«SADOI TURKISTON» («Turkiston ovozi») – jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy gazetasi. 1914 yil 4 apreldan 1915 yil 10 aprelga qadar Toshkentda o‘zbek tilida nashr qilingan. Gazeta Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (Xo‘jayev) tomonidan tashkil etilgan va uning muharrirligida faoliyat ko‘rsatgan. Gazeta haftada 1 marta 4 sahifada bosilgan.

Gazeta tahririyatining o‘zagini 20-asr boshidagi o‘zbek ma’rifatparvar adabiyoti va publitsistikasining yetakchi namoyandalari Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Muzaffarovlar tashkil etgan. Gazeta qiyofasini belgilaydigan asosiy maqolalarni ham shular yozishgan.

«Sadoi Turkiston» yurtparvarlik, millatparvarlik, ma’rifatparvarlik kabi olijanob g‘oyalarni izchil targ‘ib qilgan, Turkiston istiqloli va istiqbolining ma’naviy-axloqiy negizlariga daxldor muammolarni dadil ko‘tarib chiqqan. «Sadoi Turkiston» o‘sha davrdagi milliy matbuot nashrlari safida oldingi o‘rinda turadi. Gazeta faoliyati moddiy qiyinchiliklar tufayli to‘xtagan (jami 66 soni chiqqan).

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

Powered by OrdaSoft!