Mustaqil boʻlganing rost boʻlsin, yurtim,
Quyoshdek kulganing rost boʻlsin, yurtim.
Dengizdek toʻlganing rost boʻlsin, yurtim,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Hazrat Navoiyning orzusi eding,
Buyuk Temur qalbin yogʻdusi eding,
Bobur dardlarining koʻzgusi eding,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Ne yovlar kelmadi bagʻring yaralab,
Boyliging tashidi bearmon talab,
Endi doʻst topamiz sinab, saralab,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Yodda saqlagaymiz oʻgʻlonlaringni,
Akmal-u, Fayzullo, Choʻlponlaringni,
Qodiriy, Fitrat-u, Usmonlaringni,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Oʻzbekmiz, sabr ila bardoshimiz bor,
Har taraf har yonda qardoshimiz bor,
Xalq sevar, haqsevar yurtboshimiz bor,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Ona Oʻzbekiston, shonim, shavkatim,
Tangri bizga bergan aziz ne’matim,
Sensan kelajagi buyuk davlatim —
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Powered by OrdaSoft!