Respublikamiz mustaqillikka erishgach, barcha sohalarda ulkan o’zgarishlar yuz berayapti. Yurtimizning qadimiy qadriyatlari qayta tiklanmoqda, diniy-ma’rifiy va jadid adabiyoti vakillarining asarlari yangidan nashr qilindi. Bu asarlar chuqur o’rganish uchun adabiyot o’qitish dasturlariga kiritildi. Respublikamizning jahondagi boshqa mamlakatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari mustahkamlanib, kengayib bormoqda. Qisqasi, yurtimiz har tomonlama jahonga chiqish uchun intilmoqda. Bu ayniqsa, oliy ta’lim sohasida ham ko’zga yaqqol tashlanmoqda.
     Oliy o’quv yurtining o’quv rejalariga hozirgi davr talablaridan kelib chiqadigan fanlar kiritilmoqda. Ana shunday fanlardan biri «Turkiy xalqlar adabiyoti» fani bo’lib, u 2000-2001 o’quv yilidan boshlab adabiyot o’qitish dasturlariga kiritilgan. Bu fanni o’qitishdan asosiy maqsad turkiy xalqlar o’rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, ularning o’zaro totuvligini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Asli kelib chiqishi bir bo’lgan bu xalqlar adabiyotini qiyosiy-tipologik tahlil qilish hozirgi adabiyotshunosligimizning eng dolzarb masalalaridan biridir. Adabiyot xalqlar o’rtasidagi do’stlik elchisi ekanligini hisobga olib, biz ushbu ishimizda turkiy xalqlar adabiyoti tarixidagi mushtarak va farqli tomonlarni aniqlashga harakat qildik.
     Ma’lumki, turkiy xalqlar adabiyotining bir qismi sobiq sho’ro davrida ham o’rganildi. Lekin unda asosan sho’ro hukumati tarkibiga kirgan turkiy xalqlar adabiyoti sinfiy nuqtai nazaridan o’qitilar edi. Bugungi kunda esa bizga bu adabiyotni qanday bo’lsa, shundayligicha to’g’ri, haqqoniy o’rganishga imkon yaratildi. Shundan kelib chiqib, biz mazkur ishimizda o’zbek adabiyotshunosligida avval kam o’rganilgan yoki umuman o’rganilmagan turkiy xalqlar adabiyoti haqida ko’proq ma’lumot berishga harakat qildik. Tekshirishlar natijasida biz turkiy xalqlar adabiyotining og’zaki ijodi va qadimgi davri bir-biri bilan ko’p tomonlama juda yaqin ekanligining  guvohi  bo’ldik.
     Turkiy xalqlar adabiyotini o’qitishning yana bir vazifasi talabalarda umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, ularni shu ruhda tarbiyalash ham  hisoblanadi. Ana shu maqsadda ushbu risolada mashhur adiblar ijodi va ularning asarlaridan ayrim namunalar ham keltirildi.
     «Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma’naviyati orqali bilamiz»[1], - degan edi prezidentimiz I.Karimov. Turkiy xalqlar adabiyotini o’rganish ularning ma’naviyati, madaniyatini o’rganish demakdir. Bu esa istiqlol mafkurasining shakllanishiga katta hissa bo’lib qo’shiladi.
     Turkiy xalqlar adabiyotidan darslik, qo’llanmalar yaratishga ilk urinishlardan biri bo’lgan bu ishda kamchiliklar bo’lishi tabiiy. Bu haqda xolis fikr bildiruvchilarga o’z minnatdorchiligimizni izhor qilamiz.

 1. I. Karimov. Tarixiy xotirasiz kelajak yuq. - Toshkent: "Sharq" nashriyoti - matbaa konserni bosh tahririyati, 1998 18-bet.

http://www.samdu.uz/

------------------------------------------------------------------------------------------------------

Nomi: TURKIY XALQLAR ADABIYOTI.
Muallif: Absamiyev Hamid
Annotatsiya: Ushbu qo’llanma turkiy xalqlar adabiyotiningeng qadimgi davridan boshlab, to bugunga qadar bo’lgan tarixi haqida qisqacha ma’lumot berilgan. Avval adabiyotshunoslikka kam o’rganilgan Uyg’ur adabiyoti, Shimoliy Kavkaz turkiy xalqlari hamda Oltoy va Sibirda yashovchi turkiy xalqlar adabiyoti haqida ham zarur ma’lumotlarga ega bo’lasiz.
Mazkur qo’llanma «Turkiy xalqlar adabiyoti»ni o’rganayotgan talabalarga mo’ljallangan.

(Bu kategorideki makaleler Semerkand Devlet Üniversitesi sitesinden alınmıştır.)

http://www.samdu.uz/files/web/napr/filologiya/txa/html/MUNDARIJA.htm

 

Powered by OrdaSoft!