O’rta Osiyoda yashovchi turkmanlar adabiyoti uzoq tarix va boy madaniy merosga ega. Uning madaniyatida xalq tarixi bilan bog’liq bo’lgan, folklorning roli juda kattadir. Turkman folklorida ashula, qo’shiq, ertaklar bilan birga “Yusuf va Zulayxo”, “Layli va Majnun”, “Shohsanam va G’arib”, “Zuhra va Tohir”, “Asli va Karam” kabi dostonlar O’rta Osiyoda yashovchi boshqa xalqlar og’zaki ijodida ham uchraydi. Ayniqsa, “Go’ro’g’li” turkumidagi dostonlarning ko’pchiligi o’zbek va ozarbayjon xalqlaridagi shu nomdagi dostonlarning variantlari bilan hamohangdir.
     Ayniqsa, O’g’izxon haqidagi qadimgi rivoyatlar bevosita turkman xalqining ham madaniy merosi bo’lib hisoblanadi. Turk-o’g’uz qabilalariga tegishli bo’lgan bu asar asrlar davomida shakllanib epos darajasiga ko’tarilgan. Ayrim tarixiy ma’lumotlarga qaraganda 531-579 yillarda Eronda hukmronlik qilgan Anushervonning vaziri Buzrug Mehr bu eposni («Ulug’xon ota jangnomasi bitigi» nomli asarni) turk tilidan fors tiliga tarjima qilgan. Xalifa Xorun ar-Rashid (763-809) davrida esa bu kitob arab tiligi o’girilgan. Ana shu asar «O’g’iznoma»ning  qadimgi varianti deb taxmin qilinadi. Asarda O’g’izxonning tatar qabilasidan bo’lgan Alp Arslon avlodiga mansubligi haqida ma’lumot beriladi. U yoshligida ona sher sutini ichib ulg’ayganligi, odamlarga qirg’in keltirayotgan vaxshiy Tepako’zni va bir shoxli devni o’ldirgani hamda boshqa qahramonliklari hikoya qilinadi.
     «O’g’iznoma»ning uyg’ur yozuvida XIV asrga oid qo’lyozmasi hozir Parij milliy kutubxonasida saqlanmoqda. «O’g’iznoma» eposi turkiy xalqlarning kelib chiqishi haqida ma’lumot beruvchi eng qadimgi manbalardan hisoblanadi. Unda ibtidoiy davrga oid mifologik obrazlar ham bor. Masalan, O’g’izxon yoshligida osmondan tushgan bir pariga uylanadi va undan Kun, Oy, Yulduz nomli uch o’g’il bo’ladi. Keyin esa o’rmonda bir qizni uchratib, unga uylanadi. Undan ham Ko’k, Tog’, Dengiz nomli uch o’g’il ko’radi. Keyin qo’shni davlatlarga yurish qilib, juda ko’p joylarni bosib oladi. Unga bu janglarda, ov yurishlarida go’yoki, bir ko’k bo’ri doimo hamroh bo’larkan. Bo’rining maslahati bilan ish olib borib, katta g’alabalarni qo’lga kiritadi. O’g’iz xoqon Tibet, Hind, Suriya taraflarni ham qo’lga kiritadi. Keyin dono vaziri Ulug’ Turkning maslahati bilan saltanatni bolalariga bo’lib beradi. Bu esa go’yoki, Chingizxonga nisbat berilgandek tuyuladi. Chunki qo’lyozma ko’chirilgan davrda Chingizxon sulolalarining mavqyei juda baland edi.
     Abulg’ozi Bahodirxonning «Shajarai tarokima» asarida ham turkman xalq og’zaki ijodiga oid ko’plab rivoyatlar keltirilgan. Masalan, Bug’raxon Samarqand, Buxoro va Xorazmni adolat bilan boshqaradi. Qariganda saltanatni o’rtanchi o’g’li Qo’ziteginga beradi. Bug’raxonning aqlli va uch o’g’lining onasi bo’lgan xotini vafot etadi. Ma’lum vaqt o’tgach, o’g’li g’am bosgan otasining ko’nglini olish uchun Ko’rkam nomli go’zal qizga uylantirib qo’yadi. Qizning ko’ngli esa Qo’ziteginda edi. Makkor qiz Qo’zitegindan o’ch olish uchun, oqshom Qo’zitegin mening chodirimga keldi, deb unga tuhmat qiladi. Lekin tezda bu ayolning makkorligi fosh etilib dorga osiladi.
     Turk-o’g’uz qabilalarining barchasiga taalluqli bo’lgan madaniy meroslardan yana biri «Kitobi dada Qo’rqut» nomli mashhur eposdir. Bu asar XV asrning oxirlarida Abdulloh nomli kishi tomonidan tuzilgan. Kitob mustaqil hikoyatlardan tashkil topgan 12 qissadan iboratdir. Birinchi qissada  Dirsaxonning o’g’li Bug’rochxon mard va jasur bo’ladi. U otasining  40 ta navkari sotqin va qo’rqoq ekanligini fosh qiladi. Ular esa Bug’rochxonni otasiga yomonlab, unga tuhmat qiladi. Bunga ishonib g’azablangan bek, o’g’lini o’limga buyuradi. O’g’lini o’limdan onasi zo’rg’a qutqarib qoladi. Oxir oqibat, ana shu navkarlar bekning o’zini ham til biriktirib, o’ldirmoqchi bo’ladilar. Oxirgi vaziyatda o’g’li otasini 40 ta navkarning tajovuzidan saqlab qoladi. Bu qissada sotqinlik va baxillik qoralanadi.
     Ikkinchi qissada esa O’g’uz qabilasi boshliqlaridan biri Qozon-Solar o’z navkarlari bilan ovga chiqib ketganda, uning dushmanlari bo’lgan gyaurlar bekning uyiga hujum qilib, xotini va bola-chaqalarini asir qilib olib ketadi. Lekin uning qo’ylarini va yilqilarini olib ketolmaydi. Chunki oddiy cho’pon katta mardlik va tadbirkorlik ko’rsatib mollarni saqlab qoladi. Ovdan qaytgan Qozon-Solar dushmanlarga qarshi jangga kirib, oila a’zolarini asirlikdan ozod etadi. Bu qissalarda qadimgi bosqinchilik urushlari qoralanadi va qabila sha’nini himoya qilgan mard, jasur o’g’lonlar ta’riflanadi.
     Uchinchi qissada mard, jasur yigit Bomsi-bayroq haqida hikoya qilinadi. Ikki bek uzoq vaqt bolali bo’lmaydi. Keyin esa ularning nolasi Tangriga yetib biriga qiz, ikkinchisiga o’g’il farzand ato qiladi. Ular katta bo’lishgach, bir-birini sevadi. To’y bo’layotgan kuni dushmanlar bostirib kelib kuyovni, Bomsi-Bayroqni, asir qilib olib ketadi. U asirlikda o’n olti yil bo’lib, qaytib keladi. Kelgan kuni uning sevgan qizini boshqaga uzatayotgan bo’ladi. Yigit qizni olib ketib o’zi uylanib oladi. Keyin esa Bayburd qal’asiga hujum qilib, qolgan asirlarni ham ozod qiladi. Bu qissadagi tasvirlangan voqyealar turkiy xalqlarning ko’pgina dostonlarida ham uchraydi. Masalan, «Alpomish», «Shohsanam va g’arib», «Tohir va Zuhro» kabi dostonlarda ham shunga o’xshash epizodlar bor.
     To’rtinchi qissada Qozonbekning o’g’li O’ruzbekni dushmanlar ov paytida tusatdan hujum qilib asirga oladi. Keyin Qozonbekning o’g’lini asirlikdan ozod qilish uchun olib borgan urushlari hikoya qilingan.
     Beshinchi qissada Ozroyil kasal yigit Dumrulning jonini oladi. Lekin yigit Ozroyilning bu qilmishidan xudoga shikoyat qiladi. Xudo esa bu shakkok yigitga g’azab qiladi. Lekin yana rahmi kelib yer yuzida agar sen uchun jonini beradigan biror bir kimsa topilsa, jonini qaytarishni shart  qilib qo’yadi. Yigitning ota-onasi o’z jonlarini o’g’li uchun berishni xohlamaydilar. Yigitning xotini esa bunga rozi bo’ladi. Xudo ayolning bu mardligini ko’rib, yigitning jonini qaytaradi. Eru xotin bu dunyoda 140 yil baxtli hayot kechiradi.
     Oltinchi qissada Qangli xo’jasining o’g’li Xon-To’ralining uylanishi bilan bog’liq voqyealar hikoya qilinadi. Boshqa yurtdan uylangan yigitga o’sha yurtning yigitlari hujum qilgani va bu urushda Xon-To’ralining g’olib kelganligi tasvirlanadi. Ayniqsa, qizning otasi yigitga qo’ygan shartlarining bajarilishi ancha qiziqarli berilgan. Yigit sherni, qora ho’kizni va qora tuyani yengib shartni bajaradi.
     Yettinchi qissada Qaziliq xo’janing 15 yashar o’g’li o’g’uz urug’ining dushmanlariga qarshi olib borgan kurashi tasvirlangan.
     Sakkizinchi qissada o’g’uz qabilalariga hujum bo’lganda ular boshqa joyga qochib o’tadi. Ana shu ur-surda bir chaqaloq qolib ketadi. Uni ona sher topib olib, sutidan berib ulg’aytiradi. Bu yillar o’tib yana o’sha joyga ko’chib kelganda bola yana o’z qabiladoshlarini topadi. Bolaning otasi Arusxo’ja o’z o’g’lini taniydi va unga Basad deb ism qo’yadi. Bu yerlarda Tepako’z nomli bir ko’zli bahaybat vaxshiy yashaydi. Uning otasi cho’pon, onasi esa parilardan bo’lgan ekan. Bu devsifat vaxshiy juda kuchli va qo’rqinchli bo’lgan. Atrofdagi xalq har kuni unga 500 ta qo’y, 2 ta odam berib turgan. Basad ana shu qo’rqinchli devni yakkama-yakka olishuvda yengadi va xalqni uning zulmidan ozodlikka chiqaradi.
     To’qqizinchi qissada o’g’uz qabilalarining yangi bosib olgan joylaridagi hayoti tasvirlangan. Bunda Emram nomli mard yigitning jangda o’zi yarador bo’lgan otasining o’rnini bosib, qabilasini dushmandan himoya qilganligi yozilgan. Davlat chegaralari uchun olib borilgan janglar, ya’ni o’g’uzlar va gruzinlar urushi tasvirlangan.
     O’ninchi qissada esa Ushunxo’janing katta o’g’li Egrek Gyaurlar bilan jangda asirga tushadi. Uni asirdan ozod qilish uchun esa ukasi Sergak urushga ketadi va akasini asirlikdan ozod qiladi.
     O’n birinchi qissada «O’g’uznoma» qahramonlaridan biri Qozon-Solarning g’aflatda qolib dushmanlar qo’liga tushgani va uning o’g’li O’g’uzxon tomonidan ozod etilgani haqidagi rivoyatlar hikoya qilingan.
     O’n ikkinchi yakunlovchi qissada o’g’uz qabilalarining mansab va lavozim talashib bir-biri bilan olib borilgan janglari yozilgan. Qozon-Solarning tog’asi Aruz beklar begi lavozimini egallash uchun Qozon-Solarga hujum qiladi. Uning yaqin yordamchisi Bamsi-Bayroqni o’ldiradi. Keyin Qozon-Solar Aruzbekka hujum qilib ularni yengadi. Bu jangda Aruzbek ham vafot etadi.
     Xullas, «Kitobi dada Qo’rqut»da o’g’uz-turk qabilalarining tarixi bilan bog’liq ko’plab voqyealar hikoya qilingan. Bu asarning dastlabki qismlaridagi voqyealar tasviridan ma’lum bo’lishicha, asar dastlab Turkistonda, ya’ni O’rta Osiyoda shakllangan. Keyingi qismlarida esa voqyealar o’g’uz-turk qabilalarining yangi vatani bo’lmish Kavkaz va Kichik Osiyoda kechadi. Albatta, eposdagi barcha voqyealar tarixiy bo’lib o’tgan deb bo’lmaydi. Ularning xalqning og’zaki ijodi deb tushunmoq kerak. Lekin o’g’uz-turk qabilalarining tarixi bilan bog’liq aniq voqyealar tasviri ham eposda anchagina uchraydi. «Kitobi dada Qo’rqut» deb atalishining sababini ayrim tadqiqotchilar Qo’rqut degan baxshi yoki islomgacha bo’gan davrdagi Shamanning nomi bo’lishi mumkin deb taxmin qiladilar. Toshkentga yaqin joyda «Xorxud» degan joy nomi bilan bog’lovchilar ham bor. Nima bo’lsa-da, bu kitob turkiy xalqlarning muqaddas tarixiy eposi bo’lib, bu asrlar davomida xalqni botirlikka, jasurlikka o’z yurtini, elini or-nomuslarini dushmanlardan himoya qilishga o’rgatib kelgan.
     "Chambil mamlakati hokimi Jig’alibek qarigan chog’ida hokimiyatni sevikli o’g’li Alibekka beradi. Alibekning homilador xotini farzand ko’rish oldidan vafot qiladi. Tez orada Alibek ham dunyodan o’tadi. Oradan ko’p o’tmay bir cho’pon Alibekning otasi Jig’alibekka podadagi echkilardan biri har kuni qabristonga borib, u yerdagi nimaningdir bolasini emizib qaytishini xabar qiladi. Tekshirib qarasalar, Alibekning xotini qabrida bir o’g’il bolani emizib qaytar ekan. Go’rda tug’ilgan bu bolaga Go’ro’g’li deb nom qo’yadi”. Yana bir rivoyatda esa Go’ro’g’li yoshligida bobosi Jig’alibek bilan Xunxor pod?osi xizmatida bo’ladilar. Podsho Jig’alibekni yomon ot tanlagani uchun ko’zini o’ydiradi. Keyin shu otni berib saroydan haydaydi. Shu ot Go’ro’g’lining mashhur tulpori G’irot edi. Shuning uchun Jig’alibekning nevarasini Ko’ro’g’li deb atashgan. Xullas, Go’ro’g’li nomi bilan bog’liq ko’pgina rivoyatlar turkman dostonchiligidan o’rin olgan. Go’ro’g’li obrazi mard, adolatli, dono xukmdor sifatida ishtirok etadi. Bu dostonning anchagina qismi nasrda yozilgan.
     Yoki yana bir variantida Go’ro’g’li bobosi bilan Amudaryo bo’ylarida yashaydi. Ular bu yerda ajoyib toychoqni olib tarbiyalaydi. Ana shu toychoq bir kuni yo’qolib qoladi. Bobosi uni izlab topishni Go’rug’liga buyuradi. U toychoqni izlab bir daraxtning tagida uxlab qoladi. Tushida qirq chiltanlarni ko’radi. Ularning har biri Go’ro’g’liga bir kosadan sharob beradi. Uyqudan uyg’onganda esa uning oldiga Hazrat Ali keladi va u bir tovush qilgan edi, yo’qolgan toychoq yetib keladi. Hazrat Ali uni duo qilib, bir qilich beradi, bu qilich bilan har qanday dushmanni yengish mumkin ekanligi aytiladi. Go’ro’g’liga 120 yil yashaysan va 72 ta tilni bilasan deb duo qiladi, lekin farzand berishni rad qiladi.  (Ozarbayjon eposida esa Darbendga borib kurd qiziga uylanadi va bir o’g’il ko’radi).
     Turkman eposida Go’ro’g’li tushida ko’rgan Aga Yunus va uning singlisi Gulshirin nomli go’zal parilarga uylanadi. Avaz ismli bolani Xunxor mamlakatidan olib kelib o’g’il qilib oladi. Rayhon arab va boshqa dushmanlariga qarshi kurashadi. El-yurtini dushmanlardan hamoya qiladi. Guro’g’li 120 yil yashaydi. Bu davrga kelib uning barcha safdoshlari o’lib ketadi. Faqat Gulshirin va oti G’irot qoladi. U juda ko’p g’amga botib, umrining oxirida ham dushmanlar bilan jang qiladi va jangda mardlarcha halok bo’ladi.
     Turkman latifalarida dono, tadbirkor, har qanday qiyinchiliklardan ham osongina qutulib ketadigan Kamina obrazi ham bor. Bu Afandi, Aldarko’sa, Mushfiqiy kabi obrazlarga o’xshash.
     O’g’uz qabilalarining g’arbga yurishi va ko’plab hududlarni zabt etishi bilan turkman xalqi etnogenezisida bir qancha o’zgarishlar sodir bo’ldi. Turkman millatiga mansub aholi hozirgi Turkmaniston hududidan tashqari dunyoning boshqa joylarida ham ko’plab yashab kelmoqda. Ayniqsa, turkmanlar Afg’oniston, Ozarbayjon, Turkiya va Iroq kabi mamlakatlarda ko’plab uchraydi. Ana shu xalqning qadimgi boy madaniyatida turk va eron madaniyatining sintezlashgan holatiga duch kelamiz. Dastlab ko’plab turkman ijodkorlari o’z asarlarini fors tilida yozganlar. Masalan, XIV-XVI asrlarda yashagan Hakimiy, Anisiy, Susoniy, Bayramxon, Rahim, Nosir Saljuqiylar fors tilida ijod qilgan. XVI asrning birinchi yarmida yashagan, kelib chiqishi asli turkman bo’lgan Mirzo Barxurdor turkmanning «Mahbubul qulub» nomli axloqiy-didaktik asari turkman adabiyotida katta o’rin egallaydi. Bu Navoiy an’analarining turkman adabiyotidagi bir namunasidir. Bu asarga turkman xalqining ko’plab afsona va rivoyatlari ham kiritilgan. Masalan, bunga «Ra’no va Zebo», «Iso va cho’pon» kabi rivoyatlarni ko’rsatish mumkin. Bu kitob XIX  asrda shoir Komil Xorazmiy tomondan o’zbek tiliga tarjima qilingan edi.
     XIV  asrda Kichik Osiyoda yashab ijod qilgan shoir Burhoniddin Ahmad Sivasiy asli turkmanistonlik bo’lgan. Bu shoirning ishqiy-intim temada yozgan lirik she’rlari va tuyuqlari bizgacha yetib kelgan.
     Asli ozarbayjonlik bo’lgan, lekin she’rlari turkman tiliga yaqin bo’lgan o’g’uz shevasida yozgan Said Imomiddin Nasimiyning turkman yozma adabiyotining rivojlanishiga katta hissasi bor. Ko’pgina turkman shoirlari o’z ijodlarida Nasimiyga ergashdi va uning mohoratidan o’rgandi.
     Ma’lumki, Nasimiy (1369-1417) Ozarbayjonning Shamaxi shahrida hunarmand kosib oilasida tug’ilgan. Maktab va madrasalarda o’qib, shuningdek, riyozat, falakiyot kabi fanlarni ham, arab, fors tillarini ham mukammal o’zlashtirib olgan. U ozarbayjon, fors, arab tillarida ijod qildi. Nasimiy Ozarbayjonning atoqli mutafakkir shoiri Fazlulloh Naimiy (1339-1396) bilan do’stlashadi, uning ijodidan o’rganadi. U shoir hurufiylik tariqatining asoschisi edi. Nasimiy hurufiylik mazhabini qabul qiladi. Hurufiy mazhabidagi kishilar mavjud siyosiy tuzumga qarshi boradilar. Shuning uchun Fazlulloh Naimiyni Amir Temurning o’g’li Mironshoh vahshiyona tarzda qatl etishga farmon beradi. U qamoqda «Vasiyatnoma» yozib yashirin ravishda Nasimiyga yetkazadi. Bu vasiyatnomaga binoan Nasimiy ustozining kichik qiziga uylanadi. Uning tariqatini davom ettirish uchun Bog’dodga ketadi. U Turkiyada ham bir necha yil yashaydi. Nasimiy inson uchun eng zarur bo’lgan erk va ozodlikni ulug’lab she’rlar yozadi. Riyokorlikni, zulmni, adolatsizlikni esa o’z she’rlarida qattiq qoralab, reaksion ruhoniylarning tazyiqiga uchraydi. Keyinchalik Xalab shahrida Misr sultoni Muayidning topshirig’i bilan 1417 yilda vahshiyona qatl etiladi.
     Reaksion ruhoniylar hur fikrli Nasimiyga qarshi turli yo’llar bilan hujum qildi. Bir rivoyatda keltirilishicha, Nasimiy Antop viloyatining hukmdori bilan yaqin munosabatda bo’lgan. Uning dushmanlari buni ko’rolmay, hukmdorga turli yo’llar bilan Nasimiyni yomon ko’rsatishga harakat qilgan. Ular Yosin su’rasidan bir nusxa ko’chirib shoir kovushining charmi orasiga yashirib qo’yishgan. Hukmdor oldida Nasimiydan Qur’on su’rasini oyoq osti qilgan qanday jazoga loyiq deb so’rashgan. U esa bunday kishining terisini tiriklayin shilish kerak deb javob beradi. Unga sen o’zing haqingda o’zing fatvo berding, deb kovush orasidagi sur’asini chiqarib ko’rsatibdi va uning terisini tiriklayin shilib olishibdi. Reaksion ruhoniylar shoirni dinsiz, kofir deb e’lon qildi. Lekin shoirning xalq  orasida obro’yi juda baland bo’lib, u butun Sharq tarixida mardlik, fidoyilik timsoli sifatida e’zozlanadi.
     Hurufiylar arab alifbosidagi 32 ta harfni muqaddas hisoblab, uni dunyoning butun sirlarining ramzi va ifodasi deb biladi. Ularning fikriga ko’ra, Xudo yashirin bir xazina bo’lib, o’z borlig’ini oshkor qilmoq va o’zini tanitmoq uchun insonlarni yaratgandir, o’z borlig’ini insonda tajassum etgan. Ular nazdida xudo yuksak ma’naviy fazilatga ega bo’lgan, adolatli inson hurufiylarning rahbari Fazlulloh Naimiy qiyofasida o’z ifodasini topgan. Yuksak axloq, ma’naviy go’zallik, adolat va muqaddaslik ramzi Fazlulloh yo’lidan borish kerak. Shunda zulm, adolatsizlik, riyokorlik barbod bo’lishi mumkin, deb o’ylashadi.
     Nasimiy o’z she’riyatida adolat va sadoqatni, halollik va pokizalikni olqishlaydi. Insonlarni bir-biriga mehr-muruvvatli bo’lishga undaydi. Lekin uning zamonida mehr-muruvvat, sahovat yo’qligidan noliydi.

          Ey qilon da’vaki shoham, adlu insofing qani?
          Chun safo ahlindan o’lding, mashrabi sofing qani?
 
     Hayotdagi adolatsizliklar, cheksiz alam va iztiroblar, ayniqsa, amaldorlarning pastkashligi, poraxo’rligi, ikkiyuzlamachiligidan shoir nafratlanadi. Bir she’rida shoir pastkash, riyokor, o’ta ketgan poraxo’r odamning ko’pchilik ichida o’zini farishta qilib ko’rsatib, adolat va halollik to’g’risida va’z qilganidan nihoyatda g’azabga tushadi.
         
          Falak aksga davr aylar, magar oxir zamon o’ldi.
          Qafasda tutiyu qumri, chamanlarda g’urob o’ynar.

Yoki:

          Bori mehnatdir jahonning, na tilarsan, ey ko’ngul,
          La’nat o’lsun bu jahonga, ham jahonning borig’a.

     Shoir she’riyatida ishqiy mavzu ham keng ishlangan. U mavjud borliqning, shu dunyoning go’zallarini hamma narsadan baland qo’yadi.

          Hizr agar zulmatga bordi, istadi obi hayot,
          Men dudog’ing chashmasida obi hayvon topmisham.
    
     Shoir she’riyatida bu kabi go’zal misralar juda ko’plab uchraydi.
     Nasimiy shu dunyodagi har bir narsada xudoning mahsulini, jamolini ko’radi. Shuning uchun u insonni haqorat qilish xudoni haqorat qilish bilan barobardir deydi. Chunki inson ruhi oxir-oqibat xudoga qo’shilib ketadi degan g’oya uning she’riyatida ham yetakchi g’oya hisoblanadi. Buni  shoirning quyidagi ikkilik she’ri ham isbotlaydi.

          Haq taolo odam o’g’li o’zidir…
          Jumla olam bilki olloh o’zidir.

     XV asrda yashagan Vafoi nomli shoir ham turkman adabiyotida ancha mashhurdir. Chunki u Ahmad Yassaviy an’analarini davom ettirib, tasavvuf falsafasi g’oyalarini she’r qilib yozar edi. Bu shoir asari tasavvuf lirikasining go’zal namunasi sifatida xalq orasida mashhur bo’lgan.XVII asrda yashagan shoir Ozodiy ham o’z ijodida tasavvuf g’oyalarini targ’ib qilgan. Uning «Va’zi Ozodiy» she’rlar to’plami meros bo’lib qolgan.
     Ozodiy xalqni xonavayron qiluvchi o’zaro urushlarni qoraladi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u Gurgon hokimi Alixonga qarshi xalqni qo’zg’olonga chaqirgan. Shoir «Ozodiy» taxallusini ham bekorga qabul qilmagan. U erk va ozodlik haqida juda ko’p qo’shiq va g’azallar yozgan. Shoirning «Va’zi Ozod» nomli dostoniga olti ming misraga yaqin she’r kiritilgan. Bu kitobdagi asosiy g’oya ham inson erkiga bag’ishlangan bo’lib, unda didaktik pand-nasihatlar ham ko’p o’rin olgan. Dostonning birinchi bobi «Shohlar ta’rifi» deb yuritiladi. Bunda shoir Navoiy an’analarini davom ettirib, adolatli hukmdorlar haqida fikr yuritadi.
     Turkman klassik adabiyotida didaktika, ya’ni pand-nasihat katta o’rin egallaydi. Ozodiy, Mahtumquli, Mulla Napas singari shoirlar ijodining katta qismini pand-nasihat mavzusidagi asarlardan iborat. Turkman klassik adabiyotining taraqqiy etgan davri XVIII-XIX asrlarga to’g’ri keladi. Chunki bu davrda Shoir Shabondalining “Shoh Bohrom”, “Gulu Bulbul”, “Xo’jamberdi” kabi dostonlari va ko’plab she’rlari, Ma’rifiyning “Sayful-muluk”, “Midhol shamol”, “Yusuf va Ahmad”, “Davlat er” dostonlari, Shaydoiyning “Qissai Sanobar” kabi dostonlari juda mashhur bo’ladi.
     Andalib ijodi turkman adabiyotining rivojida katta rol o’ynaydi. U ko’plab she’rlar va “Layli va Majnun” dostonini yozdi. Bu doston Navoiy asarining syujetini saqlasa-da, unda XVIII asr turkman xalqlarining hayotidagi voqyealarni o’zida badiiy aks ettirilgan. U Navoiy asariga nisbatan ancha ixcham, ko’pgina epizodlar tushirib qoldirilgan. Lekin shunda ham doston syujetiga putur yetmagan. Layli va Majnun o’rtasidagi she’riy dialoglar, g’azal va masnaviylar bu dostonda mahorat bilan yozilgan.
     Shoir bundan tashqari, «Sa’d vaqqos», «Zaynul arab», «Yusuf va Zulayho», «O’g’uznoma» singari dostonlar ham yozgan. 1200 misraga yaqin lirik she’rlari yetib kelgan.
     Andalib turkman va o’zbek adabiyotining yirik klassigi bo’lib hisoblanadi. 1976 yilda Turkmaniston Fanlar Akademiyasining «Ilim» nashriyoti shoirning lirik she’rlarini alohida nashrdan chiqardi. Kitobga so’z boshi yozgan olim A.Meredov Andalib haqida yangi ma’lumotlar ham bergan. U shoirning asli vatani Toshhavuz ekanligi, keyin esa Xivaga ko’chib borganligi haqida yozadi. U umrining ko’p qismini Urganchda o’tkazgan. Navoiy ijodidan o’rganib, uning 17 ta g’azaliga muxammas bog’lagan. Shoir she’riyatida mashhur o’zbek shoiri Boborahim Mashrab murabba’larining ham ta’siri yaqqol ko’zga tashlanadi.
    
          Kecha va kunduz seni gezlarman,
          Ko’chama-ko’cha seni izlarman.
          Har kim yo’liqsa sendan so’zlarman,
          Ko’rdim yuzingni, alhamdulilloh.

     Shuni ham aytish kerakki, o’z navbatida ko’plab o’zbek shoirlari Andalib ijodidan o’rgandi, uni o’zlariga ustoz deb bildilar. Masalan, Furqat o’zining mashhur «Sayding qo’yaber sayyod» musaddasini Andalibning shu nomli asaridan ilhomlanib yozgan.
     Turkman klassik adabiyotining asoschisi Ozodiyning o’g’li Maxtumquli mamlakatda Eron shohlari hukmronlik qilgan davrda yashadi. U Xivada Sherg’ozixon madrasasida ta’lim oldi. Eron qo’shinlari bilan bo’lgan janglarda asir tushib, bir necha vaqt Eronda ham bo’lgan. Maxtumqulining ijodi turkman klassik adabiyotining cho’qqisi hisoblanadi. Hayotning achchiq-chuchugini totgan shoir, ko’p safarlarda bo’ldi. Katta hayot tajribasi, o’zbek va tojik adabiyotini yaxshi o’zlashtirgani sababli, u xalqqa manzur bo’lgan ko’plab g’azallar, ruboiylar, qit’alarni Firog’iy taxallusi bilan yaratdi. Shoir ijodi juda mashhur bo’lganligining sabablaridan biri, unda tasavvuf she’riyatining an’analari mavjudligida edi. Chunki shoir she’rlarida tasavvuf falsafasi g’oyalari targ’ib qilindi. U xalq diliga yaqin bo’lgan ozodlik va erk haqida she’rlar yozdi. Masalan, “Baxt qushi”, “Chaqiriq” nomli she’rlari turkman xalqini birlashishga, ularni eron bosqinchilariga qarshi kurashga chorlaydi. Shoirning ko’pgina misralari hikmat darajasiga ko’tarildi. U mehnatkash xalqning noroziligini ifodalagan “Zamonlar”, “Axtaradi”, “Ko’pning hayoti” kabi asarlar yaratdi. Maxtumquli she’riyatining shuhrati o’zbek kitobxonlari orasida ham keng tarqalgan. Uning ko’pgina she’rlari qo’shiq qilib aytiladi. Tanlangan asarlari bir necha marta nashr qilingin.
     Maxtumquli faqat turkman adabiyotining emas, balki barcha turkiy xalqlar adabiyotining faxri hisoblanadi. Uning she’rlari Turkmanistonda qanday e’zozlansa, O’zbekistonda ham xuddi shunday qadrlidir. Shoir she’rlarida tasavvuf falsafasi ma’naviyati kuylanadi. Ayniqsa, naqshbandiylik tariqati g’oyalari Maxtumqulining har bir she’rida uchraydi. O’rta Osiyo turkiy xalqlarining ruhiga mos ohanglar, uning she’riyatini juda mashhur qilib yuborgan. Shoirning «Ko’ring», «Raygon ayladi», «Bo’lmas», «Na’masan», «O’tib boradir» kabi she’rlaridagi pand-nasihat o’quvchiga juda ta’sirli qilib berilgan. Bu she’rlardagi aytilgan fikrlar «Qur’on» va «Hadis»dagi hikmatlarning aks-sadosiday jaranglaydi.

          Kimlar toju taxtda farmonlar bitib,
          Kimlar saman minib, yo’llarni o’tib,
          Kimlar padarini, elin xor etib,
          Gunoh zindoniga botib boradir…

          Maxtumquli, kimsa dashtlarda sarson,
          Kimsa aylar bo’ldi zolimdek farmon,
          Kimlar bu dunyoda chekadi armon,
          Kimlar xandon bo’lib o’tib boradir.

     Ko’rinib turibdiki, bu misralarda davr va shaxs o’rtasidagi ziddiyatlar orqali hukmdorlarni, zolimlarni insofga chaqirmoqda. Shoirning ijodida bunday mazmundagi she’rlar anchagina bo’lib, ularda oddiy turkman xalqining orzu-umidlari, o’y-xayollari, kelajak haqidagi shirin xotiralari o’z aksini topadi. Vatanparvar shoir ijodi el-yurt dardi bilan hamohang bo’ldi. Adolatli hukmdorlar, insofli boshliqlar yurtni himoya qiladi, elni turli g’alamislarga talatgani qo’ymaydi. Agar boshliqlar noinsof bo’lib, ular faqat o’z manfaatini o’ylasalar, ishi-dardi pora olib, xalqni xonavayron qilsalar qiyomat degani shu bo’ladilar.

          Shohlarda qolmadi hukmi adolat,
          Bir pul uchun mufti berar rivoyat,
          Bil, bu ishlar nishonayi qiyomat,
          Zolimlar betavba o’ta boshladi.

     Maxtumqulidan sal oldinroq yashab o’tgan mashhur o’zbek shoiri Turdi Farog’iy o’zbeklar yurtidagi bosh-boshdoqchilik, parokandalik, o’zaro kelishmovchiiklarni qattiq qoralab:

          Tor ko’ngullik beklar man-man demang, kenglik qiling,
          To’qson ikki bari o’zbek yurtidur, tenglik qiling,

deb xalqni birlashishga, inoq, ittifoq bo’lib yashashga chaqiradi.

     Bundan sal keyinroq yashagan Turkman shoiri Maxtumquli Firog’iy esa o’zining «Turkman binosi» she’rida xuddi Turdi she’riga hamohang she’r yozib turkman urug’larini birlashishga chaqiradi.

           Taka, yovmut, yazir, go’klang, ahal eli bir bo’lib,
           Gar qilsa bir joyga yurish, ochilar gullolasi.
     Bundan shu narsa ma’lum bo’ladiki, bu davrda Markaziy Osiyoda yashayotgan turkiy millatlarda o’z-o’zini anglash tushkunlik davridan o’zini o’nglab olishga intilishga harakat kuchaya borgan.
     Turkman adabiyotining XVIII asrdagi yana bir yirik vakili Qurbonali Ma’rufiy hisoblanadi. Shoir haqida uning asarlarida ayrim ma’lumotlar bor. Ana shu ma’lumotlarga qaraganda shoir Mang’ishloq, Kerki, Xiva va Urganch kabi joylarda yashagan, o’qigan. Uning she’rlaridan, dostonlaridan ma’lumki, shoir arab va fors tillarini mukammal bilgan, o’z davrining yetuk ziyolilaridan bo’lgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda Ma’rufiy davlatning harbiy boshliqlaridan biri bo’lgan, uning urug’i «Emirat» deb nomlanishiga qaraganda shoirning avlod-ajdodlari ham yuqori tabaqa harbiylaridan bo’lgan.
     Shoir «Davlatyor» nomli dostonida o’zbeklarning qo’ng’irot urug’idan bo’lgan harbiy arbob Davlatyor haqida yozgan. Davlatyor yoshligida turkmanlar ichida voyaga yetgan. Ma’rufiy bilan yaqin do’st bo’lgan. Davlatyorning boshidan o’tgan voqyealar, uning  dushmanlar bilan urushda ko’rsatgan jasoratlari o’z tilidan hikoya qilingan.
     Shoirning «Turg’unxo’ja» dostonida esa To’xtamishxon davrida bo’lib o’tgan voqyealar, podsho saroyidagi turli intrigalar haqida hikoya qilinadi. Uning qahramonlik dostonlaridan biri «Yusuf va Ahmad» bo’lib, bunda Isfahon viloyati hokimi Bo’z o’g’lon jiyanlari Yusuf va Ahmad bilan kelishmay qoladi. Keyin jiyanlari Xorazmga o’z qavmi bilan ko’chib keladi. Xorazm xoni G’azalshoh ularni yaxshi kutib oladi, ikkovini ikki viloyatga hokim qilib qo’yadi. Lekin o’rtada turli gap yetkazuvchilar bularning munosabatiga rahna soladi. Keyin shoh ularni zindonga tashlaydi. Ular yetti yil zindonda yotadi va bir balo qilib, u yerdan qochib chiqadi. Ular yurtiga borishadi. Xotinlari bularni o’ldi hisoblab, boshqaga turmushga chiqayotganligining ustidan chiqadi. Keyin ular xalqni yig’ib G’azalshohga hujum qilib, uni yengadi. Zindonda yotgan donishmand qariya Boboqambarni ozod qiladi. Bu dostonning o’zbeklarda folklor varianti ham bor.
     XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida yashab ijod etgan turkman shoirlari Saidiy, Miskin Qilich, Zeliliy kabi shoirlar Maxtumquli an’analarini davom ettirdi.
     Turkman adabiyotining XIX asrdagi yirik vakillaridan biri Mo’llanapas bo’lib, uning ijodi XIX asrning birinchi yarmiga to’g’ri keladi. Shoir ijodida xalqning chekkan og’ir turmushi, ocharchilik, kambag’allikning mashaqqatlari o’z aksini topgan. Mullanapas turkman xalqining eron bosqinchilariga qanday urush olib borganligini o’z she’rlarida mahorat bilan ko’rsatadi. Turkman poeziyasiga ijtimoiy motivlarni kiritdi, xalq qo’shiqlariga yaqin vaznda she’rlar  yozdi. Dialog tarzidagi aytishuvlar ham shoir she’riyatida anchaginadir.
     Mullanapasning ukasi dong’i ketgan baxshi bo’lgan. Uning repurtuarida ko’plab xalq dostonlari bo’lgan. Mullanapas ham ba’zan qo’liga soz olib, minglab misralarni kuyga solib xalq orasida kuylab yurgan.
     Shoirning «Gelmisham» dostonida dunyoviy sevgining hamma narsadan ustun ekanligi aks ettirilgan. Bu lirik dostonda bir ajoyib go’zal qiz bilan Napas nomli o’smirning haqiqiy pokiza muhabbati kuylangan. Qizning jonini olish uchun samodan tushgan farishta Azroil uning go’zalligi, ma’sumaligini ko’rib, bu ishni bajarmay qaytadi. Bundan g’azablangan Xudo boshqa bir farishtani yuboradi. U ham bu ishni bajarishga ko’ngli bo’lmaydi. Keyin Xudo bu ishni bajarishga ko’plab uz noiblarini, yaqinlarini yuboradi.   Lekin bularning barchasi bu ishlarni bajarishni rad qiladi. Hatto Luqmoni hakim ham bu masalada xudoning aytganini qilolmasligini bildiradi. Shundan keyin Xudoning o’zi Arshi a’lodan tushib, bu qizni ko’rib, uning husni va malohatiga qoyil qoladi. Unga uzoq umr, baxt saodat, sevgi-muxabbat baxsh etadi. Bu bilan shoir haqiqiy insoniy, pokiza muhabbatni targ’ib qiladi.
     Shoirning «Bobo Ravshan» va «Zuhra va Tohir» kabi dostonlari ham katta mahorat bilan yozilgan. “Zuhro va Tohir” dostoni esa, o’zbek dostonlaridan shu nomli doston syujetiga o’xshasa-da, undan o’z originalligi bilan farqlanadi. Doston oxirida Tohir-Zuhrolar Alloh qudrati bilan tirilib, dushmanlarga qarshi kurashadi va maqsadlariga yetadi. Bu bilan shoir pok dunyoviy sevgi o’lim ustidan g’alaba qilganligini ko’rsatib berdi. Umuman shoir asarlarida optimistik ruh ustun turadi.
     Shu davrda yashagan turkman shoirlaridan biri Kaminadir. U ajoyib lirik va satirik she’rlar muallifi sifatida turkman adabiyoti tarixida iz qoldirgan. Uning she’rlari xalq orasiga shu qadar singib ketdiki, natijada ular xalq og’zaki ijodiga aylanib ketdi. Kaminaning nomi Mashrab, Nasriddin Afandi nomiga o’xshab turli rivoyatlarning, latifalarning bosh qahramoniga aylanib qoldi. U xalq latifalarida tadbirkor, dono, qahramon sifatida gavdalanadi. Shoir o’z davrining turli illatlarini, poraxo’r va tovlamachi amaldorlarni, ruhoniylarni qattiq tanqid qiladi. Ma’lumki, shoirning asli ismi Muhammad Vali bo’lib, «Kamina» uning taxallusidir. Bu «kamtarlik, kambag’allik» kabi ma’nolarni anglatadi. U Buxoro va Xiva madrasalarida o’qigan, lekin yo’qchilik tufayli tahsilni oxiriga yetkaza olmagan. Shoir o’z umr yo’ldoshi Qurbonbaxt vafoti munosabati bilan yozgan marsiyasida juda og’ir hayot kechirlanligini ham aytib o’tgan. Buni shoir «G’ariblik» nomli she’rida ham tasdiqlagan:

                   Qashshog’ligim yildan yilga avj olar,
                   G’aribning yuziga kim kulib boqar.
                   Chopishsam, bahslashsam, kurashsam yiqar,
                   O’ynashsam, o’yinda yutar g’ariblik.

                   Kamina der: bir kuni kelar shum o’lim,
                   Birovga to’y, bayram, birovga zulm.
                   Qayg’urma, injilma, sabr ayla ko’nglim,
                   Kelibdir, bir zamon o’tar g’ariblik.
     Shoir turkman adabiyoti tarixida kuchli satirik shoir sifatida mashhurdir. Uning ko’plab she’rlarida o’zi yashagan davrning illatlari, adolatsiz tuzum, pastkash amaldorlar qattiq tanqid qilingan.
     Kamina yaratgan asarlarning yana bir qismi ishqiy-intim xarakterga ega. Shoir bu she’rlarida o’zidan oldingi o’tgan turkman shoirlarining an’anasini davom ettirdi. Ayollardagi vafodorlik va sadoqatni kuyladi, ularni oilaning baxti, xonadonning sultoni deb atadi. Shoirning «Urgulay», «Yaxshi kelin», «Yonimga» she’rlari fikrimizning isboti bo’la oladi.

                   Keldi qalam qoshli yor,
                   Ishva bilan yonima.
                   Kipriklari damba-dam,
                   Nashtar tiqar jonima.

                   Men dedimki: «Jon talash,
                   Ko’zdan oqar qonli yosh.
                   Boqmading-ku, bag’ri tosh,
                   Xoli parishonima!»
     Shoirning shunga o’xshash ko’plab she’rlariga kuy bastalanib, ular o’zbek xofizlari tomonidan ham ijro etilib kelinmoqda. Shoirning nomi bilan bog’liq xalq orasida ko’plab latifalar ham mavjud. Bular Mashrab, Mushfiqiy haqida to’qilgan latifalar bilan bir qatorda turadi.
     XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan shoir Miskin Qilich 8 yil Buxoro madrasasida ta’lim olgan, fors va arab tillarini chuqur o’rgangan, o’z davrining savodli ziyolilaridan biri edi. U o’qituvchilik qildi. Turkman folkloridan ko’plab dostonlarni yoddan aytib, xalq o’rtasida baxshi sifatida ham mashhur bo’ldi.
     Miskin Qilich G’oyibberdi nomli yetim bolani o’z qaramog’iga olib, unga dutor chalishni, baxshilikni o’rgatdi. Ana shu yigit shoirning she’r va dostonlarini yozib qoldirgan va Turkmanistonga keng yoyilishiga sababchi bo’lgan. Miskin Qilichning «Botir Napas», «Bekzoda Qurbon» kabi asarlarida o’zaro urushlarda vafot etgan xalq qahramonlarining sarguzashtlari tasvirlangan. Shoirning «Ali» nomli dostoni ham keng tarqalgan bo’lib, unda xalq orasida o’zining jasurligi va mardligi bilan mashhur bo’lgan qahramon obrazi berilgan. Uning she’rining ko’pchiligi pand-nasihat mavzusida yozilgan. Bu she’ri bilan shoir Maxtumquli an’analarini yangi davrda davom ettirdi.
     Shunday qilib, turkman klassik adabiyoti o’z milliy xususiyatlariga xos tarzda rivojlandi. Bu adabiyot namunalariga e’tibor berar ekansiz, ularda oddiy turkman xalqining og’ir va murakkab hayoti qanday kechganligining guvohi bo’lasiz.
     Turkman  klassik adabityoi asarlari  asosan  didaktik asarlardan iborat ekanligini  ko’rib o’tdik. Ma’lumki, turkman ijodkorlarining ko’pchiligi Buxora va Xiva shaharlaridagi  madrasalarda o’qigan. Ular o’zbek xalqi bilan tarixda yonma-yon va aralashib yashagan. Shuning uchun turkman adabiyotida o’zbek adabiyotining  an’analari salmog’i ancha kattadir. Arab alifbosining barcha turkiy xalqlarga bir bo’lganligi sababli ham o’zbek va turkman tilida yozilgan asarlar har ikki xalq vakillariga tushunarli bo’lgan. Masalan Mahtumquli asarlarini o’zbeklar o’zbekcha, turkmanlar turkmancha o’qiy bergan. Turkmaniston territoriyasida madrasalar kam bo’lganligi tufayli xalqning katta qismi savodsiz bo’lgan. Shuning uchun turkman ijodkorlari o’z asarlarini ataylab xalq og’zaki ijodi asarlariga  yaqin qilib yozdilar. Ular asosan pand-nasihat, diniy-ma’rifiy mavzularda bo’lib, qo’shiq qilib aytishga mo’ljallangan asarlar edi.  Turkman klassik dostonlarida ham  didaktika, qahramonlik mavzulari yetakchilik qiladi.

Adabiyotlar

1. Turkmenistan turk edebiyati. Ankara. Kultur bakanligi. 1998.
2. Kop-ogl?. Turkmenskaya literatura. Moskva. 1972.
3. Tohirov Q. O’zbek turkman adabiy aloqalari. T. 1979.
4. Mahtumquli. Tanlangan asarlar. T. 1976.
5. Kamina. Tanlangan asarlar. T. 1957.

http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!