Saodat,  Qalpoqboy  kabilarning hayot yo’lini ko’rsatish bilan qirg’iz  xalqining sobiq Ittifoq davridagi hayoti aks ettirilgan. Albatta  yozuvchi o’z davrining odami sifatida bitta xalqni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’ygan kommunistlar  ideologiyasini ham  targ’ib qildi.  Lekin  shunga qaramasdan, bu  davr qirg’iz xalqi hayotining realistik  kartinasi romanda  to’g’ri ko’rsatilgan. «Temir» romani esa adib tomonidan  1939-40 yillarda  yozilgan.  Bu «Ken suv» romanining  mantiqiy davomi sifatida  ko’zga tashlanadi.  Bosh qahramon Temir irodasi mustahkam, qiladigan ishini avvaldan puxta, pishiq rejalab oladi. Romandagi  salbiy obraz  Bo’riboy nihoyatda  ayyor,  zolim va  yovuz  kishi sifatida  berilgan.  U o’z maqsadiga erishish uchun hyech narsadan qaytmaydi.  Temir ana shu Bo’riboy bilan konfliktda yutib chiqadi.
     Yozuvchining  «Zamonamiz kishilari» romani urush davrida  yozilgan. Asarda  Issiq ko’l vodiysida  yashayotgan qirg’iz xalqi  hayoti tasvirlangan. Charg’in, Akiya, Batish, Dmitriy, Gulnor kabilar zamonamiz kishilari  obrazi sifatida  namoyon bo’ladi.
     Xullas, T. Sidiqbekov  qirg’iz adabiyoti,  xususan,  romanchiligini rivojlantirishda katta ijodiy yutuqlarni qo’lga kiritdi.
     N.Boytemirov urush yillaridagi voqyealarga bag’ishlab “Azamat” nomli qissa yozdi. Bu qissa uchuvchilarning urush yillarida ko’rsatgan jasoratlariga bag’ishlangan. Uning “So’nggi patron” nomli romani ham shu mavzuda yozilgan. Yozuvchining “Saltanat”, “Yulduzxon” kabi romanlarida urushdan keyingi qirg’iz qishloqlaridagi voqyealar aks ettirilgan. Bu asarlar mazmunini tashkil etuvchi voqyealar bizga H.Olimjonning “Zaynab va Omon” poemasini eslatadi. Chunki Yulduzxon ham Zaynab singari yetim qiz. Uni tarbiyalagan Totibek eskilik qoldig’idan qutulmagan, Yulduzni o’qishga qo’ymaydi. Yulduz mehnati bilan kolxozda obro’ topadi. Totibek uni turmushga bermoqchi bo’lganda, qiz sevgan yigiti bor ekanligini aytadi. Xullas, voqyealar shu tarzda rivojlanib, oxir oqibatda Yulduzxon boshliq yoshlar jaholat ustidan g’alaba qiladi. Yulduzxon asar finalida Oliy kengash deputati bo’ladi.
     Keyingi yillar qirg’iz dramaturgiyasi rivojiga T.Abdumo’minov “Tor dara”, “Qumloq adir”, K.Malikov “Baland yerda” pyesalari bilan katta hissa qo’shdi. M.Boysheyevning “Bahs”, Ch.Aytmatovning “Momo yer” kabi pyesalari o’zbek teatrlarida ham qo’yildi.
     Keyingi o’n yilliklarda qirg’iz adabiyotida ko’pgina talantli yozuvchilar ijod qildi. Bu davrda T.Siddiqbekovning “Ayollar” trilogiyasi, Qosimbekovning “Singan qilich” nomli tarixiy romani o’quvchilarga manzur bo’ldi. E.Mansurovning “Oq kiyik”, O.Donikeyevning “Qizil qoya”, Sh.Beyshanalayevning “Omonat” povestlari ham yaxshi asarlar deb tan olindi.
     A.To’xtamishovning “Oltin tog’” she’riy romani, S.Jusuyevning “Suqlanish” kabi dostonlari; O.Sultonov, Sh.Abduhaliqov J.Sodiqovlarning she’riy to’plamlari keyingi yillar qirg’iz poeziyasining ko’zga ko’ringan asarlari sanaladi.
     Dramaturgiyada T.Abdimo’minov “Kechirilmas gunohlar”, B.Jakiyev “Ota taqdiri”, M.Tojiboyev “Moskvalik kelin”, “Haq yo’l” kabi asarlari bilan mashhur bo’ldi.
     50-yillarda  adabiyotga kirib kelgan talantli shoir S. Eraliyevning yoshligi  ikkinchi jahon urushi  davriga to’g’ri keldi.  U frontda  janglarga  qatnashib jasoratlar ko’rsatdi.  Shoir vatan uchun qon to’kib jang qilish bilan birga, unga bag’ishlab  ajoyib  asarlar ham yaratdi. 1978 yilda shoirning «Tog’lar farzandiman»  nomli she’riy to’plami  o’zbek tiliga tarjima qilinib nashr  etildi.  Bu kitobdagi she’rlar uning ona yurtiga bo’lgan otashin muhabbatidan  darak beradi.  Uning  «Tog’ o’g’liman», «Tog’liksan», «Men qirg’izman» she’rlari xuddi Vatanga  bag’ishlangan madhiyaday yangraydi. Masalan. «Men qirg’izman»  she’rida quyidagi misralar fikrimizga  isbot bo’ladi.

             Men jarchiman,
             Xabarchiman
             To’lqinlanar yuragim,
             Shodligimni cheki yo’q
             Toshqin daryo singari
             Ginasi yo’q, keki yo’q
             To’xtagulning yerida,
             Yani qirg’iz elida
             Tantanali tuy bugun
             Tashvishingni qo’y bugun
             Bo’z o’tovlar tikilgan
             Issiq ko’lning bo’yiga 
             Eh, xaloyiq, xaloyiq
             Bu tuy maqtovga loyiq.

     S. Eraliyev  «Jonil Mirzo» nomli doston ham yozib, unda  Jonil Mirzo haqidagi folklor asaridan foydalandi. Bu asar vatanparvarlikni targ’ib etuvchi asar sifatida shoir ijodida alohida ahamiyatga ega.
     Quvonchbek Malikov    qirg’iz adabiyotining ko’zga ko’ringan shoiri va dramaturgi, uning ilk asarlari 1928 yildan e’lon qilina boshlandi. Uning «Kuzgi dalalar», «Qonga qon», «Olatovlik qardoshlar» singari  she’riy to’plamlari va dostonlari e’lon qilindi. Ayniqsa, uning «Muhabbat va do’stlik» nomli dostoni juda mashhur bo’ldi.
     Quvonchbek Malikov    qirg’iz  teatrining  yuksalishiga katta hissa qo’shdi. U birinchilardan bo’lib «Oycho’rik»,  «Manas» va «To’xtagul» singari  operalar yaratdi. «Buyuk zamona», «Jonil Mirzo» singari  dramalari ham adib ijodida yorqin asarlardan hisoblanadi. «Jonil Mirzo» dramasi folklor asosida  yaratilgan. Ma’lumki, Janil ismli qiz o’z xalqining ozodligi uchun kurash olib borgan. U dushmanning mashhur botirlari bilan yakkama-yakka jangda merganlik bilan g’alaba qozongan. Qalmoq xoni  Mantu uni hiyla bilan asirga olganda, butun xalq ko’tarilib, uni tutqinlikdan  ozod qilgan. Ana shu syujet asarga  mahorat bilan singdirilib, tomoshabinga zavq beradigan, uning ongiga ta’sir qiladigan ko’rinishlar  vujudga kelgan.
     Q. Boyaminov  1902 yilda Baliqchi rayonida  tug’ilgan. 2 yoshida onasidan, 10 yoshida otasidan yetim qolgan. Keyin yetimlikning achchiq qismatini tatib turli joylarda ishladi. O’z urug’i bilan  Xitoyga keldi. Ana  shu bolalik davri haqida adib «Ajar», «Murot», «Voyaga yetgan yetim»  kabi qissalar yozgan. «Ajar» qirg’iz adabiyotidagi birinchi qissa. Bunda Aytqul ismli kishining  farzandlari turli kasalliklardan  vafot etadi.  Keyin uning xotini  Fotima qizli bo’ladi, uning ismini Ajar qo’yadi. Aytqul urushda halok bo’ladi, xotini kasal bo’lib o’ladi. Ajarni bir qari cholga xotinlikka beradi, qiz uning uyidan qochib ketadi. Lekin uni tunda bo’rilar yeb ketadi.  Bu asarda yetimlikning  achchiq qismati  juda ta’sirli qilib berilgan.
     Yozuvchining «Issiqko’l yon bag’irlarida» nomli povesti ham ancha mashhur bo’lgan. Bunda qirg’iz xalqining  ijtimoiy tuzumida turli o’zgarishlar bo’lgan paytdagi hayoti tasvirlangan.  Asar syujetiga   tabiat  manzaralari tasviri, xalq urf-odatlari, turli afsona va rivoyatlar ham mahorat bilan singdirib yuborilgan. 
     Keyingi   yillarda qirg’iz adabiyotida, ayniqsa uning she’riyatida  iste’dodli shoirlar  ijod qilmoqda. Bu  shoirlarning    ijodida bir tomondan xalq og’zaki ijodining an’analariga ergashish  ko’zga tashlansa,  ikkinchi tomondan, zamonaviy  Yevropa adabiyotining ta’siri ham sezilib turadi.  Mendi Mamazoirova,  Suyarqul Turg’unboyev, Abdurashid Urboyev, Xo’jakeldi Kultegin, Nodirbek Alimbekov,  Yadgar Salayev singarilarning  she’rlari bugungi  qirg’iz adabiyotini  bezab turibdi.
     Qirg’iz she’riyatida  o’zlikni anglash,  milliy urf-odatlar,  qadimiy qadriyatlarni  tiklash kabi  mavzularda ham ko’plab she’rlar yozilmoqda.  Ma’lumki,  qadim qirg’iz adabiyotida  baxshilarning aytishuvi ham katta  rol o’ynagan. Bu baxshilar xalq to’plangan joylarda o’z ijodlarini namoyish etib, ham shoirlik,  ham hofizlik  san’atini  egallaganlar. Ular o’z davridagi muhim voqialar haqida  kuylab, katta falsafiy, teran fikrlarni bayon etishgan.  Hozirgi qirg’iz she’riyatida  ana shu  an’analarning ham  davom etayotganligi ko’zga tashlanadi.
     Bulardan   tashqari she’riyatning  umrboqiy mavzusi sevgi va sadoqat haqida  ham ko’pgina  she’rlar yaratilmoqda.  Masalan,  Mendi Mamazoirova «Sog’inch qo’shig’i»  nomli she’rida  shunday misralarni  yozadi:

          Oylar kunni yutar ekan yamlamay
          Menchi  buni goho anglab, anglamay,
          Ora-sira ko’zga tushib qolaman,
          Cho’ntagingda qolib ketgan tangaday

     Shoir Abdurashit Urboyev  yaqin  o’tmish mavzusini yoritishga  ko’proq urinadi. Uning «Qurbonjon dodxohning vasiyati» nomli she’ri bunga misol bo’la oladi. Ma’lumki,  Qurbonjon dodxoh Turkistonda rus bosqiniga qarshi kurashgan jasur, qahramon kishi edi. U ayol bo’lishiga  qaramasdan,  katta qo’shin to’plab  ruslarning O’rta Osiyoga kelishiga qarshi jang qildi. Abdurashit Urboyevning  bu she’rida Qurbonjonning el-yurtiga, umuman, turkiy xalqlarga qarata o’lim oldidagi murojaati aks ettirilgan.  Bu murojaatda  har qanday holatda ham  Vatanni, millatni himoya qilishga da’vat etilgan. El ichida ko’plab sotqinlar ham chiqqan, ular  o’zga  yurtdan kelgan bosqinchilarni non va tuz bilan  kutib olgan. Bu ishni ular  tor manfaatlar doirasidan kelib chiqib qiladi.  Dushmanlarning  marhamatiga  sazavor bo’lish,  ular tuzgan  yangi  davlatdan biror  mansabni  egallash  ilinjida  millatni sotadiganlar ham xalq ichida  anchagina uchraydi.
     Agar  yurti birlashsa, u katta kuch bo’ladi, uni yengadigan, unga  bardosh beradigan dushman yo’q deyiladi ushbu she’rda. Lekin hozirgi dunyoda omon qolish uchun birlashish bilan birga,  xushyor, farosatli bo’lish ham talab qilinadi.  Aks holda  xalq boshida qora bulut aylanib, «porloq kelajak» emas, balkim qandaydir boshqa kelajak kutadi deydi shoir.

          Xushyor bo’ling, zamon boshqa, shart boshqa,
          Iloj yo’qdir ot tizginin tortmasga.
          Bizlar uchun mezon bo’lsin farosat,
          Ishonmanglar, «Men do’st degan har kasga…»

          Jigarlarim, elu-yurtim, farzandim,
          Yaqin qoldi u dunyoga safarim.
          So’zlarimni uqib oling, azizlar,
          Vasiyatim, mening so’nggi gaplarim

          Ko’rmay qolsam agar  osmon yulduzni,
          Ichmay  qolsam xushbo’y, totli qimizni,
          Shoshiling boz xabar bering O’ng, So’lga,
          O’limim ham birlashtirsin qirg’izni…

     Haqiqatdan ham, bu she’rda shoir vatandoshlarini xushyor bo’lishga, birlashishga, farosatli bo’lishga undayapti.  Bu faqat qirg’iz xalqigagina emas,  balki bosqinchilardan jabr ko’rgan barcha ellar uchun ham ogohlantirishday jaranglab  turibdi.
     Ko’pgina qirg’iz shoirlarining she’rlarida o’z yurtining  shonli o’tmishi bilan,  tarixda o’tgan mashhur kishilari bilan faxrlanish tuyg’usi  sezilib turganining  guvohi bo’lamiz.  Masalan, Nodirbek  Alimbekovning «Yoshlari bor» nomli she’rida qirg’iz xalqining o’tmishi bilan faxrlanish tuyg’usi quyidagicha ifodalangan.

          Qirg’izning Talasi bor, Manasi bor,    
          Aytmatovday, Akayevday qanoti bor.
          Uchishga shaylangan shu qanotni
          Sindirishdan  toymagan odati bor.

     Bu satrlarda  faxrlanish tuyg’usi bilan birga, bitta  achchiq haqiqat   ham aytilyapti.  Bir-birini ko’rolmaslik,  baxillik, birovining muvaffaqiyatidan ikkinchisi iztirobga tushish odati barcha turkiy xalqlar ichida, oz bo’lsa-da uchraydi.  Shoir ana shu  salbiy xislatni  armon bilan  ta’kidlayapti.  Lekin she’rning  so’nggi misrasi «Ortida-chi,  zo’r umidli yoshlari bor» degan misralar bilan tugallanib, bu esa o’quvchida  kelajakka umid bilan qarashni ta’minlaydi.
     N. Alimbekov boshqa xalqlarni hyech ham kam ko’rmaydi,  aksincha, ularning ayrim fazilatlaridan qirg’izlar o’rganishi kerak degan to’g’ri g’oyani  olg’a suradi. Uning «Tungonilar» she’rida tungan xalqining nihoyatda  mehnatkash xalq ekanligi ta’kidlanib, qirg’izlar ulardan o’rnak olish kerak deydi.

         Tungonilar ketmon chopib, ter to’kib,
         Rizqin izlab ona yerga yopishar.
         Tanballikka ko’nib qolgan qirg’izlar
         Toqqa qarab uyqusirab yotishar…

     Shoirning «Yahudiylar haqida» nomli she’rida ham, bu mehnatkash xalqning tejamli, aqlli, bir-biri bilan inoq ekanligi  boshqa xalqlarga ham ibrat bo’lish kerak deydi.

          «Bizga o’xshash odam ekan ular ham
          Qo’l-oyog’i,  qoshi, boshi bor».
          Ana shunday ajabtovur latifa,
          Yangilishmasam,  juhudlarga dahldor.

     Zamonaviy qirg’iz she’riyatida  yana bir ko’zga tashlanib turgan xususiyat, bu do’stlik mavzusidir.  Bu do’stlik  eng birinchi navbatda Turkistonda  yashab turgan xalqlar o’rtasida  mustahkam bo’lish kerak,  degan g’oyalar  targ’ib qilinmoqda.  Haqiqatdan ham  qadimda yagona bo’lgan Turkiston uchta xonlikka  bo’linib ketganligi uchun qariyb  150 yil ruslarga qaram bo’lib qoldi.  Ruslar esa Turkistonni  boshqarish ason bo’lsin deb beshga  bo’lib  yubordi. Ana shu beshta  davlat bugungi kunda  tarixiy taraqqiyot  tufayli  mustaqillikka erishdi.  Bu bizning ota-bobolarimiz orzu qilib  kelgan haqiqiy  istiqlol edi.  Hozirgi  ming xil nayranglar o’ynab turgan dunyoda, uni yana yo’qotib  qo’yish hyech gap emas. Shuning  uchun Turkistonning barcha xalqi yagona musht bo’lib birlashish kerak.  Ana  shunday  bo’lsa,  davlat qudratli bo’ladi.  Xuddi shunday g’oyalar  ko’plab zamonaviy  qirg’iz shoirlarining she’rlarida yangramoqda. Bunga misol sifatida Yadgar Solayevning «Besh panja» nomli she’rini ko’rsatishimiz mumkin:

         Besh panja  bor,  beshov birday teng emas,
         Beshov agar biriksami, sen emas,
         Odamzodga  sodiq xizmat qilguday,
         Qudrati bor, yarim-yorti el emas!

         Qirg’iz, qozoq,  o’zbek, tojik, turkmanni
         Qirgan paytda, ajdodlarim hurkkanmi?..
         Besh panjaday ahil bo’lsak, biriksak,
         Ko’rar edik haddi sig’ib, turtkanni!..
  
         Qardoshlikning qadrin avval bilaylik,
         Hamkor bo’lib, doim o’ynab-kulaylik.
         To’yda suyanch, aza  chog’i tobutkash
         Birlashaylik,  mushtum bo’lib yuraylik.

     Ana shunday qadim Turkiston xalqlarining   birlashishiga da’vat boshqa turkiy xalqlar adabiyotida ham keng yoritilmoqda. Turkistonni yagona Vatan deb tushunish,   uning qudrati uchun kurashish faqat ijodkorlarning emas,  balki shu  yerda yashovchi barcha xalqlarning  muqaddas burchi bo’lib hisoblanishi kerak.
Xullas, qirg’iz adabiyoti zamon bilan hamohang tarzda taraqqiy etmoqda. Mustaqillik davrida o’zbek va qirg’iz adabiy aloqalariga yangicha yondashish bo’layapdi. Mashhur yozuvchi Ch.Aytmatovning bevosita tashabbusi bilan “Issiq ko’l forumi” singari uyushmalar tuzildi. Bu uyushmalarning asosiy shiori tinchlik, xalqlar o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlash va adolatni tiklashdan iboratdir.

Adabiyotlar

1.Istoriya kirgizskoy literatur?. M., 1970.
2.Ch.Aytmatov, M.Shoxanov. “Cho’qqida qolgan ovchining ohi-zori”. T., 1998.
3.A.To’qimboyev. Tong oldida. She’riy roman. T., 1985.
4.«Manas» eposi. 1-kitob, T., 1964 y.
5.S.Eraliyev. Tog’lar farzandiman. She’rlar. Toshkent, 1978.

http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!