1

Birinchi sentyabr
Bir ming to‘qqiz yuz
to‘qson birinchi yil! O, qutlug‘ sana!
Zulm parchalandi!
Buzildi qafas!
Samoviy ozodlik qildi tantana!
Titradi yovuz kuch!
Qaqshar beomon!
Asriy asoratlar topdi-ku zavol!
Jahon maydonida –
hur O‘zbekiston!
O, Temuriy millat! Sizniki halol!
Jon-jondan tuydim men Tangrim mehrini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!

2

Shodlikka to‘l, Vatan,
Shodlikka burkan,
Hayot, Erkinlikning quvonchlarin tot!
Sen ham tiriklikning
aslini o‘rgan,
Asrlar alamli jandalarin ot!
O, ilohiy kun! kun!
O, ilohiy sas!
Istiqlol – Istiqbol qilindi e’lon!
Osmon gumburladi,
Chaqmoq chaqdi, bas,
Bir zum qalqib tushdi xalq va olomon!
Men bu kun eslayman so‘zlar sehrini,
Xalqim oldi abad hurlik muhrini!

3

Qattol Imperiya,
Mustabid tuzum,
Qonlarga qorishgan manfur siyosat,
Saqlab qolmoq uchun
zaminda o‘zin
Bo‘htonlar yog‘dirdi qavatma-qavat.
Boshi yanchilmagan
mafkura – ilon,
Dunyoni buzgudek jon talvasasi,
Dahshatli qiyofa
kasb etdi, inon,
Har dam tayyor edi kunda, boltasi.
Ogoh bo‘l, yodda tut makkor makrini,
Xalqim oldi abad hurlik muhrini!

4

Qancha tubanlashgan
ersa zalolat,
Shuncha yaqin kelgay qiyomat qoyim.
Seni sharaflayman
buyuk jasorat,
Sen mening shavkatim, sen mening orim!
Odamzod qalbini
tark etsang agar,
Olamni bosardi do‘zaxiy anduh.
Bema’no yashardi
zaminda bashar,
Mangu sharaf senga, ey xaloskor Ruh!
Payg‘ambar ham qilgan uning zikrini,
Xalqim oldi abad hurlik muhrini!

5

O, Turon yerlari,
O, Turon ellar,
Ne salaf urhosin eshitmagansiz.
Bugun uchib keldi
siz kutgan yellar,
Hech qachon bu qadar entikmagansiz.
Onamiz To‘maris,
Otamiz Shiroq
Non tutib turibdi yengliklarida.
Ozodlik yagona,
Ozodlik – bayroq
Ulkan Osiyoning kengliklarida!
Bugun alqagaymiz erka ruhini,
Xalqim oldi abad hurlik muhrini!

6

Yurt qadrin so‘ragil
musofirlardan,
Erkinlik qadrini qullardan so‘ra.
Sulton suyagi xor,
ha, kofirlardan,
Jaloliddin – sherdil, erlardan so‘ra!
Ajdodlar yo‘lidir –
Istiqlol yo‘li,
Ular kalimasi bizga madadkor.
Sohibqiron turar
gullar o‘ng-so‘li,
Surati – siyrati ulug‘vor poydor!
O‘zbekyurt kuylaydi shonu madhini
Xalqim oldi abad hurlik muhrini!

7

Vatan, tarixingda
Turkiston bo‘lib
Ne buyuk Davlatlar qurib yashading.
Sarhadsiz sarhadlar
dengizday to‘lib,
Ne-ne saltanatlar evrib yashnading!
Mening pirim erur
Qul Hoja Ahmad,
Ona tilim asli «Hikmat» tilidir.
Navoiy – Allohdan
berilgan Davlat –
Millatim komili, millat piridir!
O, bugun tinglayman pirlar shukrini,
Xalqim oldi abad hurlik muhrini!

8

Tugadi yo‘lsizlik,
Qaytdi shon-shavkat,
Ipak yo‘llarida muazzam karvon,
O, qaytdi Qur’onim –
ilohiy qudrat,
Qaytdi Farg‘oniylar – fozili jahon.
Gulchambar, olqishga
doxil, muyassar,
O, o‘zbek dehqoni, o, tillo bobo,
O‘tib ketibdi-ku bir yarim asr,
o‘zi o‘z yeriga qaytgunicha to!

Unutib bo‘lgaymi yovlar qahrini,
Xalqim oldi abad hurlik muhrini!

9

Men fikr uqaman
olis yuzlardan.
Dil-dilim Tangrimning makoni erur.
Shahidlar maydoni,
kezdim izlardan,
Qodiriy, Cho‘lponlar ko‘zlarida nur.
Ularning qalami
qolmadi yerda,
Yo‘q, ular sozlari qolmadi g‘arib.
Kuyladi qasoskor
hur ohanglarda
Ulkan minbarlarda Abdulla Orif!
O‘paman yurtimning tuproq, tug‘ini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!

10

Bugun qurilmoqda
buyuk Imorat,
Buyuk bunyodkorga mangu tashakkur!
Ulug‘ maydon uzra
minbarda azot
Millatim sardori so‘zlaydi mag‘rur!
Undan minnatdordir
Do‘st, qardosh, ajdod.
Haq Xalqni bosh qildi hokimiyatga.
Uni sharaflaydi
Kelajak avlod,
U mangu daxldor Abadiyatga!
O, Alloh! Qaytarding Yurt Temurini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!

11

Kecha guvoh edim
Zulm-zulmatga,
Ko‘rganim yurt zorin, xorin: guvohman.
Bugun guvohdirman
Toju taxt – baxtga,
Ogohlar ichida men ham ogohman!
Azim Suyun, totdim,
Hurlik totini,
Ha, baxtli shoirman, baxti yor inson –
Ko‘rdim Imperiya
halokatini,
Kelar zamonlarga qilurman ayon!
Bitdim avlodlarga qalbim qo‘rini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini