Xadra mahallasi Toshkentning eski shahar qismidagi qadimgi murakkab chorrahalaridan biri hisoblanadi. Shahriston bilan chegaradosh, G‘arbda Chorsu bilan bog‘langan ko‘cha, Shimolda Eskijo‘va tomonga boradigan ko‘cha, Sharq tomondan shaharni o‘rda bilan ulaydigan toshko‘cha, Janub tomon esa Beshyog‘och dahasiga olib borgan. Shuning uchun olimlar Xadra nomi Xadiroh, yani ko‘chaning eng chekkasi, tugallangan joyi sifatida (Xad-chegara, roh-ko‘cha) talqin etishgan. Saydazimboy shu mahallalik bo‘lgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda uning yerlari Qo‘ymas darvozasidan Qo‘yliqqacha yetgan. Mahallaning chorbog‘lari Ko‘kcha tarafida bo‘lgan.

Darxon – olimlarning fikricha, mo‘g‘ulcha – «darxon» — «majburiyatdan ozod qilingan» demakdir. Mahalla Pushtibog‘, Orqako‘cha, Oqmasjid kabi mahallalar bilan chegaradosh bo‘lgan. Mo‘g‘ulistonning shimolidagi shahar (1963) ham Darxon deb ataladi. Kattaligi va sanoatining ahamiyati jihatidan Ulan-Batordan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Bu nom shahrimizning 2-3 joyida uchraydi.

Balandmasjid – Oqmasjid, Devonbegi, Govkush, Qatorterak va Kattako‘cha (hozirgi A.Navoiy ko‘chasi) bilan chegaradosh bo‘lgan. Navoiy nomli ko‘chada, yaqin-yaqinlargacha o‘ymakor ustunli, shipiga jimjimador gullar solingan, 1875 yilda memor Mo‘minjon qurgan Balandmasjid qad ko‘tarib turgan. Sovetlar davrida undan dorixona sifatida foydalanilgan. Rassom D. Valejev Balandmasjid va shu jumladan, Sayid Azimboy, Karim Aziz uylarining rasmini chizgan. D. Valejev tomonidan chizilgan bu rasmlar P.Sh. Pashinaning 1868 yilda Peterburgda bosilib chiqqan «Tashkent v 1868 godu» nomli kitobidan o‘rin olgan.

Zanjirlik mahallasi Mergancha, Padarkush, Quduqboshi mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Shayxontohur arig‘idan suv ichilgan. Mahallada 5 ta masjid (eng kattasi Saidazimboy masjidi) va Eshonquli dodxoh madrasasi (madrasada 1884 yilning 19 dekabrida rus tuzem maktabi ochilgan) bo‘lgan. Mahalla aholisi Askiya mavzesida dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Hozir mahalla o‘rnida Toshkent telestudiyasi, “Yosh tomoshabinlar” teatri va Shoirlar xiyoboni joylashgan. Ma’lumotlarga ko‘ra shu yaqindagi Shayxontohur ziyoratgohiga kiraverishdagi sayil vaqtida yoqiladigan fanarlar zanjirliq bo‘lgan. Mahalla nomi shundan.

O‘qchi — Tepaqishloq, Olmazor, Mergancha mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Tuproqqo‘rg‘on qal’asiga tutashgan. Mahalla hududida Qo‘ymas darvozasi bo‘lgan. Akmal Ikromov shu mahallada yashagan. Qadimda Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy tarmog‘i Binkat orqali o‘tib, xalqaro savdo va hunarmandchilikning rivojlanishida muhim o‘rin tutgan. Ayniqsa, Binkatda yasalgan o‘q-yoy butun sharqda «Kamoni Shoshiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Uzoqqa otiladigan va nishonga bexato uradigan kamonlar sharq adiblari asarlarida ta’riflangan. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Bobir «Bobirnoma» nomli asarida “Toshkentda kamon va kamon o‘qi yasaydigan ustalarning mahorati butun viloyatga tarqalgan. Ular patli va patsiz kamon o‘qlarini yasaganlar” — deb yozadi. O‘sha vaqtlarda kamon va uning o‘qini yasash mahorati juda taqdirlangan. 1797 yil ma’lumotlariga qaraganda Toshkentda shahar hokimi Yunusxo‘ja hisobidan maosh olgan 2000 ga yaqin doimiy askar bo‘lgan. Ular o‘q-yoy, pilta miltiq, qilich va qalqon bilan qurollangan maxsus bo‘linmalardan tuzilgan. Yunusxo‘ja ko‘shinlarida 20 ga yaqin to‘p bo‘lgan. O‘qlar asosan Toshkentning o‘zida, O‘qchi mahallasida qo‘yilgan.

Mahallada «Telov» nomli berk ko‘cha hozir ham saqlangan. Telov – qurama toifasining 5 ta urug‘idan biri.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

Powered by OrdaSoft!