Ayo, avlodlarim, Turkim — Turonim,
Ey, mening shavkatim, sha’nim — imonim,
Sen bilan birgadir ruhi ravonim —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Sallamno aytamiz erk — istiqlolga,
Sallamno aytamiz bu istiqbolga,
Zarracha shubha yoʻq baxtu iqbolga —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Turfa agʻyorimiz armonda qoldi,
Qonli kishanlar-da zormonda qoldi,
Oltinlar, gavharlar hamyonda qoldi —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Bugun koʻksimiz togʻ, dilimiz ozod,
Bugun koʻnglimiz chogʻ, tilimiz ozod,
Bugun bagʻrimiz bogʻ, yoʻlimiz ozod —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Ey, xalqim, beminnat ona Turondan,
Bor mehring ayama, kechsang-da jondan.
Bilgil Vatan sevmoq asl imondan,
Bu ulugʻ ayyomlar muborak bulsin!

Powered by OrdaSoft!