Boshqird xalqi o’z yozuviga faqat XX asrdagina ega bo’ldi. Bu xalqning adabiyoti tarixi folklor asarlaridan iborat. Yozma adabiyotning shakllanishida «Sesenlar» deb ataluvchi boshqird xalq shoirlarining roli katta bo’lgan. Ular rang-barang janrlarda ijod etishgan. Bular orasida tarixiy qo’shiqlar, baytlar, ertak va rivoyatlar, dostonlar ko’pchilikni tashkil etadi. Boshqird adabiy tilining shakllanishi XX asrning 20-yillariga to’g’ri keladi. Lekin xalq baxshilari avvaldan adabiyotni rivojlantirib kelgan. XIX asrda yashagan shoir Oqmulla ham totar, ham boshqird tilida ijod qilgan. Ye.Pugachevning yaqin safdoshi Salovat Yulayev ham talantli shoir bo’lgan. XX asrgacha totar tili boshqirdlarga adabiy til vazifasini o’tagan. Shuning uchun totar tilidagi badiiy adabiyot boshqirdlar uchun ham adabiy meros hisoblanadi.
     Boshqird adabiyotining asoschisi Majid G’ofuriy, birinchi boshqird yozuvchilari S.Kudash, A.Tagirov, D.Yultiylar ham o’z asarlarini dastlab totar tilida ijod qilganlar. Boshqird adabiyotining rivojiga ham katta hissa qo’shgan M.G’ofuriy «Qashshoqlikda kechgan umr», «Kambag’allar», «Bozorda» kabi asarlarini rus yozuvchilaridan, ayniqsa, Nekrasovdan o’rganib yozdi.
     1919 yil Boshqirdiston Avtonom Respublika deb e’lon qilindi. Boshqird teatri tashkil etildi. H.Ibrohimov «Boshmog’im» nomli birinchi boshqird dramasini yozdi.
     20-30 yillar boshqird adabiyotida poeziya yetakchilik qildi. Davr va uning yangiliklari haqida o’nlab she’riy to’plamlar va bir qancha dostonlar yaratildi. Shu bilan birga, A.Tagirovning «Don fabrikasi», A.Karnayning «Sahrodagi chiroqlar», Nosiriyning «Sibay» povestlari yozildi. Bular birinchi boshqird proza asarlari edi. Keyinroq A.Tagirov «Soldatlar», Yultiy «Qon», Nosiriy «Hujum» kabi romanlarini yozdi. Shunday qilib, boshqird yozma adabiyoti shakllandi. Bunga ma’rifatparvar yozuvchi M.G’ofuriynig hissasi katta bo’ldi.
     M.G’ofuriy 1980 yilda Boshqirdistonda o’qituvchi oilasida tug’ilgan. Yoshligida ota-onasidan yetim qolib, og’ir hayotni boshidan kechirdi. U sharq klassik poeziyasi va boshqird folklorini chuqur o’rgandi. Ulardan ijodiy foydalanib, o’zining dastlabki «Yosh umrim», «Millatga muxabbat» kabi she’riy to’plamlarni yozdi. Bu to’plamlardagi ayrim she’rlarda Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini tanqid qilishgan edi. Shuning uchun shoir chor ma’murlari tomonidan ta’qibga uchradi. Keyinchalik u «Faqirlikda o’tgan hayot», «Sibir temir yo’li» singari she’r va dostonlarida xalq ozodligini kuyladi. «Men va xalqim», «Yig’i», «Taqdir» kabi she’rlarida ham xalq istiqloli g’oyasi kuylandi. U 20-yillarda «Ishchi» nomli doston, «Turmush bosqichlari», «Tahqirlanganlar» kabi povestlarini yozdi.
     Shoir «U kim» nomli she’rida imperialistik urushlarni tanqid qildi. Begunoh odamlarning o’lib ketayotganligiga sabab davlat boshliqlari deb bildi. Shuning uchun u soldatlarga murojaat qilib bir-birlaringizni o’ldirmanglar deydi. Xullas, M.G’ofuriy o’z ijodi bilan boshqird adabiyotining asoschisi bo’ldi.
     Ikkinchi jahon urushi yillari boshqird adabiyotida publisistik jangovor poeziya taraqqiy etdi. S.Kudashning «Mening hamqishlog’im», M.Karimning «O’lmasboy» nomli dostonlari ham urush davrida yozildi. Bekboyning «Bir otaning bolalari», Muborakovning «Xotinjon», K.Mergenning «Urush» pyesalari ham shu davrda yaratildi. Urushdan keyingi davr boshqird adabiyotida turli janrlarda baquvvat asarlar paydo bo’la boshladi. Bularga S.Kudashning «Bahorni qutlab», Gumerning «To’lqinlar ustidagi shahar» povestlarini, H.Davlatshinaning «Irg’iz» romanini ko’rsatish mumkin. Bu davrda I.Abdushinning «Biz yana uchrashamiz» dramasi, «Bojalar» komediyasi, M.Karimning «Yakka qayin», «Qizning o’g’irlanishi», «Aytilmagan qo’shiq» pyesalari ham yaratildi.
     70-90 yillarda boshqird adabiyotida ko’plab prozaik asarlar yaratildi. Isangulovning «Boshoq», Ya.Hammatovning «Oltin zarralab yig’iladi», A.Bikchentayevning «Senga jannat va’da qilolmayman» nomli romanlarida bugungi davrning muhim muammolari badiiy aks ettirilgan.
     Anvar Bikchentayevning «Senga jannat va’da qilolmayman» nomli romanida juda dolzaob masala ko’tarilgan. Asarda yoshlarning mustaqil hayotga qadam tashlashi, u yo’ldagi mashaqqat va qiyinchiliklar Haydar, Valentin, Iskandar, Maya Vladimirovna, Oqbika kabi obrazlar misolida beriladi. Qishloq yoshlarining shaharga kelishi, ularning o’z yo’lini topib olishdagi murakkab hayot yo’li, sevgisi, ichki kechinmalari romanda juda qiziqarli va ishonarli tasvirlab berilgan. Ufa shahridagi «Ximzavod» ishchilari asarning asosiy qahramonlari.
     Axyor Hakimning «Karvon» romani keyingi yillarda yozildi. Bu asarda tarix va bugungi zamonamiz paralel tarzda tasvirlangan. Stalin qatog’onidan kutilib chiqqan boshqird yigit Nurislom Boyturin Samarqandga kelib qoladi. Bu yerda u Boltaboy aka, Professor Qodirov singari haqiqiy insonlarni uchratadi. Ana shu olijanob insonlarning ko’magida, u sevgan kasbi arxiologiyani egallab olgan. Asarda tarixga murojaat qilish, Temur davri voqyealarini tasvirlashga juda ko’p joy ajratilgan. Temurning ayrim rivoyatlarda aytilganday zolim hukmdor ekanligi tasvirlangan. Amir Temur o’z dushmanlariga shafqatsiz bo’lgan, o’sha tarixiy muhit undan shuni talab qilardi. Asar qahramoni Nurislom Bekturin mashhur arxiolog bo’lib yetishadi. U tarixni to’g’ri yoritishga bag’ishlab ko’plab ilmiy ishlarni amalga oshiradi.
     Yozuvchining «Oqsoq bo’ri» qissasida esa ovga chiqqan bo’rining ustiga samolyotdan bombalar yog’ilishi, uning qo’ylar bilan birgalikda bu urush maydonidan qochishi, ikkita bolasidan ajralishi kabi voqyealar hikoya qilingan. Asarda ekologiya masalasi ko’tarib chiqilgan. Tabiatni asrash, uning qonunlariga rioya qilish kerak, degan g’oya ilgari surilgan. Urushning faqat inson uchun emas, umuman tirik jonzotlar uchun juda katta xavf ekanligi aytilgan.
     70-80 yillarda boshqird adabiyotida bir qancha talantli yozuvchilar ijod qilishdi. Ular orasida S.Kudashning ijodi alohida e’tiborga loyiqdir. U dastlabki asarlarini totar tilida yozdi. A.To’qay ijodiga ergashib asarlar yaratdi. Keyinchalik u o’z ona tilida ko’plab she’riy va nasriy asarlar ijod qildi. U «Baxt qonuni», «Uchrashuv», «Muhabbat va g’azab» dostonlari bilan zamonaviy boshqird poeziyasining taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. U «Qo’sh qayin» nomli she’riy romanning ham avtoridir. Uning «Yozga peshvoz chiqqanda» nomli povesti tarixiy mavzuda yozilgan. Bu asarda A.To’qay, E.Ma’rufiy kabi tarixiy shaxslarning obrazlari keng yoritib berilgan. Uning «Xotirada qolgan minutlar», «Yoshlik izlari bo’ylab» singari avtobiografik asarlari ham bor.
     Boshqird adabiyotining yirik namoyandalaridan biri talantli yozuvchi Mustay Karim bo’lib hisoblanadi. U 1919 yilda tug’ilgan. Uning ijodi urush arafasida boshlangan edi. Shoir zamon bilan hamnafas bo’lib she’rlar yozdi. Uning «Bohar tovushlari», «Mening tulporim», «Qaytish», «Yevropa-Osiyo» kabi dastlabki she’riy to’plamlari juda mashhur bo’lgan edi. Keyinchalik «Oydin yo’l», «Tosh ustida gullar» kabi kitoblari uchun katta mukofotlarga sozavor bo’ldi. M.Karim boshqird adabiyotida dramaturgiya janrining taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. Uning «To’y davom etadi», «Yolg’iz Qayin», «Aytilmagan qo’shiq», «Oy tutilgan tunda», «Oygul vatani» singari pyesalari boshqird adabiyotining go’zal namunalari bo’lib qolgan. Keyingi yillarda M.Karim «Olovni tashlama, Prometey» nomli dramatik doston yozib katta muvaffaqiyatga erishdi. Bunda shoir qadimgi grek afsonalaridagi Prometeyning jasoratini bugungi dunyomizga bog’lab ajoyib syujet yaratgan.
     Mustay Karimning ko’plab asarlari chet tillarga tarjima qilingan. Uning «Oy tutilgan tunda» nomli dramatik asarining tarjimasi o’zbek tiliga shoira Zulfiya tomonidan amalga oshirilgan. Bu asar uch pardadan iborat fojia bo’lib, unda o’n uchta qahramon ishtirok etadi. Asar voqyealari Birinchi Jahon urushi davrida bo’lib o’tadi. Jamiyatda hukm surgan adolatsiz tuzum, odamlar ongini egallagan jaxolatu xurofatlar natijasida erk va ozodlikning bo’g’ilishi asar qahramonlarining qismatida ko’rsatib berilgan. Ikki yosh Oqyigit va Zubarjadning sevgisini yaramas, chirkin urf-odatlar zavol qiladi. Oqyigitning akasi urushda halok bo’ladi. Urf-odatga ko’ra uning bevasi Shafaqni Oqyigitga qaratadi. Sevgilisi Zubarjadni esa ukasi o’n bir yoshli Eshmirzaga unashtiradi. Bu ishlarning barchasi 3-4 ta qishloq oqsoqollarining bema’ni maslahatlari bilan amalga oshiriladi. Oila boshlig’i Tangabeka 50-52 yoshlardagi beva ayol. U vafot etgan erining vasiyatlarini bajarish uchun harakat qiladi. Lekin urf-odatlarga qarshi borolmaydi. Asarda o’z bolasining ko’zini o’yib, uyasidan chiqarib tashlagan ona burgut haqida rivoyat keltirilgan. Bu Tangabekaga ramziy ishoradir. U o’z farzandlari Oqyigit va Eshmirzaning qismati fojia bilan tugashiga ma’lum darajada aybdor.Oqyigit tuydan keyin uch oy o’tsa-da, Shafaqning o’toviga kirmaydi. U yashirincha Zubarjad bilan uchrashib yuradi. O’sha yili qurg’oqchilik bo’lib, xalqning boshiga og’ir musibatlar tushadi. Qishloq odamlari buning sababini Oqyigit va Zubarjadga bog’laydi. Ularni buziqilar deb e’lon qilib, bo’rilari ko’p, biydek sahroga haydab yuboradi. Ana shu tunda oy tutiladi. Tabiatning bu hodisasini ham jaholatda qolgan olomon sevishganlarga olib borib taqaydi. Avtor bu asarida XX asr boshlarida Boshqirdiston qishloqlarida hukm surgan yaramas urf-odatlar, inson huquqini toptagan turli illatlarni qalamga olib, ularni ayovsiz fosh qildi.
     M.Karim «Olovni tashlama, Prometey» asarida qadimgi grek afsonalaridan foydalandi. Ma’lumki, Prometey haqida jahon adabiyoti tarixida ko’plab asarlar yozilgan. Esxilning «Zanjirband Prometey» asari bundan qa’rib ikki yarim ming yil ilgari yozilgan.M.Karim o’zining ushbu asari haqida shunday fikrlarni aytgan edi: «Olovni tashlama, Prometey!» garchand mifologik mazmunga kurilgan bo’lsa-da, uning zamiriga zaminda yashayotgan bugungi kun odamlariga murojaat singdirilgan. Asar insonni ruxiy ko’rlik va qalban karlikning og’ir oqibatlaridan ogohlantiradi. Uni o’zining kelgusi baxti uchun mardona kurashga undaydi. Odamlarni yorug’lik nurlaridan bahramand qilgan Prometeyning fidoyiligi bu yo’lda unga mangu jasorat timsoli bo’lib qolgan». Asarda Olimp tog’ida yig’ilgan Zevs boshchiligidagi xudolarning hayoti tasvirlanadi. Ular ham odamlar singari bir-birlari bilan adovat qiladilar, urushadilar, g’alabalarini nishonlab bayram qiladilar. Odamlar xudolar hayotini xuddi o’zlarining hayotidek tasavvur qilganlar. Xudolar orasida Prometey insonlarga yaxshilik qilmoqchi bo’ladi. U insonlarga olovni keltirib beradi, dehqonchilik qilishni, yovvoyi hayvonlarni qo’lga o’rgatishning sirlarini, kema yasab, suvda suzish kabilarni o’rgatadi. Bunga esa xudolar xudosi Zevsning achchig’i chiqadi. Agar bu qilmishlarini tashlamasa, umrbod azobga qo’yishni aytadi. Prometey umrbod azobga rozi bo’lib, insonga yaxshilik qilishdan qaytmasligini bildiradi.

         Men alpman. Ha, ha men-xudoman,
         Yerda o’t yoqaman, qudratim cheksiz
         Shu olov jismiga osmondagi
         Ilohiy o’t ruhin singdiraman-da,
         Insonga beraman. Bu o’t yog’dusi
         Kimgaki sochilsa, u-umrboqiy!
         Prometey adolat xudosi Femidaning farzandi. Ona o’z o’g’lining boshiga katta musibatlar tushganini ko’rib, unga achinadi. Zevsdan uzr so’ra, balkim u kechirar, deydi. Chunki Zevs Prometeyni katta qoyaga zanjirband qilib, uning yuragini po’lat tumshuqli burgutga cho’qib, yulib yeyish uchun buyuradi. Burgut yurakni tilka-pora qiladi. Lekin o’sha joydan yangi yurak o’sib chiqadi. Burgut bu yurakni ham tilka-pora qiladi. Bu holat uzluksiz takrorlanaveradi. Prometey insonga yaxshilik qilish uchun ana shu azoblarga rozi bo’lgan. O’g’lining bu azoblariga chiday olmagan Femida unga,
         O’tinchim bor, o’g’lim! Qilmishing uchun
         Afv so’ra, Zevs kechiradi.
         Agar yo’l qo’ymasa dilda g’ururing,
         Men o’zim yiqilay oyoqlariga,

deb so’raganida Prometey shunday javob beradi:

         Esingizni yig’ing, onajon!
         Agar mazlum o’z zolimidan,
         Agar qurbon o’z jallodidan
         Afv so’rayversa, ushbu jahonda
         Adolat bo’lg’usi qachon barqaror?
         Xullas, insonga xizmat qilish ushbu asarning yetakchi g’oyasi bo’lib hisoblanadi.

     Keyingi yillarda boshqird adabiyoti bilan o’zbek adabiyoti o’rtasida aloqalar ko’chayib bormoqda. Ko’pgina asarlar tarjima qilinib, o’zbek kitobxonlariga yetkazilmoqda.
     Chuvash xalqi yozma adabiyoti ham asosan XX asrda paydo bo’ldi. Chuvash xalqi turkiy xalqlar guruhiga mansubdir. Lekin bu xalq musulmon diniga emas, xristian diniga e’tiqod qilgani tufayli uning adabiyotida Sharq adabiyotining ta’siri ko’p sezilmaydi. Chuvashlarning katta folklor adabiyoti mavjud. Bular qo’shiq, ertak va doston kabi janrlarda yaratilgan. Chuvash tilida dastlab Yakovlev, Ivanov, Fedorov, Akimov, Semyonov singarilar ijod qiladi.
     Keyinchalik N.Shubassini «Yandrak Yandrave», «Perelmey» singari dostonlarini chuvash tilida yozdi. K.Ivanov ijtimoiy tengsizlikni qoralab «Ikki qiz», «Tul xotin» kabi she’rlarini, «Shaytonning qo’li» tragediyasi va «Narspi» dostonlarini yozdi. Oktyabr inqilobidan keyin Chuvash xalqiga avtonomiya berildi. 20-yillarda Chuvash adabiyotida asta-sekin prozaik asarlar paydo bo’la boshladi. S.Fominning «Bolalik» povesti, «Ikki kuch», «Bevaqt o’lim» kabi hikoyalari, M.Danilov–Chaldunning «Shturm» povestlari birinchi chuvash prozaik asarlari edi. Bular xalq hayotini real aks ettiruvchi asarlar edi.
     Birinchi Chuvash dramalari ham shu davrda yozildi. P.Osipov o’zining «Kujar», «Oq qilingan avlod», «Aydar», «Hayot simfoniyasi» asarlari bilan dramaturgiya janrini boshlab berdi.
     30-yillar chuvash adabiyotinig yuksalish davri bo’ldi. Ko’pgina talantli ijodkorlar yetishib chiqdi. Vatanga muhabbat mavzusi bu davrda yetakchi g’oyaga aylandi. Ya.Usxayning «To’y», Xuzangayning «Magnit tog’i» dostonlari, Aligerning «Urush kunlari», «Tongotarda» povesti va romanlari, Trubunaning «Muchar» povesti, Maksimov Koshkinskiyning «Sadur va Ilem» dramalari shu mavzularga bag’ishlangan eng yaxshi asarlari edi.
     Ma’lumki, chuvash adabiyotining asoschilaridan biri Peder Xuzangay edi (1907-1970). U Totaristonda tug’ildi. U ajoyib shoir sifatida tanildi. Uning «Xuri», «Sora», «Sariyel» nomli mashxur dostonlari bor. U Boku komissarlariga bag’ishlab «Yigirma oltilar», Magnitagorsk kon-metallurgiya kombinati qurilishlariga bog’ishlab «Magnit tog’i» kabi dostonlarini yozdi. Bundan tashqari uning «Inspektor», «Vatan qizi» nomli asarlari ham bor.
     Keyingi yillar Chuvash adabiyotida V.Davidov, L.Agakev, A.Tokki, I.Dumishin, N.Ayzman singari talantli yozuvchilar faoliyat ko’rsatmoda.
                           
Adabiyotlar

1. M.Karim. Olovni tashlama, Prometey! «Sharq yulduzi» jurnal. 1984. 10-11 sonlari.
2. M.Karim. Oy tutilgan tunda. Tarjima. Zulfiya asarlari to’plami 2-jildida Toshkent, 1984 yil.
3. Bikchentayev A. Senga jannat va’da qilmayman. Toshkent, 1969 yil.
4. Axiyor Hakimov. Karvon. roman. «Jahon adabiyoti» jurnali 2001 yil 1,2,3-sonlar.


http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!