Og'amiz Temur Xo'jao'g'li kuni kecha "Alisher Navoiy kimdir?" deya savolni o'rtaga chiqarib,shunday yozdilar: "O'zbekistonda Alisher Navoiyni "o'zbek shoiri" deb taniydilar. O'zbeklarning Navoiy o'zlariniki deb deb bilishlarida yanglishlik yo'q,to'g'ridir. Ammo, Alisher Navoiyni "o'zbek shoiri" deb bilishlari yanglishdir.
Chunki Navoiy 15 asrda,o'zining aytishicha, "Turk" edi va "Turk shoiri" edi. 1920 yilga qadar Turkistonda O'zbek milliy kimligi tushunchasi yo'q edi, biroq O'zbek milliy kimligi tushunchasi sovet davrida yaratildi. 1924 yildan so'ngra o'zlarini O'zbek deb bilgan bugungi O'zbeklar shak-shubhasiz tozaqonli Turkdirlar!"

So'nggi bir necha kun ichida menga Temur og'aning yozmishlariga o'z munosabatimni bildirishni so'rab, O'zbekiston va chet elda yashovchi feysbukdagi davradoshlarim, xususan afg'onistonlik o'zbek birodarlarim ketma-ket murojaat qildilar. Shu sababdan men o'zimning sub'ektiv fikrlarimni bildirib o'tishni ma'qul topdim.
Aytishim lozimki,hozir, bu yozuvlarga kirishishdan oldin, bor-yo'g'i bir kun oldin (hali Temur og'aning yozmishlaridan bexabarligimda) Ozarbayjonning yangi chiqajak "Kitobchi" nashri tomonidan berilgan savollarga javob yozarkanman, "Siz uchun a'anaviylikning asosi nima?" degan savolga " Men uchun a'anaviylikning zamini, eng avvalo, turkiy tilim va xalqim ruhining bir qismi bo'lmish yuragimdir" deb javob yozganimni esladim.

Temur og'a shaxsan men uchun oydin bo'lgan haqiqatni yozgan. Haqiqatan ham, 15 asrda "O'zbek" milliy kimligi tushunchasi bo'lmagan va ulug' bobomiz, aynan o'zlarining aytishlaricha, "Turk" edilar,"Turk shoiri" edilar. Ammo, menimcha, "Alisher Navoiy o'zbek shoiri emas" yoki "Alisher Navoiyni o'zbek shoiri deyish yanglishdir" deyishning o'zi ham yanglishdir.

Bugun nafaqat o'zbeklar, qardosh turkmanlar "Alisher Navoiy turkman shoiridir",qardosh uyg'urlar "Alisher Navoiy uyg'urdir" deb yozadilar. Alisher Navoiyning turkiy shoir ekanligi oydin haqiqat bo'lsa, o'zbeklar, uyg'urlar, turkmanlarning da'volarida ham ma'lum haqiqat borligini rad etib bo'lmaydi.

Hali internet tizimi endi O'zbekistonga kirib kelib, men ham bu oqimga qo'shilganimda, koshg'arlik bir qardoshimiz "Navoiy uyg'ur bo'lsa, nega siz o'zbeklar uni o'zbek shoiri deysizlar?" deb menga savol bergani hanuz yodimda turibdi. O'shanda men "Navoiy bobomiz o'zbeknikiyam, uyg'urnikiyam, ammo, u eng avvalo, uni o'qigan, uni targ'ibu tadqiq qilgannikidir. Bu masalada esa Navoiy meniki degan biron bir xalq o'zbekchalik katta va unumli ishlar qilmaganligi rad etib bo'lmas haqiqatdir", deb javob bergan edim.

Ustoz Erkin Vohidov ham "Nizomiy turkmi, forsmi?" degan savolga "Hazrat Nizomiy qaysi xalqda ko'proq o'qilsa, o'sha xalqnikidir" deb javob berganini eslayman.

Ayni shu sababdan, biz, o'zbeklar, mutafakkir bobomiz so'ziga amal qilib, "Alisher Navoiy "Turk" edi va "Turk shoiri" edi" deyishga ham, bugungi yuzaga kelgan tarixiy vaziyatga binoan "Alisher Navoiy "O'zbek"dir va "O'zbek shoiri"dir" deyishga ham haqlimiz va bu aslo yanglish emasdir. Yanglishligi men yoki Temur Xo'jao'g'liga nechog'li ayon bo'lmasin, ko'p millionli o'zbek xalqi shunday deyishi yanglish emasdir. Zero, bu xalqning asosiy qismi men yoki Temur Xo'jao'g'li bilgan
gapdan bexabar, u "turk" deganda eng vvvalo, Turkiyaliklarni nazarda tutishini hisobga olmasdan ilojimiz yo'q.

Qolaversa, bugun kunda "Turk" nomi bilan atalgan, o'zini turk deb bilguvchi Turkiyalik qardoshlarimiz (ziyolilarni hisobga olmasak) hali o'zbek, qozoq, xakas, tatar va h.k. xalqlarini turk deb bilishi uchun yetti qovun pishig'i bor. Hali 20 yillarda Mustafo Cho'qay Turkiyada bo'lib, "bu yerdagilar Turkistonda yashovchi xalqlar ham ular tilida gapishini mutlaqo bilmaydi" deb yozganini eslasak, hali bu masala kun tartibida turgani ayon bo'ladi.

Turkiya bugungi kunda Turkiy olamning ham iqtisodiy, ham harbiy, ham siyosiy jihatdan eng kuchli mamlakatidir. Turklik g'oyasi Turkiyada kuchlidir, ammo mamlakatda mavjud g'oyalarning oldida emas, keyinidadir.

Bugungi dunyo oldingi asrlardagidek, ma'rifiy g'oya sarhadi emas, bugungi dunyo faqat va faqat biznes va manfaatlar muhorabasi hokim beshafqat olamdir. Bir ota-onadan tug'ilgan aka-uka biznes olamiga kirishi bilan, eng avvalo, faqat o'z manfaatini o'ylaganidek, omadli akaning kasod ukasini emas, o'z bolasini o'ylashi tabiiy bo'lganidek, Turk birligi degan shiorga qanchalik sadoqatli bo'lmasin, Turkiya birlamchi o'z manfaatini ko'zlaydi. Va bu mavjud sharoitda tabiiydir.

Butun G'arb dunyosi bir paytlar Turk birligini rad etib, uni siyosiy ayblov darajasiga ko'targani oqibatida bu g'oya turkiy xalqlarning bir hovuch (menga o'xshagan) ziyolisining zarurati darajasida qolib ketganini tan olmay ilojimiz yo'q.

Vaqtu soati kelib, 1924 yilda sodir bo'lgan xato tuzatilsa, O'zbekiston nomi Turkiston nomiga aylansa, yana yarim asr kechib, o'zbeklar yalpi ravishda o'zini turk, turkiy, turkistonli deb his eta boshlasa, Alisher Navoiyning kimligi va kimga mansubligi masalasi o'z-o'zidan yechiladi. Bu gaplarni yozish bilan bugun biron bir o'zbek "Alisher Navoiy "Turk" edi va "Turk shoiri" edi" deb aytmasin demoqchi emasman.

Xullas, Temur og'aning fikri ayni haqiqatdir, ammo, bu haqiqat yonida mavjud kunimizning haqiqatlari ham borligini unutmasligmiz kerak . Demak, yana takrorlayman, ulug' bobomiz, aynan o'zlarining aytganlaridek, "Turk" edilar,"Turk shoiri" edilar" deganda ham, shuning barobarida "Alisher Navoiy o'zbekdir va o'zbek shoiridir" deganda ham haqlimiz.

 Türkçesi

Powered by OrdaSoft!