Navqiron avlodni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalashda kitobning o'rni va ahamiyatini yanada kengaytirish maqsadida "Adabiyotga e'tibor — ma'naviyatga, kelajakka e'tibor" shiori ostida o'tgan respublika "Kitob bayrami" yurtimizning boshqa hududlarida bo'lgani kabi vohamiz yoshlarini ham qamrab oldi. Viloyat hokimligi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi, Yozuvchilar uyushmasi hududiy bo'limlari hamda boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan Buxoro davlat universitetida o'tkazilgan ushbu tadbirda taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat namoyandalari, shuningdek, maktab, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o'quvchilari va talabalar ishtirok etishdi.

Bayramning ochilish marosimida Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari, shoir Shodmon Sulaymon so'zga chiqib, uch yildan buyon butun mamlakatimiz bo'ylab keng sur'atda o'tkazib kelinayotgan bunday ayyomning kelajagimiz egalari orasida ma'naviyat targ'ibotini yuksak darajada olib borish, ularni ona Vatanga, xalqimizga, milliy o'zligimizga sadoqat ruhida kamol toptirish, o'g'il-qizlarni ilm-fanga, badiiy adabiyotga oshno qilishdagi beqiyos ahamiyati xususida o'z mulohazalarini o'rtoq¬lashdi. Shundan so'ng kitob ko'rgazmasi hamda savdosi doirasida yoshlar respublikamizning nufuzli ¬nashriyotlarida yangi chop etilgan badiiy, ilmiy, ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy va boshqa yo'nalishdagi adabiyotlar bilan yaqindan tanishishdi.

— Qo'limdagi mana bu ikki kitob ulug' adibimiz Abdulla Qodiriy qalamiga mansub "O'tkan kunlar" hamda "Mehrobdan chayon" romanlarining eng yangi nashrlari, — deydi Buxoro tibbiyot kolleji o'quvchisi Zahro Qurbonova. — Eng sara ma'naviy xazinalarimiz sirasiga kiruvchi ushbu asarlar ilgari ham ko'p bora chop qilingan esa-da, ularni turlicha ko'rinishdagi kitoblar holida kitobxonlarga qayta-qayta taqdim etishga bo'lgan ehtiyoj sira pasaygan emas. Umuman olganda, bunday tadbirlarning tez-tez o'tkazilayotgani davlatimiz tomonidan biz, yoshlarga berilayotgan e'tibor, ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning bir namunasi deb o'ylayman.

Bayram mobaynida Buxoro adabiy harakatchiligining ko'zga ko'ringan vakillari bilan uchrashuv ham bo'lib o'tdi. Unda viloyatimizda yashab, faol ijod qilayotgan yozuvchi, shoir, dramaturglar so'z olib, insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri sanalgan kitobning bashariyat tamaddunida tutgan o'rni hamda uning jahon bo'ylab o'ta murakkab jarayonlar kechayotgan ho¬zirgi kunimizda kasb etayotgan ahamiyati borasida to'xtalib o'tishdi.

— Butun dunyoda hech qanday qurol-yaroqsiz, faqatgina buzg'unchi g'oyalar yordamida inson ma'naviyati, o'zligini g'orat qilishga, "olomon madaniyati" vositasida kishilarni ma'¬naviy halokatga etak¬lashga urinishlar g'oyatda ¬xavfli tus olgan bir paytda yurtimizda mana bunday ¬madaniy-ma'rifiy ayyomlarning keng miqyosda tashkil etilayotgani ¬be¬jiz emas, — deydi taniqli yozuvchi Abdunabi Hamro. — Chunki Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, fikrga qarshi fikr, g'oyaga qarshi g'oya, jaholatga qarshi faqat ma'rifat bilan kurashish mumkin. "Kitob bayrami" doirasida, ¬shuningdek, "Tengdosh — tengdoshga", "Mening birinchi kitobim" singari loyihalar ham o'tkazildi. Ularda yosh qalamkashlar o'z ijod namunalarini yig'ilganlar e'tiboriga havola etishdi.

Rustam IBRAGIMOV, "Buxoronoma" muxbiri.

Powered by OrdaSoft!