Oʻtdi istiqlolning yana bir yili,
Hal boʻldi yurtimning qancha mushkuli,
Chorlar ozodlikning munavvar yoʻli —
Doʻstim, istiqlolga biz, nima berdik?

Dunyoga koʻrk yozdi ona tilimiz,
Poklandi, imonga toʻldi dilimiz.
Olamga tanildi aziz elimiz,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

Endi tadbirkorning omadi kuldi,
Dehqon oʻz yerining qadrini bildi.
Har kim oʻz mulkining sohibi boʻldi,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

Ona yurt bagʻrida tinchlik barqaror,
Oʻz tamgʻa, tugʻimiz, qonunimiz bor.
Vatan madhiyasi yangrar ulugʻvor,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

Istiqlol dillarga muhabbat berdi,
Vatanni sev dedi, sadoqat berdi,
Baxt berdi, tuganmas saodat berdi,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

El uchun, yurt uchun yonib yuraylik,
Vatanni mehrimiz bilan oʻraylik,
Goho oʻzimizdan soʻrab turaylik —
Qani, istiqlolga biz nima berdik?

Powered by OrdaSoft!