Ey do’st!
So’nma orzum, tushmagil terga,
Zil umrimni yetaklagil ahd.
Boshin egib qo’ysa ham yerga,
Faqat ko’kka ko’karar daraxt.

***
Ey do’st!
Yuzing qani sening? Yuzing yo’q.
So’zing qani sening? So’zing yo’q.
Yuzing ham, so’zing ham bo’lardi, ammo,
O’zing qani sening? O’zing yo’q!

***
Ey do’st!
Ne uchun ortimdan uzmaysan qadam,
Uzun-qisqa ko’lka singari mudom.
Qo’y, taniyman sening ikki yuzingni,
Tilining tagida tili bor odam!

***
Ey do’st!
Odamni odam odam qiladi,
Olamni odam olam qiladi.
Odamni olam ado qilmagay,
Odamni odam ado qiladi.

***
Ey dos’t!
Bir boqmas bu gulro’, har kun shu sazo,
Qaysi bir gunohim uchun bu jazo?
To’yarmi oshiqlar xilxonasi, ayt,
Tag’in bir oshiqqa yetsa gar qazo?

***
Ey do’st!
O’n to’rt kunlik oyni osmonda uchratdim,
Unga yetmoq orzu, ummonda uchratdim.
Visol debon o’zni otdim quchog’iga,
Har yon sochildi u, har yonda uchratdim.

***
Ey do’st!
Bir qoshiq tuzdirman, taom bo’lmasman,
Bir jonga arzirli in’om bo’lmasman.
Lekin yor taomi mensiz bo’lmagay,
Pok dasturxonida tamom bo’lmasman.

***
Ey do’st!
Ul sanam qoshida hushdan ayrildik,
Jodulandik, tillo qushdan ayrildik.
Bir jilva qilibon uyaldi – ketdi,
Kuppa-kunduz kun quyoshdan ayrildik.

***
Ey do’st!
Oshiqlik degani ko’p qiziq bozor,
Unda hamma bir-biriga intizor.
O’rtada suvlar oqar aylanch-aylanch,
Sotguvchi, olguvchi – birdek xaridor.

***
Ey do’st!
Ovchiga so’zlaydi jonzotlar izi,
Munajjimga so’zlar tunlar yulduzi.
Ne so’zlar ekan deb og’zin poylama, - 
Bu jononning menga so’zlaydi ko’zi.

***
Ey do’st!
Bog’supada uxlab qolibdi bir qiz,
Yoyilib oqibdi – sochlar jamalak.
Hayratdan tek qotdim: g’uncha labiga
Qo’nib bo’sa olar bitta kapalak.

***
Ey do’st!
Garchi liboslari oddiy va odmi,
Orasta ayollar suyumli, dilbar.
Nilufar qavmidan ularning qavmi –
Jo’n bir hovuzda ham gul-gul nilufar.

***
Ey do’st!
Ayol qalbi cheksiz sirlar ummoni,
Tugal bilmoq nasib bo’lmagay oni.
Goho dur axtarsang, tosh bo’lib chiqar,
Tosh kutganingda dur tutar joni.

***
Ey do’st!
Ot kimniki – minganniki,
To’n kimniki – kiyganniki.
Olgan – olganniki emas,
Qiz kimniki – suyganniki.

***
Ey do’st!
Bu na jondir, kuzda izlar bahorini,
Bahorida tiramoh tongotarini.
Hushvaqtlikda suhbat qurar hushtor bilan,
Bemorlikda izlab qolar o’z yorini.

***
Ey do’st!
Ko’z berding, olamning ko’rdim suratin,
Aql ato etding, ochdim siyratin.
Til berding va lekin u shuncha ojiz –
Sharhi yo’qdir hamon ko’ngil hayratin!

***
Ey do’st!
Mehringni ber bugun g’uncha, kurtakka,
Ertaga muhabbat bo’lib qaytadi.
Haq so’zing ayt bugun murg’ak go’dakka,
U ham ertan senga haq so’z aytadi.

***
Ey do’st!
Yashasin adolat – azaliy daraxt!
Yashnasin adolat – abadiy daraxt!
Kimdir beshik yasar go’dakka undan!
Kimdir undan yasar jallodga kunda!

***
Ey do’st!
Bir xursand qilay deb o’z egasini
Soat ildamlatdi yurish tusini.
O, buni ko’rdiyu titradi jon-tan, -
Dedi: “Vaqt insonga yagona dushman!”

***
Ey do’st!
Uchmoq, parvoz qilmoq – ilohiy ne’mat,
Alloh qudrat bersa, uchgaydir namat.
Parvozdan voz kechdi tuyaqush – yalqov,
Alaloqibatda duch kelganga – ov.

***
Ey do’st!
Na sir qoldi Osmon ichinda,
Na sir qoldi Ummon ichinda.
Va lekin moziydan tinglaganim bor:
“Barcha sirlar erur Inson ichinda!”

***
Ey do’st!
Bir daraxtda turli qushlar oshyoni,
Bir tog’da jonzotlar alvon-alvoni.
Qasd bilan yashaydir buncha odamzot,
Garchi bor har kimning rizqi, makoni.

***
Ey do’st!
Ko’zlari tillodan, tirnoqlar tillo,
Sulton saroyida yashar bir tulki.
Yemaklar tillodir, yaloqlar tillo,
Lekin tovuq poylab el-yurtga kulki.

***
Ey do’st!
Odamzot chidamas issiq, sovuqqa,
Gap topib yurgaydir yiroq-yovuqqa.
Ko’kdagi burgutni tutmoq bo’lar goh,
Don bera olmay goh yerda tovuqqa.

***
Ey do’st!
Cheksiz-chegarasiz koinot aro
Uchib yurar sonsiz daydi sayyora.
Yerga urilmoqdan saqlar-ku Alloh,
Odam balosidan saqlarmi ammo?

***
Ey do’st!
Kafolat bermayman, rostdir yo yolg’on,
Bu gapni aytgandi bir dashtlik cho’pon.
Bir ovchi qiziga ilon uylanmish,
Mehmon bo’lib ketar emish har zamon.

***
Ey do’st!
Miqqiqushga sichqon qoldi chuv tushib,
Va nima deydi de, bu sichqon faqir:
- Meni qo’y, qorningni yuborgum teshib,
Devorlarni teshib yurganman axir.

***
Ey do’st!
Uyquchi ukkiqush rangin dunyoni
Faqat oq va qora rangda ko’rgaydir.
Va hatto patlarin tusi – jiloni
Qalbi ko’r kimsadek bilmay o’lgaydir.

***
Ey do’st!
G’alat qush – dunyoning bir chekkasida,
Don-dunlar to’ladir gir chekkasida.
Lekin o’z axlatin yashaydir titib,
Nimadir axtarib, nimadir kutib.

***
Ey do’st!
Ne jonzot mavjudkim katta o’rmonda,
Bir-birini poylar, ovlar har onda.
Bu holni kuzatib, o’ylab qoldim men – 
Ovchi bo’lmagan zot bormi jahonda?!

***
Ey do’st!
Jahon sahnasin tab’ rangga bo’yarlar,
Insonmi, zamonmi kular, kuyarlar.
O’qidim, ko’rdim: ne ulug’larni
Avval o’ldirarlar, keyin suyarlar.

***
Ey do’st!
Bu olam, bilgilki, bir xonadondir,
Dini yor yo dinsiz – bari bir jondir.
Bunda mezbon yo’qdir, zafarbardor yo’q,
Bari bir-biriga mag’lub mehmondir.

***
Ey do’st!
Bu osmon, kattakon mozor bu osmon,
Bu ummon, kattakon mozor bu ummon.
Qabrlar ularda do’ng bo’lib turmas,
Azaliy qabriston, abad qabriston.

***
Ey do’st!
Abadiy muzliklar qa’rida – asror,
Balki mamlakatlar, shaharlar poydor.
Inson – fikri jumboq. Bilmaysan aslo,
Men o’zim aytmasam, qalbimda ne bor!

***
Ey do’st!
Chayonni qaragil, ko’rkli, nozikdir,
Ushla, tomosha qil, juda qiziqdir.
Mamont ajdodidan ajdodi qadim,
Lekin tuzalmagay – fe’li buzuqdir.

***
Ey do’st!
Bu olam tilsimdir, odamzod tilsim,
Ular sirin ochmoq bo’ladi har kim.
So’nggi darvozaga yetganda, biroq,
Umri tugar, tag’in barchasi jumboq.

***
Ey do’st!
Teng yarmi tuproqqa ko’milgan oq Tosh, -
Yonidan o’tardim, so’z qotdi yuvosh:
- Tangri yarlaqagur, duo o’qib o’t,
Ostimda ajdoding, men-chi, qabrtosh.

***
Ey do’st!
Menga der sayyoh do’st: “Ha, kengdir olam,
Lekin bor har joyda taqdir yozig’i.
Qurbaqa ilonga eng totli taom,
Ilondir laylakning shirin ozig’i.”

***
Ey do’st!
Alam bilan g’ozga dedi qurbaqa:
- Baliq bo’lolmaysan suvda suzsang ham,
Qirg’iy bo’lolmaysan ko’kda uchsang ham,
Yerda esa mendek yirtasan yoqa!

***
Ey do’st!
Qulog’im kar erur, ko’zlarim – bedor,
Tog’dami, sahroda – bo’ri bo’ridir.
O, kimki u kabi bo’lsa hukmdor,
Bitta suruv emas, el-yurt sho’ridir.

***
Ey do’st!
Yovni kam ko’rmagil, sust ko’rma uni,
Boshingga yetmog’i mumkin bir kuni.
Sahroda ko’rdimki, mitti qoraqurt
Tuproq tishlatibdi katta yilqini.

***
Ey do’st!
“Qoplon o’ldirganman...” – menga bir ovchi
Yosh paytim maqtanib qilgandi bayon.
Kecha xabar aytdi bitta yo’lovchi:
Chaqib o’ldiribdi uni bir chayon.

***
Ey do’st!
Bir qush uchib kirdi xonamga o’zi,
So’ng zarbdan qizardi deraza yuzi.
Nahotki sig’madi bepoyon ko’kka,
Jon berdi kulbamda kuppa-kunduzi.

***
Ey do’st!
Men bir gap eshitdim dashtlik tulkidan,
O’zimni tiyolmay qoldim kulkidan:
“Tovuq zoti borki, meniki erur,
Itingiz quvlaydi nechun mulkimdan?”

***
Ey do’st!
Qo’llaringda bir cho’p ko’rdim bir kuni,
Chayonlar iniga tiqding sen uni.
Cho’p holing tasavvur qildim men g’arib,
Cho’pday o’ynatmog’ing mumkin-ku meni.

***
Ey do’st!
Qalqon bo’lay deya qo’ylar umriga
Qopqon qo’ygan edim bitta bo’riga,
Bu falak dastidan kimga aylay dod,
Bir kiyik tushibdi bo’ri o’rniga.

***
Ey do’st!
Tomchiman, daryo bilan oqmoqdaman,
Yulduzman, ko’k toqidan boqmoqdaman.
Bordirman o’n sakkiz ming olam ichra,
Odam ichra, shodlik ichra, g’am ichra.

***
Ey do’st!
Otash qum ummoni – Sahroi Kabir,
Kunduz tuxum pishar, tunda muzlar u.
Ayol muhabbati shu o’t kabidir:
Pishirar, muzlatar – sir erur mangu.

***
Ey do’st!
Birinchi amalim – sabr-qanoat,
Ikkinchi amalim – harakat, g’ayrat.
To’tiqush emasman Olam qasrida,
Hayotim asosi – tafakkur, ibrat!

***
Ey do’st!
Mardikor bozorga bordim. Qanaqa?
Bir jigit qoshimga keldi. Shunaqa!
Bahoying qancha deb so’ragan edim,
Odamning bahosi, dedi, bir chaqa!

***
Ey do’st!
Dev kabi bahodir bo’lsayu xoqon,
Donolik mulkidan bo’lsa mosuvo,
Demak, vayrona u taxt tutgan makon,
Demak, pishiribdi bo’yrachi halvo.

***
Ey do’st!
Qabriston yonidan o’tar edik jim,
Nogahon tabassum qildi sherigim.
Dedi, go’ristonga qilib ishora:
“Uning to’lganligin ko’rganmi hech kim?”

***
Ey do’st!
So’z so’zga so’zsizsan, dedi,
Ko’z ko’zga ko’zsizsan, dedi.
Tuzdondan bir shivir eshitdim:
Tuz tuzga tuzsizsan, dedi.

***
Ey do’st!
It aytmish, shu qishdan chiqsam gar omon,
Yozda suyaklardan quraman makon.
Yoz kelar, makon yo’q, o’tib ketar yoz,
Qish kelar, bizning it matal aytar boz.

***
Ey do’st!
Do’st! Har kim yashab o’tar o’zin umrini,
Benuqson do’st axtarma, topmaysan uni.
Bog’imda daraxtlarim ko’p erur, aytsam,
Birin hosili mo’l, biriniki kam.

***
Ey do’st!
Bu yo’l oxirida saodat bormi?
Bu yo’l oxirida sadoqat bormi?
Barcha tushib olgan shu bitta yo’lga,
Bu yo’l oxirida adolat bormi?

***
Ey do’st!
Daryolar zaminga tushar osmondan,
Va qaytar osmonga ko’lu ummondan.
Men asli senman-ku, sen esa mensan,
Izlamoq joizmi tog’u yobondan?

***
Ey do’st!
Nurtog’da yashardi yetim qiz yolg’iz,
Kashta tikar edi sehrli, tengsiz.
Kamalakrang ilon ustozi ekan,
Unga erga tegmish shu kashtachi qiz.

***
Ey do’st!
Shar ustida qumursqa yurar aylanib,
Qulab tushmas, qandaydir yurar boylanib.
Yo’lin na boshi bor, na oxiri bor,
Beqaror mangulik, barqaror asror.

***
Sigir o’tlab yurar yashil o’tloqda,
Odam Ato boqqan bu sigirni.
Sigir kavsh qaytarib yotar yotoqda,
Momo Havo soqqan bu sigirni.

***
Ey do’st!
Jon bermish bir iffatli juvon,
Yechintirmish yuvg’uvchi otin.
O, bir zum murdaga qaytmish jon,
Qo’li bilan yopmish avrotin.

***
Ey do’st!
Cho’pon qizni sevardi cho’pon yigit – dov,
Va bir ayiq ham sevmish cho’pon qizini.
Qiz ayiqni sevmish, qochdi toqqa ikkov,
Yigit qizni o’ldirdi, ayiq – o’zini.

***
Ey do’st!
Sulton gado bo’ldi, gado boy bo’ldi,
Baland cho’qqi qulab, bir gum – soy bo’ldi.
Boshingni chayqama tushunmadim deb,
Bahri ummon qurib, sahrojoy bo’ldi.

***
Ey do’st!
Uchmoq uchun qanot kerak, qanot kerak,
Qanot kerak, lekin uni qoqmoq kerak.
Qoqmoq kerak osmonlarni quchmoq uchun,
Quchmoq uchun sabot kerak, sabot kerak.

***
Ey do’st!
Yoz ochiq kunlari. Doira yasab
Burgut parvoz qilar o’z odaticha.
Uni tutmoqlikni orzulab, istab,
Soyasini quvlab yurar bir laycha.

***
Ey do’st!
Men kim, qanotiga ishongan qushman,
Aqli – g’olibdirman, aqli – behushman.
Uzoq yashamadim, lekin ko’p ko’rdim:
Oldimdagi do’stim, ortimda dushman.

***
Ey dos’t!
Tumon. Tumoning bilan nima ishim bor.
Bo’ron. Bo’roning bilan nima ishim bor.
Abadiyat yo’lidaman, adashdimmi?..
Zamon. Zamoning bilan nima ishim bor.

***
Ey do’st!
Tog’lar bo’ronida qolganman omon,
Sahro bo’ronidan chiqqanman eson.
Meni qo’rqitmagin dengiz bo’roni,
Odam bo’ronidan qo’rqaman yomon!

***
Ey do’st!
Cho’qqining cho’qqisi erur – nayzatosh,
Darakchiqush unga qo’nib turibdi.
Poyida baqirdim: - Ne yangilik, xo’sh?
U dedi: - Bu yerda ko’knor unibdi.

***
Ey do’st!
G’ayb begonadir, ilm – begona,
O’zicha “oh” urdi bir cho’pon bola:
“Kimga suyanayin?...” Bir nido keldi:
- Tayog’ingga suyan, hoy, sulton bola!

***
Ey do’st!
Bugun halok bo’lgan tanish bu inson,
Kecha to’yda edi men-la yonma-yon.
U menga degandi: - Menda yo’q kam-ko’st,
Qiyomat qo’pguncha to’y bergum, inon.

***
Ey do’st!
Tarix menga tunda sir ochdi butkul:
Siyosatdan xoli emas hatto gul.
Sen shoir, o’zingcha qochmoq bo’lasan,
Qazong ham siyosat, buguning tugul.

***
Ey dos’t!
Vatan haqda yozsam, maddoh, dedilar,
Millat haqda yozsam, “qah-qah” urdilar.
Haq, adolat haqida achchiq yozdim,
Dushman bu, dedilar, gumroh, dedilar.

***
Ey do’st!
Boy qashshoqqa dedi baqirib:
- Butkul ko’zlarimdan yo’qol, hoy!
Qashshoq ming’irladi keta turib:
- Bizni yo’qotib bo’lmaydi, Boy.

***
Ey do’st!
Azim Suyun murodi nasihat emas,
Inson qalb ko’ziga ko’zgu tutar, bas.
To’ti o’z tovushi qizig’in bilgay,
Lekin egri tumshug’in ko’rmas.