XVI-XVII asrlarda Ozarbayjonda turk sultonlari hukmronlik qildi. Bu davr ozarbayjon adabiyotida ijtimoiy voqyealarga munosabatning kuchayganligi ko’zga tashlanadi. Ayniqsa, Vidodiy bilan Voqif kabi shoirlar ijodida bu holat ko’proq seziladi. Voqyelikni haqqoniy aks ettirish, xalq orzu – umidlariga yaqinlik hamda she’rni nihoyatda sodda va xalqchil uslubda yozish, bu ikki shoir ijodining fazilatlaridan biri edi.
     Vidodiy hayotda juda qiynalib yashadi, u mavjud siyosiy tuzum bilan kelisholmadi. Shuning uchun uning asarlarida hasrat va nadomat motivlari yetakchi o’rinda turadi. Shoirning “Turnalar”, “Yig’laysan” kabi asarlari va Voqifga yuborgan she’riy maktublarida bu ayniqsa ko’zga yaqqol tashlanadi.
     Mehnatkash oilada tug’ilib voyaga yetgan, o’z aql – idroki bilan vazirlik darajasiga ko’tarilgan Mullo Panoh o’g’li Voqif ijodida esa asosan hayotbaxsh ruh hukmron edi. Shoir hayot go’zalligini madh etib, inson shu dunyoda ham baxtli yashash mumkin deb, o’sha davrdagi tushkinlik kayfiyatidagi she’riyatga qarshi bordi.
     Mullo Panoh Voqif Ozarbayjonning Qozoq rayonidagi Saloqli qishlog’ida tug’ilgan. Yoshligida o’z davrining mashhur olimlaridan dars olgan. Keyinchalik uning oilasi Shusha shahriga ko’chib borgan. Voqif bu yerda o’qituvchilik qilgan, tez orada uning mashhur shoir bilimdon va donishmand kishi ekanligi Shusha xoni Ibrohimbekka yetadi. Uni saroyga ishga taklif qiladi. Shoir Ibrohimbek saltanatida bosh vazir darajasigacha ishlashga muvaffaq bo’ladi. Tarixiy voqialar va urushlar tufayli Ibrohimbek Shushani tashlab ketadi. Uning o’rnini egallagan amakivachchasi Muhammadbek Javonshir Voqifni o’g’li Aliog’a bilan birga dorga osib qatl etadi.
     Voqif Ozarbayjon adabiyotida romantik poeziyadan realistik poeziyaga o’tgan birinchi ijodkordir. Uning she’rlarining ko’pchiligi sodda, xalq ruhiga yaqin barmoq vaznida yozildi. Ular mazmun jihatidan ham xalq qo’shiqlariga yaqin turadi. U oddiy mehnatkash xalqning og’ir ahvoli haqida yozdi. Voholanki, bu davr ozarbayjon shoirlarining ko’pchiligi ishq – muhabbat temasida asarlar yozar edi. Voqif esa ana shu qotib qolgan an’ana qobig’idan birinchi bo’lib chiqqan shoirlardandir.

              Bayram keldi, naylashimni bilmayman
              Bizing uyda to’liq juvol ham yo’qdir.
              Don ham, yog’ ham allaqachon tugovdi,
              Etni-ku ko’rmaymiz, mo’tol ham yo’qdir.
              Bizning bu dunyoda na molimiz bor
              Va na uyda sahibjamolimiz bor.
              Voqif, chiranmaki, kamolimiz bor,
              Xudoga shukurki, kamol ham yo’qdir.

     Ko’rinib turibdiki, shoir mehnatkash xalqning og’ir ahvolini tasvirlab, o’zini ham ular bilan bir qatorda hisoblayapti. Shoirning “Boq”, “Ko’rmadim” nomli she’rlarida ham adolatsiz zamondan shikoyat motivlari ko’zga tashlanib turadi. Voqif g’azallarida asosan Sharq g’azalchilik an’anasi davom ettirilgan. Ishq – muhabbat mavzuidagi g’azallar asosiy o’rinni egallaydi. Shoir bu g’azallarida dunyoviy ishqni ko’proq kuylaydi.

              Seviklim, bu nazokatda gulu ra’nodan ortiqsan
              Sanobar, sarvi shamshod, to’biyi zebodan ortiqsan.
              Qoshing toqin qo’yib, mehrobga men qilmadim sajda
              Ki sen yuz martaba ul ka’bayi ulyodan ortiqsan
              Menam Voqifmanu – Farhod ila Majnundan a’loman,
              Agar sensan - o’shal Shirin ila Laylodan ortiqsan.

    Shoirning ushbu she’ri ham klassik tradision janrda yozilgan. Unda qofiya, radif va vaznlar ma’lum tartib – qoidalarga rioya qilingan. Lekin g’azalda ma’shuqa sifatlari hatto Ka’badan yuz marta ortiqsan deb tavsiflanyapti. Bu o’sha davrda katta jasorat edi. Bunday so’zlarni musulmon dunyosidagi shoirlar kamdan – kam ishlatgan.
    Bu she’rlar qandaydir tomoni bilan o’zbek xalqining isyonkor shoiri Mashrab she’rlariga o’xshash jihatlari bor. Shoirning “O’lmaram”, “Kelmadi”, “Yig’laram” kabi g’azallarida ham o’ziga xos original tashbehlar ishlatilganligini ko’ramiz.
    XIX asrda Ozarbayjon Rossiyaga qo’shildi. Bundan keyin ijtimoiy hayotda ham, adabiyotda ham katta o’zgarishlar bo’ldi. Ozarbayjon ma’rifatparvarlik adabiyoti shakllana boshladi. Abbosquli Boqixonov, Mirzo Shofiy Vozeh, Ismoilbek singari ijodkorlar Ozarbayjon adabiyotida birinchilardan bo’lib realistik dostonlar va novellalar ijod qildi. Bu ma’rifatparvarlar orasida eng buyugi Mirzo Fatali Oxundov bo’lib hisoblanar edi. U Tiflis shahrida rus – totar gimnaziyasida o’qidi. Rus progressiv adabiyoti bilan yaqindan tanishdi. ozarbayjon xalqining qoloq bo’lib qolishiga asosan savodsizlik sababchi deb bildi. Shuning uchun Oxundov lotin grafikasi asosida ozarbayjon alfavitini ishlab chiqdi. U birinchi bo’lib ozarbayjon dramaturgiyasiga va teatriga asos soldi. U jaholatni, hukmron tuzumdagi illatlarni tanqid qilib “Mullo Ibrohim Halil kimyogar”, “Xasis kishining sarguzashti”, “Tabiatshunos Musye Jardon” singari komediyalarini yaratdi. Bu asarlar A. Griboyedovning “Aqllilik balosi” asariga o’xshash tarzda yozilgan. Oxundov bu asarlarini 1850-1852 yillarda yozdi. Shu bilan birga Oxundov talantli shoir ham edi. U rus she’riyatidan o’rganib, uni sharq poetikasining go’zal an’analari bilan boyitgan lirik asarlar ijod qildi. Pushkin obrazi yaratilgan “Sharq poemasi” asari o’ta mahorat bilan yozilgan. U birinchi bo’lib Ozarbayjon adabiyotida “Aldangan yulduzlar” nomli povest yozdi. Yozuvchining bu asari folklor asarlari asosida yozilgan. Adibning maktub formasida yozgan “Hind shahzodasi Kamol – ud Davlaning Eron shahzodasi Jamol – ud Davlaga yozgan uch maktubi va undan olgan javobi” nomli falsafiy traktati ham katta ahamiyatga ega. Bu bilan M. Oxundov rus revolyusion demokratlari yo’lidan borayotganini isbotladi. Bu asarlari bilan M.F.Oxundov Ozarbayjon adabiyotida realistik prozaning shakllanishiga ham asos soldi.
    Ozarbayjon demokratik adabiyotining taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shgan shoirlardan biri Saidazim Shervoniy edi. U lirikada Fuzuliy an’analarini davom ettirgan bo’lsa, satirada M.Oxundovga ergashdi. Uning ma’rifatparvarlikni targ’ib etuvchi an’anaviy asarlari mavjud. Bu davr Ozarbayjon adabiyotida Xurshidbonu, Notavon, Hayronxonum kabi shoiralar ijodi ham katta ahamiyatga ega. Bu shoiralar Fuzuliy, Voqif kabilarning an’analarini yangi zamonda davom ettirib, Ozarbayjon poeziyasining yuksalishiga katta hissalarini qo’shdi.
    XIX asr oxiri XX asr boshlarida Ozarbayjonda teatr san’ati rivojlandi. Boku va boshqa bir qator shaharlarda yangi –yangi teatrlar tashkil etildi. Bu esa dramaturgiyaning rivojlanishiga sabab bo’ldi. Natijada Natafbek Vezirov, Narimon Narimonov, Asadbek Axverdov kabi dramaturglar yetishib chiqdi.
    N.Vezerov “Yomg’irdan qochib selga», “Faqat nomigina qoldi”, “Nima eksang, shuni o’rasan” kabi dramalarida ijtimoiy tuzumdagi turli illatlarni fosh qildi. Xotin – qizlar ozodligi mavzusini ko’tarib chiqdi. Vezirov “Faxriddinning sho’ri” pyesasida zolim boy qo’lida ezilgan bechora mehnatkash kambag’al kishilarning fojiali hayotini tasvirlaydi. “Pahlavonlar” nomli pyesasida esa neft ishlab chiqarish bilan bog’liq turli tovlamachiliklar, adolatsizliklar ustidan kuladi. Bu davrda yaratilgan Axverdovning “Xonavayron qilingan uya”, “Baxtsiz yigit”, J.Mamatqulizodaning “O’liklar” nomli pyesalari ham katta shuhrat qozondi. Bu pyesalarda Ozarbayjonda kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarining shakllanishiga doir voqyealar o’z aksini topdi.
    Bu davrda Jafar Mamatqulizoda rahbarligida “Mullo Nasriddin” nomli satirik jurnali chiqa boshladi. Bu jurnal faqat Ozarbayjonda emas, balki butun turkiy xalqlar orasida juda mashhur bo’ldi. J.Mamatqulizoda o’z davridagi turli illat va nuqsonlarni kichik va ixcham satirik hikoyalarda aks ettirdi. U N.V.Gogolning an’analarini o’zlashtirib, o’z davri adabiy jarayonining yirik hajvchisi darajasiga ko’tarildi. U ko’pgina satirik hikoyalarida o’ta makkor, tovlamachi siyosiy hukmdorlarni, o’z manfaati yo’lida dini va imonini ham sotgan ruhoniylarni tanqid qildi. Aliakbar Sobir esa ozarbayjon adabiyotida satirik g’azallarning yetuk ijodkori sifatida tanildi.
    Xullas, Ozarbayjon klassik adabiyoti juda qadimgi va boy tarixga ega. Ozar xalqini butun olamga tanitgan buyuk allomalar ijodi turk dunyosining faxri bo’lib hisoblanadi.

Adabiyotlar

1.  Arif M. Azerbayjanskaya literatura. Moskva. 1979 yil.
2.  M.Shayxzoda. O’zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari. III tom. Toshkent. 1978 yil.
3.  Voqif. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1978 yil.
4.  M.V.Oxundov. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1976 yil.

http://www.samdu.uz/

Powered by OrdaSoft!