Uyg’ur xalqi Janubiy Sharqiy Osiyo hududida qadimdan yashab kelgan. Bu xalqning juda qadimgi va boy madaniyati mavjud. Turk xalqlari ichida eng qadimgi yozuvga ega bo’lgan ham uyg’ur xalqi hisoblanadi. Lekin ko’p yillar o’z mustaqilligiga ega bo’lmaganligidan, uning madaniy yodgorliklari ro’yobga chiqmay kelayotir. Uyg’ur xalqining asosiy qismi Sharqiy Turkistonda yashaydi. Bu o’lka esa bugungi kunda Xitoy davlatining tarkibiga kiradi. Uyg’ur xalqining bir qismi O’rta Osiyo respublikalari territoriyasida yashaydi.Uyg’ur xalqi o’z ozodligi uchun, mustaqil davlat bo’lishi uchun uzoq davrlardan buyon kurash olib bormoqda.
     Uyg’ur xalqining og’zaki ijodi ham juda boy bo’lib, unda ko’plab qo’shiqlar, ertaklar, turli afsonalar va rivoyatlar mavjud. Uyg’urlarning «Oltin Yorug’», «Elikbekxon», «Ta’birnoma» kabi qadimgi obidalari bor. Bundan tashqari ko’pgina folklor namunalari boshqa turkiy xalqlar og’zaki ijodidagi asarlar bilan hamohangdir. «Shoxsanam va G’arib», «Go’ro’g’li» singari dostonlarning Uyg’ur folklorida ham turli variantlari mavjud.              
     Ertaklarda xalq orzu-umidlari, ezgulikka intilish, yovuzlikka nafrat tuyg’ularini ko’ramiz. Uyg’ur xalq ertaklarida ham ana shunday holatlar ko’zga tashlanadi. Dono va uddaburon xalq farzandlari ertaklarning bosh qahramoni qilib olinadi. Ular ko’p qiyinchiliklardan so’ng yovuzlik ustidan g’alaba qilib, o’z orzulariga, murod va maqsadlariga yetishadi. Uyg’ur ertaklari ichida mazmunan turkiy xalqlar ertaklariga o’xshaydiganlari yoki aynan ularining takrorlari ham uchraydi, lekin ko’pgina uyg’ur ertaklarining o’ziga xos tomonlari ham borki, biz ularda uyg’ur xalqining urf-odatlari, o’ziga xos yashash sharoitlari, rasm- rusumlarini ko’ramiz. Uyg’ur ertaklari ham mavzu jihatidan uchga bo’linadi: sehrli- fantastik, maishiy va hayvonlar haqidagi ertaklar. Biz ularga «Dono qiz», «Donishmand vazir», «Qovoq ichidagi qiz», «Mis chovgum», «Yamoqchi», «Hilol qassob», «Bulbuligo’yo», «Yog’och ot», «Tilla kavush», «Fil bilan maymun» kabi ertaklarni ko’rsatishimiz mumkin. Uyg’ur ertaklarining ko’pchiligi nasriy yo’l bilan yozilgan. Lekin ularning ichida she’riy yo’lda yozilganlari ham uchraydi. Ma’lumki, ertaklar har bir zamonda qayta ishlanib kelgusi avlodlarga o’tkaziladi. Shu tufayli biz xalq og’zaki ijodi asarlari orqali o’sha halqning bosib o’tgan tarixiy yo’lini ham ko’rishimiz mumkin.
     Uyg’ur xalqining yozma adabiyoti ham juda qadimgi tarixga va boy an’anaga egadir. Uyg’ur yozma adabiyotini uch davrga bo’lib o’rganish mumkin.
1. Birinchi davr islomgacha, ya’ni X asrgacha bo’lgan qadimgi davr adabiyoti. Bunga Elikxon haqidagi bitiklar va Urxun-Yenisey yozma yodgorliklari yozuvida bitilgan «Yo’riqnoma» kabi asarlar kiradi. Bu davrda uyg’urlar budda diniga e’tiqod qilgan.
2. X asrdan boshlab uyg’urlar Islom dinini qabul qildi. Ular arab alifbosi bilan parallel ravishda o’z yozuvlarini ham qo’lladilar. XI asrda O’rta Osiyoda hukmron bo’lgan Qoroxoniylarining poytaxti Qoshg’ar bo’lgan. Bu markazlashgan davlat ilm-fan va san’atga katta e’tibor berdi. Ana shu davrda umumturkiy xalqlar adabiyotiga taalluqli bo’lgan «Devoni lug’otit turk», «Qut adg’u bilik» singari asarlar paydo bo’ldi. Bu asarlar bevosita uyg’ur xalqining xam madaniy yodgorligi bo’lib hisoblanadi. Keyinchalik turkiy adabiyot taraqqiyotiga muhim hissa qo’shgan Ahmad Yugnakiyning «Hibbatul haqoyiq» asari ham Uyg’uristonda ijod qilingan degan taxminlar bor. Albatta, bu asar qayerda yozilishidan qat’iy nazar, barcha turkiy xalqlarning, shu jumladan, uyg’urlarning ham ajoyib madaniy yodgorligi bo’lib hisoblanadi.
     Ma’lumki, uyg’ur tili turkiy tillarning ichida o’zbek tiliga eng yaqin tildir. O’yg’ur adabiyotini o’zbeklar tarjimasiz ham to’liq tushungan. O’z navbatida O’yg’urlar ham o’zbek adabiyotini o’qib, undan ijodiy foydalangan. Keyingi asrlar uyg’ur adabiyoti vakillari Navoiyni o’zlariga ustoz deb bilganlar. Ana shunday shoirlardan biri Muhammad Amin Ho’jaqul o’g’li Hirqatiydir. U 1634-1724 yillarda Qoshg’arda yashab ijod etgan. O’z davrining ma’lumotli kishilaridan biri bo’lib yetishdi va «Hirqatiy» tahallusi bilan she’rlar yozdi. Shu davrda Imomi A’zam Uyg’urda boshchilik qilgan edi. Uning vafotidan keyin, o’g’illari otasining taxti uchun bir-biri bilan urush olib bordi. Bular «Oqtog’liklar» va «Qora tog’liklarga» bo’lingan edi. Nihoyat bu urushda Ofoqxo’ja eshon boshchiligidagi «Oqtog’liklar» g’olib kelib, hokimiyatni o’z qo’liga kiritdi. Uning O’rta Osiyoda va Sharqiy Turkistonda minglab muridlari bor edi. Mashhur shoir Boborahim Mashrab ham uning shogirdi edi. Hirqatiy ham ana shunday tarixiy sharoitda yashab o’tdi. Uning «Muhabbatnoma va mehnat» dostoni juda mashhur bo’lgan.
     Xirqatiy uyg’ur adabiyotining taniqli klassik shoirlaridan bo’lib, u Koshg’ar yaqinidagi Tazgun deb nomlangan qishloqda tug’ilgan. Yoshligida eski maktab va madrasalarda o’qib savodini chiqardi. Keyin Ofoqxo’ja eshon huzurida bog’bon va chiroqchi bo’lganligi haqida ma’lumot bor. Uning asl ismi Muhammad Imin Xo’jaqul o’g’li bo’lib, «Hirqatiy» taxallusi bilan ijod qilgan. «Xirqatiy» so’zining «yorqin», «qayg’u» kabi ma’nolari bor.
     Shoir Ofaqxo’ja Eshon huzurida ancha yillar bo’lib, tasavvufdan saboq oldi, jiddiy bilimlarni, bir qancha chet tillarni o’zlashtirdi. U ko’pincha she’rlar ijod qilgan, lekin bu she’rlar bizgacha yetib kelmagan. Ammo uning «Muhabbatnoma va mehnatkom» dostoni to’liq bizgacha yetib kelgan. Bu asarning qo’l yozmasi 1954 yil Yangig’isor shahridan topilgan bo’lib, u 6432 misradan iborat. Asar Sharq klassik adabiyoti an’analari ruhida yozilgan. Gul va Bulbul obrazlari, ularning bir-biriga bo’lgan ishq-muhabbatlari juda jozibador tarzda tasvirlangan. Tong shamoli obrazi ham asarda g’oyat katta mahorat bilan chizilgan. Bu shabboda sevishganlarni bir-biri bilan bog’lashga xizmat qiladi. Bu romantik asar bo’lib, shoir o’z orzu umidlarini go’zal, baxtli hayot kechirish haqidagi hayollarini majoziy obrazlar orqali ifodalagan.

          Gullarning ichida eng a’losi Qizil gul bo’lib, unga muvofiq yor esa faqat Bulbuldir. Ana shu Qizil gul va Bulbul asarning bosh qahramonlari. Ularni bir-biri bilan uchrashtirish uchun Sabo juda ko’p zahmat chekdi. Gul va Bulbullar esa sabr-qanoat bilan visol damlarini orziqib kutdilar. Asardagi ayrim epizodlar Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidagi voqialarni eslatadi. Albatta Hirqatiy Navoiy ijodidan xabardor bo’lgan, uning ijodidan ta’sirlanib bu asarini yozganga o’xshaydi. Fikrimizning isboti uchun asardagi Sabo va Bulbul o’rtasidagi dialogni keltirib o’tishni joiz topdik:
          Dedi: «Xushxon qush ey, qaydin bo’lursan?!
          Dedi Bulbul: «Makonim bilmadim man».
          Dedi: «Ne vajdan aylarsan san afg’on?»
          Deydi: «Bir gul uchun bag’rim mening qon».
          Dedi: «Sharq et mayu paymonasidan».
          Dedi: «Ichdim azal mayxonasidan».
          Dedikim: Ne sabab budir makoning?»
          Dedi: «Taqdir bo’libdir husni oning».
          Dedi: «O’tdek chiqar ohing sharori».
          Dedi: «Ul o’t erur ishqim harori».
          Dedi: «Bu so’z ishqingdir qachondin».
          Dedikim: «Bexabardirman bu jondin».
          Dedikim: «Sen ne yanglig’ qush erursan?»
          Dedi: “Bilmam, nechuk, bexush erurman”.
          Dedi: “Bu ishq o’tin jondan o’chirgil”.
          Dedi: Bu so’zni ko’nglingdan ko’chirgil”.
          Bu parchadan ko’rinib turibdiki, Hirqatiy Navoiyning Xusrav va Farhod dialogidan ijodiy foydalangan.
    
     Asarda ma’shuqa visoliga yetish uchun mashaqqatli mehnat chekish, turli sinovlardan o’tish kerak, degan g’oya ham ilgari surilgan. Bu asarni taniqli adabiyotshunos olim Murod Hamroyev mahorat bilan o’zbek tiliga tarjima qilgan.   Bu majoziy obrazlar vositasida yozilgan ishqiy doston edi. Asarda asosan uchta obraz ishtirok etadi. Bular Gul, Bulbul va Sabo obrazlaridir. Asarda hikoya qilinishicha, xafa bo’lib turgan Guldan buning sababini so’raganda, u shu dunyoda bir sodiq do’st topolmaganligini aytadi. Sabo bunga do’st topib berishga ahd qiladi va uzoq izlanishlardan keyin Bulbulni topadi. Hirqatiyning bu dostoni uyg’ur adabiyotining keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir qildi. Uning asariga taqlid qilib yozilgan dostonlar paydo bo’ldi. Masalan, Salohiy nomli shoirning «Gul va Bulbul» dostoni bunga misol bo’la oladi.
     Bu davr uyg’ur adabiyotining rivojida Muhammad Sodiq Ziloliyning ham katta hissasi bor. U 1674-1743 yillarda Yorkentda yashab ijod etgan. Shoirdan bizga bitta she’riy to’plam yetib kelgan. Bu kitobda uyg’ur va fors tilida yozilgan bir qancha g’azallar, ruboiylar, qasidalar mavjud. Bundan tashqari shoirning diniy-ma’rifiy temada bitilgan «Qirq chiltan» dostoni, «Muhammad Sharif buzrukvor» nomli tazkirasi ham meros bo’lib qolgan. Shoir she’rlari katta mahorat bilan yozilgan, unda ishq mavzui yetakchilik qiladi. Shoir Ziloliy ham Mashrab kabi darveshona hayot kechirgan. U ayrim asarlarida o’zidan keyin farzand qolmaganini afsus bilan aytib, lekin uning har bir g’azali farzandlari ekanligini ta’kidlab o’tadi.
     Shoir Navbatiy ham Ziloliyning zamondoshi bo’lib, undan anchagina she’rlar meros bo’lib qolgan. Bu she’rlarning ko’pchiligi ishqiy mavzularda bo’lib, g’azal janrida yozilgandir. 1710 yilda Ofoqxo’ja eshon vafot etgach, uyg’ur xalqi boshiga yana ko’p fojealar tushdi. Jungarlar Sharqiy Turkistonni bosib oldi, keyinroq esa uyg’urlar manjurlar mustamlakasiga aylandi. Uyg’ur millatiga mansub bir qancha aholi Ili daryosi sohillariga majburan ko’chirib olib ketildi. Ular bu yerda manjur askarlariga qul bo’lib xizmat qildilar. Ana shu istibdodlarga qarshi 1757 yilda uyg’ur xalqi katta qo’zg’alon ko’tardi. Bu qo’zg’alon vaqtincha biroz muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritgan bo’lsa-da, keyinroq dushmanlar tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi.
     XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida Sharqiy Turkistonda bir qancha talantli ijodkorlar yetishib chiqdi. Shoir Oxun Arshiy, Hislat Koshg’ariy kabilarning bir qancha she’riy devonlari bizgacha yetib kelgan. XIX asrning birinchi yarmida Abduraim Nizoriy, Turdi G’aribiy, Navro’z Oxun Ziyom singari shoirlar ijod qildi. Ayniqsa bularning ichida Abduraim Nizoriyning ijodi e’tiborga loyiqdir. Uning «Muhabbat to’g’risida dostonlar» asari mashhurdir. «Robiya va Sayyodin» asarida shoir ikki yoshning sevgisiga to’sqinlik qilgan yaramas urf-odatlarni, jaholatni qattiq tanqid qildi. Bu kitobda inson erki, huquqlarining qo’pol ravishda paymol qilinishi, oddiy mehnatkash xalqning ayanchli va fojiali turmushi tasvirlab berilgan. Bu davrda yashagan Turdi G’aribiy bir qancha lirik g’azallar va «Kitobiy G’aribiy» nomli doston yozib qoldirgan. Shoirning dostonida ijtimoiy hayotdagi turli tabaqa vakillarining obrazlari berilgan. Ularning o’z so’zlari bilan, o’zlarining ahvollari bayon etiladi.
     XIX asrning ikkinchi yarmida uyg’ur xalqining xitoy bosqinchilariga qarshi juda katta qo’zg’aloni bo’lib o’tdi. Bu davrda xalqni ekspluatasiya qilish yuqori darajaga ko’tarilgan edi, jamiyatda poraxo’rlik asosiy omilga aylanib, hamma lavozimlar, mansablar yuqoridan turib sotilar edi. Soliqlarning turli xili ko’paygan, qimmatchilik va qahatchilik hukm surar edi. Aholining kattagina qismi najot izlab chet ellarga chiqib ketgan edi. Ana shunday adolatsizliklarga qarshi mehnatkash xalqning sabr kosasi to’lib toshgan edi. Natijada xalq qo’liga qurol olib qo’zg’alon ko’tarishga majbur bo’ldi. 1864-67 yillarda ro’y bergan bu qo’zg’alon natijasida Sharqiy Turkistonda ikki davlat vujudga keldi. Bular Qoshg’ar amirligi va Ili sultonligi edi. Bu davlatlar 15 yillarcha hukm surdi. Keyinchalik Rus hukumati Xitoy bilan kelishib, Markaziy Osiyoni, shu jumladan, Sharqiy Turkistonni ham bo’lib olishdi.
     XIX asrning ikkinchi yarmida uyg’ur klassik adabiyotida katta ko’tarilish yuz berdi. Bu davrda, Bilol Nozim, Iloxun Ko’kko’z singari xalq shoirlari yetishib chiqdi. Ayniqsa, Sadir Palvon (1798-1872) ijodi xalq orasida keng tarqalgan edi. Uning she’rlari to hozirgacha xalq orasida qo’shiq bo’lib kuylanib kelinmoqda. Shoir xitoy bosqinchiliriga qarshi yakka tartibda, terror yo’li bilan kurashdi, keyin isyonchilarga boshchilik qildi. Bir necha marta qamoqxonalarda o’tirib chiqdi. Xitoy ma’murlari tomonidan quvg’in qilindi, shoir ulardan yashirinib yurishga majbur bo’ldi. Uning yozgan she’rlari o’z davrida nashr etilmagan. Faqat xalq orasida ozodlik va erk qo’shiqlari sifatida keng tarqalgan. Shuning uchun shoir she’rlarida ayrim o’zgarishlar ham yuz bergan. Bularni shoir she’rlari xalq tomonidan ijodiy o’zlashtirilgan deb tushunmoq kerak.
     Said Muhammad Koshiy nomli shoir ham shu davrda yashab ijod etdi. Uning «Sharxi shikasta» nomli poemasida uyg’ur xalqining o’z joylaridan majburiy ravishda Yettisuv va Ili daryosi sohillariga ko’chirilishi hikoya qilingan. Bu doston masnaviy va muxammas she’riy shakllarda bitilgan. Dostonda xitoylik bosqinchilarga qarshi turgan uyg’ur xalqining kurashi keng miqyosda ko’rsatilgan.
     Uyg’ur xalqi adabiyoti taraqqiyotiga talantli shoir Bilol Nozimning ham hissasi katta bo’ldi. U 1824 yilda tug’ilgan. Dastlab g’azallar yozdi. Uning g’azallarida sharq she’riyati an’analari davom ettirildi. Keyin uning «Kitobi g’azot dar mulki Chin» nomli asari e’lon qilindi. Bunda shoir uyg’ur xalqining xitoy bosqinchilariga qarshi ko’tarilgan g’azot urushini tasvirlaydi. Bilol Nozimning «Nozigum» nomli dostonida uyg’ur shoirasi Nozigumning murakkab hayoti, uning ozodlik va erk uchun olib borgan kurashi hamda ijodi haqida atroflicha ma’lumotlar ta’sirli qilib berilgan. Ma’lumki, 1825 yilda uyg’urlar xitoy bosqinchilariga qarshi katta qo’zg’alon ko’tardi. Bu qo’zg’alon xitoylilar tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. Isyonchilarning barchasi o’ldirildi. Ularning xotinlari va bola-chaqalari esa qalmiqlarga cho’ri va qul qilib sotildi. Ana shu sotilganlarning ichida talantli uyg’ur shoirasi Nozigum ham bor edi. U bir necha marta qamoqxonalardan qochishga muvaffaq bo’ldi. Uni Pekinda Xitoy davlatining xavfli dushmani deb e’lon qildi. Sotqinlar tomonidan qo’lga tushirilgan shoirani, xitoy hukumati dorga osib o’ldirdi. Bilol Nozim ana shu ayanchli taqdirni o’z dostonida  mahorat bilan tasvirlab berdi.
     1917 yilgi Oktyabr inqilobidan keyin uyg’ur xalqining bir qismi Qozoqiston territoriyasida yashay boshladi. Uyg’ur xalqi tarixida birinchi marta «Kambag’allar ovozi» nomli gazeta chiqdi. Keyinchalik «To’qmoq» nomli satirik gazeta va «Qizil tong», «Inqilobchi Sharq» nomli jurnallar ham nashr etildi. XX asr uyg’ur adabiyoti asosan Qozog’iston va O’zbekiston hududida yashovchi uyg’ur ijodkorlari tomonidan taraqqiy etdi. Bunda Umar Muhammadiy, Habib Zokiriy, Nur Isroilov, Shamsiqiz Rahimova singari ijodkorlar yetishib chiqdi.
     XX asr uyg’ur adabiyotining asoschilaridan biri Umar Muhammadiy bo’lib hisoblanadi. U 1906 yilda Olmaota viloyatida tug’ilgan. U Toshkentda institutda o’qib, bir necha yil uyg’ur maktablarida o’qituvchilik qildi. Keyin Sharqiy Turkistonning Yorkent shahriga borib, texnikumda o’qituvchilik qildi. Shoir ayni navqiron yoshida 1931 yil 25 yoshda vafot etgan. Uning ijodi Toshkentda boshlandi. Dastlab lirik she’rlar yozgan shoir keyinchalik «Botir yillar» nomli alohida kitob nashr etgan. Shoir vafotidan keyin uning «Og’ir kunlarda», «She’rlar va hikoyalar» nomli ikki kitobi nashr qilingan. Umar Muhhammadiy yangi uyg’ur adabiyotining asoschisi sifatida mashhur bo’ldi. U birinchilardan bo’lib uyg’ur she’riyatida barmoq va erkin vaznlarni qo’llab she’rlar yozgan shoirdir. U Yevropa adabiyoti an’analarini uyg’ur adabiyotida birinchilardan bo’lib qo’llagan shoir hamdir. Uning asarlari o’z davrining aks-sadosi sifatida yangradi. Uyg’ur xalqining erk va ozodligi shoir ijodining bosh mavzusi edi.
     Izim Iskandarov ijodi ham yangi uyg’ur adabiyotining taraqqiyotiga muhim hissa bo’lib qo’shildi. Uning ijodi lirik she’rlar yozish bilan boshlangan. Uning birinchi kitobi «Kurash to’lqinlari» deb nomlanib, 1934 yili e’lon qilingan. Keyinchalik «Xon Tangri», «Sozim» va «Uyg’ur qizi» nomli kitoblarini nashr qildi. Yangi uyg’ur adabiyotida Guliston, Nur Isroilov, Mo’min Hamroyev singari prozaiklar ham yetishib chiqdi.
     Uyg’ur adabiyotida birinchi dramatik asar Abdulla Ro’ziboyev tomonidan yozildi. 1933 yilda Sadirov va Osimovlarning «Anorxon» nomli pyesasi ham e’lon qilindi. Bu asarda ikki yosh-Anorxon va Hamro bir-birlarini sevadi. Lekin bularning sevgisiga mahalladagi katta boylardan biri qarshi turib, Anorxonni o’ziga xotin qilmoqchi bo’ladi. Qizning otasi Saidboydan qarzdor bo’ladi. U bir amallab qarzini qutuladi, lekin boydan tilxatini qaytarib olmagani uchun bu hisobga o’tmaydi. Asar finalida qahramonlar fojiali halok bo’ladi. Bu asarda bir tomondan jaholat tanqid qilinsa, ikkinchi tomondan ilmsizlik ham qoralanadi.
     Urush va urushdan keyingi davr adabiyotining taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan yozuvchi sifatida Ismoil Saidovni ko’rsatish mumkin. U qisqa umri davomida bir qancha kitoblar yozib qoldirdi. Ayniqsa uning muhabbat lirikasi hamda «G’arib va Sanam» nomli dramatik asari o’z davrida juda mashhur bo’lgan.
     Sharqiy Turkistonda 1931-1933 yillar va 1944-46 yillar Xitoy bosqinchilariga qarshi katta isyonlar bo’lib o’tdi. Ana shu tarixiy voqyealar Lutfillo Mutallibov, Ziyo Samadiy, Jalol Musayev singarilarning asarlarida o’z aksini topdi. O’zbekistonda ham uyg’ur adabiyoti taraqqiy etdi, uning Ro’zi Qodiriy singari vakillari yetishib chiqdi.
     Ayniqsa uyg’ur xalqining vatanparvar shoiri Lutfulla Mutallib (1922-1945) xalq ozodligi yo’lida qurbon bo’lgan yorqin siymolardan biridir. Iste’dodli shoir o’z xalqini xitoy bosqinchilaridan ozod etish uchun bor umrini bag’ishladi. Shoir hammasi bo’lib 23 yilgina umr kechirdi. Lekin bu chaqmoq umriday hayot edi, u shu bir zumlik hayotida zulmatni yoritib ketdi.
     Lutfulla tatar tilidagi maktabda o’qidi, keyin gimnaziya va pedbilim yurtlarida tahsil oldi. O’qishni bitirgach, gazeta redaksiyalarida muxbir, teatrlarda rejissyor va aktyor bo’lib faoliyat ko’rsatgan.
     1945 yili u Oqsuv shahrida «Sharqiy Turkiston uchqunlari» nomli yashirin tashkilot tuzadi. Bu tashkilotning asosiy maqsadi asrlar davomida ezilib kelayotgan xalqni xitoy bosqinchilari zulmidan qutqarish edi. U erk va ozodlik haqida she’rlar yozdi. Shoirning qo’yidagi misralari ozodlik uchun kurashayotgan uyg’ur xalqining gimniga aylangan edi.

         Esankiramasman, do’stlar, tilayman zo’r tilaklarni,
         Kurashga yeng shimarganman, toblaganman bilaklarni.
         Bog’ni bevaqt xazon qilmas mardano bog’bon hyech qachon,
         Tarbiyasiz qo’ymas aslo, so’ldirmas gul-chechaklarni.
         Hayolim talpinib turgan misoli bir ma’sum bola,
         Emish-chun onadagi mehr to’la ko’kraklarni.
         Shirin orzularga cho’mib boqurman keng samolarga,
         Tafakkur ko’zi-la ko’rgum ajib ravshan burchaklarni
         
     Shoir rahbarlik qilgan yashirin tashkilot ko’pgina ishlarni amalga oshirdi. Xalqni bosqinchilarga qarshi kurashga chorlovchi kitoblar nashr etdi, Isyonga boshlovchi varaqalar tarqatdi. Xitoy bosqinchilari talvasaga tushib qoldi. Tashkilot a’zolarining ichidan sotqin ham topildi. Natijada shoir va uning hammaslaklari hibsga olinib, qattiq qiynoqlarga solindi. Bu mard, jasur kurashchilar qancha azoblarga qaramasdan, dushmanga taslim bo’lmadi, ulardan afv so’ramadi. Bosqinchilar bu mard, ozodlik jarchilarini tez cho’ktirolmagach, ularni otib tashladi.
     Lutfilla Mutallib Ikkinchi jahon urushi davrida yashab ijod qildi. U o’z maqola va she’rlarida urushni la’natladi, xalqlarni birodorlikka, do’st bo’lib yashashga chaqirdi. Shoir «Ajal talvasasida» nomli pamflet – she’rida fashizmning haqiqiy basharasini ochib tashlaydi. Uning «May qo’shig’i», «Kurash to’lqinlari» kabi she’rlarida xalq ozodligi, istiqlol g’oyalari kuylangan. Shoir o’z ijodida xalq og’zaki ijodidan unumli foydalandi. Klassik uyg’ur she’riyati an’analarini yangi davrda davom ettirdi. Aruz vaznida yozgan she’rlarida ozodlik va erkni kuyladi. Adib hayoti va ijodi haqida ilmiy tadqiqotlar qilingan, qissalar va romanlar yozilgan. 1983 yilda uning «Yillarga javob» kitobi o’zbek tilida nashr etiladi. Jahon adabiyoti tarixida bunday qisqa umr ko’rib, katta shuhrat qozongan ijodkorlar juda kam uchraydi. Uyg’ur xalqining jasur shoiri Lutfilla Mutallib ijodi o’zbek xalqining mard o’g’loni, otashnafas shoiri Usmon Nosir ijodiga hamohangdir. Bu ikki shoir ham chaqmoq umrini yashab, bu qorong’ulik va zulmat bosgan dunyoni bir zum yoritib o’tdi.
     Uyg’ur adabiyotining yirik vakillaridan yana biri Ro’zi Qodiriy nomi keng kitobxonlar ommasi orasida juda mashhurdir. U 1925 yili Qoshqarda tug’ilgan. O’rimchi shahridagi eski maktabda keyin esa milliy institutda o’qigan.Shoir dastlabki she’rlaridayoq xitoy bosqinchilariga qarshi nafrat to’yg’ularini aks ettirgan edi. U «Ravnaq», «Lochin» kabi taxalluslari bilan ijod qildi. R.Qodiriy XX asr uyg’ur poeziyasi va dramaturgiyasining rivojiga katta hissa qo’shdi.
     Shoir jurnalistik faoliyati bilan ham ko’p shug’ullangan. U «Janubiy Tyan- shan», «Bizning yo’l» kabi gazetalarda muharrir bo’lib ishladi. Uning birinchi kitobi «Uchqun» nomi bilan 1956-yilda nashr etilgan edi. Keyinchalik shoirning «Kurash ilhomlari», «Bahodir o’g’lon», «Qashqar qo’shig’i», «Gulnor», «Xiva gullari» kabi kitoblari e’lon qilindi. Shoirning «Qutlug’ diyor» nomli dostonida uyg’ur va o’zbek xalqlari o’rtasidagi do’stlikni ulug’ladi. R. Qodiriy 1957- yilda Toshkentga kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashadi. O’zbekiston uning ikkinchi vatani bo’ldi. U ayrim asarlarini o’zbek tilida ijod qildi.
     R. Qodiriy uyg’ur dramaturgiyasining shakllanishiga ham muhim hissasini qo’shgan ijodkordir. Uning «Ezilgan dehqon», «Tun va Tong», «Kurash va Intiqom», «G’oliblar to’yi» kabi drama va komediyalari ko’p yillar teatr sahnalarida o’ynalib keldi.
     «Xiva gullari» nomli dostonda Nurjon nomli uyg’ur qizning O’zbekistonga kelib baxt topgani, bu yerda o’z mehnati bilan obro’-e’tibor topib, sevganiga turmushga chiqqani hikoya qilingan. Dostonda Xivadagi gilam to’qish fabrikasida mehnat qilayotgan turli millat kishilarining bir oiladek inoq yashashi o’quvchida kattagina taassurot qoldiradi. Asarda Nurjon o’z oilasining o’tmishini shunday tasvirlaydi.

                   Mening bobom ekan Xo’jandan,
                   Kelgan ekan bir chog’lar bunda.
                   Qochgan ekan yov qirg’inidan,
                   Necha yillar yashaymiz shunda
                   Uyg’ur elin zabt etgan manjur
                   Yog’diribdi qirg’in o’tini
                   Nobud bo’lib besh yuz ming uyg’ur,
                   Matom bosmish bobom yurtini.
                   Hikmat koni, hunarlar koni,
                   Huvillabdi hayot maskani,
                   Ko’milibdi obodlik, hayhot!
                   Dod-faryodda bechora uyg’ur
                   Erk tilabdi, kutibdi najot!

     Dostonda uyg’ur xalqining ozodligini toptagan bosqinchilarga nafrat bilan yozilgan misralar ham anchagina bor. Asar finalida vofodorlik, sadoqat tantana qiladi.   
     Sharqiy Turkiston hozir Xitoy davlatiga qaraydi. U yerda 40 milliondan ortiq uyg’ur xalqi o’z ozodligi va mustaqiligi uchun muntazam kurash olib bordi. Uyg’ur adabiyotining Ziyo Samadiy, Zunun Qodiriy singari mashhur ijodkorlari bor. Ziyo Samadiy Xitoy davlatining yurgizayotgan milliy siyosatiga qarshi chiqqani uchun vatanidan chiqarib yuborildi. Uning «Qonli dog’», «G’arib va Sanam», «Xatarli daqiqalar» va «Xitoy zindonlarida» kabi pyesalari nashr etilgan. Ziyo Samadiy uyg’ur adabiyotining tarixida birinchi bo’lib «Maimxon» nomli romanini yozdi. Bu asarda uyg’ur xalqining mashhur kurashchisi Maimxon obrazi mahorat bilan tasvirlangan. Ana shundan keyin uyg’ur yozuvchilari roman janrida ham ko’plab asarlar yaratdi. Xullas, hozir uyg’ur adabiyoti Sharqiy Turkistonda va O’rta Osiyoda yashovchi ijodkorlar tomonidan davom ettirilmoqda.

 

Adabiyotlar

1. Xamrayev M. Vekov neumirayu?yeye slovo. «Jazush?», Alma-ata. 1969.
2. Qodiriy R. Uyg’ur yozuvchilari. Toshkent, 1974.
3. Qodiriy R. Porloq qatralar. Toshkent, 1981
4. Bilol Nozim she’riyatidan. Toshkent, 1986.
5. Uyg’ur xalq ertaklari. – Toshkent, «Yosh gvardiya», 1981.
6. Uyg’ur xalq qo’shiqlari. – Toshkent, 1960.
7. Hirqatiy. She’rlar va doston. «Jahon adabiyoti» jurnali, 2000 yil, fevral.
8. Qodiriy R. G’ururim. She’rlar va balladalar. – Toshkent, 1978.
9. Mutallib Lutfilla. Yillarga javob. She’rlar va balladalar. – Toshkent, 1983.
10.Sadir Polvon. Ijodiy-biografik ocherk.Toshkent, 1987.


http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!